O‘zbekiston | 22:09 / 27.10.2020
51517
9 daqiqa o‘qiladi

«Din dushmanlari fitnasiga zamin yaratmaylik» – O‘zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar bo‘yicha munosabat bildirdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fransiyada Payg‘ambar alayhissalomga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatilishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda boshlangan bahs-munozaralar va ixtilofli holat yuzasidan munosabat bildirdi.

«Butun dunyoda Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan Rabi'ul avval oyi boshlandi. Jome masjidlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlari tarannum etilmoqda, qorilarning Qur'on tilovatlari-yu nashidalari yangramoqda va mavlidi shariflar o‘qilmoqda. Bunday fayziyob kunlar musulmon ummatiga katta quvonch bag‘ishlamoqda...

Ayni shu kunlarda ayrim bosma nashrlarda, turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoq safihalarida Payg‘ambar alayhissalomga nisbatan nomunosib, haqoratomuz karikatura chop etilishi va uning ortidan kelib chiqqan turli ko‘ngilsiz holatlar ayrim bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar hamda noto‘g‘ri xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda.

O‘z navbatida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mo‘min-musulmonlarning hissiyotini qo‘zg‘ash, fitna chiqarish va diniy qadriyatlar, muqaddasotlarga nisbatan haqoratni ifodalovchi har qanday holatni jiddiy qoralashi hamda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sha'nlari mo‘min-musulmonlar uchun eng oliy qadriyat ekanini qat'iy ta'kidlaydi», deyiladi idoraning «Hissiyot bilan emas, tafakkur ila ish tutaylik!» deya nomlangan munosabatida.

Shuningdek, bu kabi munosabatlar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro totuvlikni buzishga qaratilgan fitna hamda odamlarning diniy e'tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoqosti qilish, millatlararo va dinlararo adovat uyg‘otish, deb baholangan.

«Ta'kidlash kerakki, kim bo‘lishidan qat'i nazar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni har qancha kamsitishga urinmasin yoki musulmonlar yo Islom diniga tosh otmasin bu bilan dinimizga yoki musulmonlarga zarracha ham ziyon yetkaza olmaydi.

Kezi kelganda aytib o‘tamizki, ushbu holatga nisbatan yurtdoshlarimiz turli munosabat bildirayotganlarini kuzatyapmiz. Bu holatdan ularning imon-e'tiqodlari jo‘sh urgani, o‘y-kechinmalari tinchlik bermayotgani va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlari tug‘yon qilayotganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Endi bir faraz qilib ko‘raylik, mana shunday holatga Nabiy alayhissalom qanday yo‘l tutar edilar?.. Albatta, siyrat va tafsir kitoblarida bunday holatlarning batafsil bayoni kelgan, aksariyatimiz ularni mutolaa qilganmiz.

Bu borada Payg‘ambar alayhissalom butun ummatga ibratdirlar. Bir johil kishi «Menga o‘lja bermading», deb yoqalaridan olib bo‘g‘ganida ham, bir ayol zaharli go‘sht berganida ham u zot ularni so‘kmaganlar yoki duoibad qilmaganlar, balki Allohdan ularga insof va hidoyat so‘raganlar. Islom dini hatto la'natlangan shaytonni ham so‘kishdan qaytargan, so‘kish o‘rniga uning yomonligidan panoh so‘rab, Allohga yolborishga buyurgan. Chunki uni so‘kish ojizlikdan, Allohdan panoh so‘rash esa imon mustahkamligidandir. Shunday ibratli so‘z bor: «Qorong‘ilikni so‘kib o‘tirmay, shamni yoqaqolsang-chi...». Haqiqatan, qorong‘ilikni qancha so‘kmaylik, u baribir o‘zgarmaydi, yorishib qolmaydi. So‘kish o‘rniga uni yoritish yo‘lini axtarganimiz ma'qul va avlodir.

Mo‘tabar tafsir kitoblarida, din dushmanlariga qo‘pol muomalada bo‘lib, ularning «iloh»lari va peshvolarini so‘kishdan qaytarilgani bayon etilgan. Agar haqoratga biz ham haqorat bilan javob qaytarsak, bunday jirkanch ishning ikkinchi to‘lqiniga sabab bo‘lish ehtimoli juda katta. Bu foydadan ko‘ra, ko‘proq zarar keltiradi. Qur'oni karimdagi quyidagi oyati karimani eslatib o‘tamiz: «Ularning Allohdan o‘zga ibodat qiladiganlarini so‘kmangiz. Bas, bilmasdan zulm ila Allohni so‘kib yurmasinlar. Shunday qilib, har bir ummatga amalini ziynatlab qo‘ydik. So‘ngra esa, qaytib boradigan joylari Robbilarigadir. Bas, U, qilib yurgan ishlarining xabarini berur», (An'om surasi, 108-oyat).

E'tibor berilsa, ushbu oyati karimada mushriklarning butlarini haqorat qilmaslik buyurilmoqda. Zero, musulmon kishi mushrikning sanamini so‘ksa, bundan g‘azablangan mushrikning ham bunga javoban Alloh taoloni haqorat qilishiga sababchi bo‘lib qoladi. Demak, biz ham mo‘min-musulmonlar Muhammad alayhissalomni haqorat qilishga sabab bo‘ladigan har qanday ishdan hazar qilmog‘imiz kerak.

Fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ushbu oyati karimaning «Shunday qilib, har bir ummatga amalini ziynatlab qo‘ydik», degan qismiga «Tafsiri Hilol» kitoblarida shunday izoh berganlar: – «Inson tabiati shunday. Qilayotgan amali o‘ziga go‘zal va ziynatli ko‘rinaveradi. Hatto butun insoniyat qabohat deb ittifoq qilgan ishni maqtashga so‘z topadi. Shuningdek, mushriklarga ham shirklari juda ham ziynatli bo‘lib tuyuladi. Ana shu e'tibordan, ularning butlari haqoratlangan chog‘da g‘azablanishlari mumkin. Musulmon odam odobli bo‘lgani uchun ham bu ishni qilmasligi kerak. Allohga havola qilib qo‘yaversa, u yog‘ini Allohning O‘zi biladi».

Aslida, bu kabi fitnalar musulmonlarni yomonotliq qilish yoki bir yurtda turli din vakillarining emin-erkinlikda, o‘z dinlariga bemalol amal qilib, tinch va osoyishtalikda, o‘zaro bag‘rikenglikda yashayotganini ko‘ra olmayotgan g‘arazli kuchlar tomonidan uyushtirilayotganini yoddan chiqarmaslik zarur.

Shu o‘rinda Islom dinini terror bilan yonma-yon qo‘yadigan ayrim kimsalarga Misr bosh imomi, al-Azhar majmuasi shayxi Ahmad Muhammad Toyyib hazratlarining quyidagi so‘zlarini keltiramiz: «Islomni terrorizm deb atash ushbu sof din haqida hech narsa bilmaslikni anglatadi. Yana bu ish o‘zgalar e'tiqodiga hurmatsizlikni ifodalovchi mulohazasizlikdir. Adovat va zo‘ravonlikka ochiq chaqiruv, o‘rta asrlar vahshiyligiga qaytish va ikki milliardga yaqin musulmonlarning tuyg‘ularini qo‘zg‘atuvchi fitnadir».

Ushbu holatlar haqida keng fikr qilib, chuqur mushohada yuritishimiz kerak. Biz ham mo‘min-musulmonlarni hissiyot bilan emas, tafakkur ila ish tutishga chaqiramiz. Din dushmanlari fitnasiga zamin yaratib, vaziyat yanada keskin tus olishiga sababchi bo‘lib qolmaylik. Bu bo‘layotgan ishlar hammasi fitna, g‘animlar tomonidan rejali amalga oshirilmoqda, bunday vaziyatda o‘ylab ish tutish kerak. Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ardoqlash tajovuzkorona xatti-harakatlar bilan emas, balki aql ila bo‘ladi.

Yana bir muhim masalani aytmoqchimizki, g‘animlar musulmonlarga bo‘lgan fitnalarini aynan juma, hayit kunlari yoki Ramazon oyi yo ayni kunimizdagi kabi mavlid oyida amalga oshirishni zimdan reja qilganlari aniq. Shunday ekan, muborak mavlid oyining haqiqiy zavqi – siyratni tarannum etish, salavot aytish, mavlidi sharif o‘qish, Qur'oni karim tilovat qilish va zikrulloh bilan ongu shuurlarimizni band qilaylik, ulug‘ oyning ilohiy fayzidan nasibador bo‘lishga intilaylik. Sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga bag‘ishlangan suhbatlar orqali Rasulimizni yaxshiroq tanishga oshiqaylik.

Aziz dindoshim, barchamizning Rasulimizga muhabbatimiz cheksiz, jonimiz fido. Shunday ekan, fayzli kunlarni behuda o‘tkazib yubormang, siyrat kitoblarini mutolaa qilib, «Allohumma solli a'la sayyidina Muhammad» kabi salavotlarni ko‘p ayting, ushbu kalimalar ila hech kim yordam berolmaydigan Qiyomat kunida shafoatga erishing!

Xulosa, musulmon kishi hadislarda keltirilganidek, doimo hushyor, ziyrak bo‘lishi, atrofda sodir bo‘layotgan har xil fitna va qaltis jarayonlarga teran nazar ila boqishi lozim. Ta'kidlaganimizdek, bunday harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki Payg‘ambar alayhissalomga xos bosiqlik va zukkolik bilan munosabat bildirishimiz kerak.

Alloh taolo barchaga insofu tavfiq bersin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shafoatlarini nasib etsin», deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi bayonotida.

Mavzuga oid