Joriy yilda 500 mingdan ortiq ishsizlar jamoat ishlariga jalb qilindi - vazirlik
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Temur Mahmudov rasmiy ishsizlar soni va to‘lab berilgan ishsizlik nafaqasi haqidagi savolga javob berdi.
«O‘zbekistonda ishsizlik darajasini aniqlash Vazirlar Mahkamasining 1011-sonli qarori bilan tartibga solinadi. Bu har chorakda, ya'ni bir yilda to‘rt marta tumanlar, qishloqlar, shaharlar, xonadonlar tanlanma asosida o‘rganilib, Xalqaro mehnat tashkiloti tan olgan metodika asosida ishsizlik darajasi hisoblanadi.
2020 yilning ikkinchi choragida, aynan pandemiya ko‘tarilgan davrda iyul oyining boshida e'lon qildik: O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 13,2 foiz, bu salkam 2 millionga yaqin kishini tashkil etadi. Birinchi chorakda ishsizlik darajasi 9,3 foiz, 1 million 300 ming atrofida edi. Pandemiya albatta ta'sir qildi, ishsizlik darajasi ko‘tarildi.
Hammamiz bilamizki, erta bahor oylarida O‘zbekiston fuqarolari chet elga, Rossiya va Qozog‘istondagi ish joylariga ketadi. Pandemiya sababli yo‘llar yopildi. Besh yuz mingdan ortiq fuqarolarimiz chet eldagi ish joylariga borolmay qoldi. Bundan tashqari, pandemiya davrida aksariyat tashkilotlar o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Ish joylari yopilgani hisobiga ishsizlik darajasi 13,2 foizga ko‘tarildi», deya Temur Mahmudovning so‘zlarini keltiradi Kun.uz muxbiri.
U ishsizlik nafaqasi haqida ham ma'lumotlar berdi.
«Ishsizlik nafaqasi ishsiz fuqarolarning mehnat organlariga murojaat qilishi va ularning ishsiz deb tan olinishi hisobida yuritiladi. Ishsizlik darajasi bilan ishsizlik nafaqasini solishtirib bo‘lmaydi. Ishsizlik bu – hodisa.
9 oy davomida O‘zbekistonda 60 ming nafarga yaqin fuqarolar ishsiz deb e'tirof etilgan va ularga ishsizlik nafaqasi tayinlangan.
Shu bilan bir qatorda, jamoat ishlarini ham aytib o‘tish kerak. Ish so‘rab murojaat qilgan fuqarolarni ijtimoiy yo‘naltirilgan mehnatga jalb qilish uchun ham fond mablag‘laridan samarali foydalanamiz. Sababi ishsizlik nafaqasi bersak ham bo‘ladi, ularni o‘ziga ma'qul sohada haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilsak ham bo‘ladi.
Bu yil asosiy urg‘uni ko‘proq jamoat ishlariga jalb qilishga berdik. Besh yuz mingdan ortiq ishsiz fuqarolarni jamoat ishlariga jalb qildik va ularga 450 milliard so‘mga yaqin mablag‘ to‘lab berdik», dedi Temur Mahmudov AOKAda «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunning ahamiyati va sohaga oid eng dolzarb masalalar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Mavzuga oid
07:50 / 02.11.2024
Bandlik vazirligi ishsizlik darajasi kamayganini ma’lum qildi
22:02 / 11.09.2024
Germaniyadagi yirik kompaniyalardan birining 15 mingga yaqin xodimi ishsiz qolishi mumkin
22:14 / 04.01.2024
Xitoydagi ishsizlik: Talabalar diplomning qadri tushib ketganidan shikoyat qilmoqda
15:21 / 27.09.2023