Imtiyoz yoki raqobat: oliy ta'limni rivojlantirishda qay biri muhimroq?
Bu yil respublika bo‘ylab 1,5 millionga yaqin abituriyent OTMlarga hujjat topshirdi. Demak, shuncha O‘zbekiston fuqarosi oliy ma'lumotli bo‘lish istagida bo‘lgan. Bakalavr (kunduzgi, kechki va sirtqi) yo‘nalishlar uchun qariyb 140 ming nafar abituriyent talaba bo‘ldi. O‘rtacha olganda, bitta o‘rin uchun 10 nafar abituriyent kurashdi.
Bu yil respublika bo‘ylab 1,5 millionga yaqin abituriyent OTMlarga hujjat topshirdi. Demak, shuncha O‘zbekiston fuqarosi oliy ma'lumotli bo‘lish istagida bo‘lgan. Bakalavr (kunduzgi, kechki va sirtqi) yo‘nalishlar uchun qariyb 140 ming nafar abituriyent talaba bo‘ldi. O‘rtacha olganda, bitta o‘rin uchun 10 nafar abituriyent kurashdi.
Ushbu tendensiyaga, albatta, odatiy holat sifatida qaralishi kerak. Chunki bilimlilargina o‘qishga kirishga haqli.
Bugungi kunda amalda bo‘lib turgan Prezident va Hukumat qarorlariga muvofiq oliy ta'lim muassasalariga kirishda quyidagi imtiyozlar joriy etilgan:
- Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari,
- “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari,
- “Nihol” mukofotiga sazovor bo‘lganlar,
- tasviriy san'at bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari,
- olis cho‘l tumanlarida kamida uch yildan buyon istiqomat qilayotganlar,
- Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning butun o‘qish davrini a'lo baholarga o‘qigan bitiruvchilari;
- Yoshlar Ittifoqining faol a'zolari;
- harbiy soha kadrlarining farzandlari;
- ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari;
- “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari;
- imkoniyati cheklangan yoshlar;
- mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari;
- “Tarbiyachi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari;
- Xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar;
- so‘xlik maktab bitiruvchilari uchun 500 ta grant.
Imtiyozlarning bo‘lishi, balki, yomon emasdir. Davlat shu yo‘l bilan jamiyatning ma'lum qatlamini yanada rag‘batlantirishni maqsad qilgan. Ammo tanganing ikkinchi tarafi ham bor: ayrim toifa abituriyentlariga bu tarzda imtiyozlar berilishi boshqalarning imkoniyatlarini cheklab qo‘ymayotganmikin?
Imtiyozlarning salbiy oqibatlariga joriy yildagi test sinovlarida maksimal (189) ball to‘plab ham grantga kirolmagan abituriyentlar misolida guvoh bo‘ldik. Abituriyentlarning haqli noroziligi va jamoatchilik ta'siri o‘laroq maksimal ball to‘plaganlar o‘qishga davlat granti asosida qabul qilindi.
Imtiyozlarning nimasi yomon, axir imtiyozga ham mehnat bilan erishiladi, yoshlarni bilim olishga intilishini yanada kuchaytirishda imtiyozlar ahamiyatli, deguvchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Biroq shu bilan birga, imtiyozning salbiy jihatlarini ham ko‘rishimiz mumkin. Turli soha vakillari bu haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.
Alisher Sa'dullayev: Imtiyoz bor joyda korrupsiyaga yo‘l ochiladi
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar Ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev imtiyozlar haqida quyidagi fikrlarini aytgandi:
“Yoshlar Ittifoqi tomonidan beriladigan ko‘plab imtiyoz (yoshlar uylari, “propiska” va boshqalar)larga kimdir erishaman, deb harakat qilishini istamayman. To‘g‘ri, bular yoshlarga kerak, rag‘batning bir ko‘rinishi-ku, deydiganlar bor. Ammo, shaxsiy fikrimga ko‘ra, imtiyoz bor joyda tabaqalanish bo‘lib qoladi, korrupsiyaga yo‘l ochiladi. Imtiyoz bor joyda hamma uchun umumiy bo‘lgan, teng imkoniyatlar shakllanishi qiyinlashadi.
Biz hammamiz imtiyozlar orqali ma'lum maqsadimizga osonroq erishishni istaymiz. Nimaga bu yosh imtiyozga ega bo‘ldiyu, boshqasi “quruq qoldi”, degan gapni kimdir oldimga kelib gapirsa, men javob berolmay qolaman va bu adolatsizlik bo‘ladi. Qaysidir yosh o‘z mehnati bilan ma'lum muvaffaqiyatga erishsa, bundan xabarim bo‘lmasa, men esa o‘zim tanigan boshqa bittasiga imtiyoz bersam, bu “uchiga chiqqan” adolatsizlik bo‘ladi-ku.
Shunaqa kelishmovchiliklar bo‘lmasligi uchun bunaqa tizimni yo‘q qilgan yaxshi. Undan ko‘ra, yoshlarda real, keyingi hayotida asqotadigan bilim, dunyoqarash, ishonchni shakllantirgan afzalroq”.
Iqtisodchi: imtiyozlar o‘rniga stipendiyalar, grantlar berilishi kerak
Iqtisodchi, bloger Otabek Bakirov yoshlarga OTMga kirishga imtiyozlar berilishi oqibatlari, kambag‘al oila farzandlarining ta'lim olish imkoniyatlari xususida fikrlarini bayon etdi:
“OTMlarga kirish bo‘yicha imtiyozlarning mavjudligi xuddi boshqa iqtisodiy sohalarga, bozorlarga kirish borasidagi imtiyozlar kabi zararlidir. Imtiyozlar bilim olish uchun emas, imtiyoz olish uchun intilish yaratadi. Bu sog‘lom raqobatni buzadigan buzg‘unchi omil. IIV, bojxona xodimlari farzandlari, qaysidir chekka hududda tug‘ilganlar uchun imtiyoz taqdim etilishi Konstitutsiya ruhiga zid.
Lekin bilmadim, imtiyoz taqdim etayotganlar, bu haqda qaror qabul qilganlar yoshlikda qanaqadir komplekslarga ega bo‘lishgan ko‘rinadi. Ular hayotda, o‘qishda, biznesda faqat imtiyozlar bilan yashab kelishgan. Oltin medal, komsomol yo‘llanmasi, partiya taqsimoti - eski avlod vakillari juda yaxshi eslashadi. Kolxoz raislari, “partkom”, “raykom”, “obkom”larning farzandlari, asosan, shu “tirqish”lardan foydalanib kelishgan. Menimcha, bugun o‘sha imtiyozlarni yarata turib, ular sovet nostalgiyalarini tiklamoqdalar.
OTMlarga, u xoh xususiy, xoh davlat tasarrufida bo‘lsin, qaysidir toifaning alohida tartibda o‘qishga kirishini ta'minlovchi imtiyozlar umuman kerak emas. Aytaylik, olimpiada g‘oliblari, zulfiyachilar yoki maxsus maktab bitiruvchilari nega imtiyoz bilan o‘qishga kirishi kerak? Nima, ularning bilimi yetarli emasmi? Raqobat bilan o‘qishga kirishdan qo‘rqishsa, ular qanday qilib olimpiada yo “Zulfiya” mukofoti tanlovi g‘oliblari bo‘lishgan. Qanday qilib maxsus maktablarga kirishgan va o‘qishgan? Imtiyozlar o‘rnini bizda stipendiyalar, OTMlar qoshidagi fondlarning grantlari egallashi lozim. Sog‘lom raqobatda o‘qishga kirgan talaba muvaffaqiyati faqat shunday qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Imtiyoz asosida OTMga o‘qishga kirish emas, OTMda muvaffaqiyatli o‘qish dastaklanishi zarur.
Kambag‘al oilalar farzandlarining oliy ta'limga imkoniyatlari yildan yilga pasayib bormoqda. O‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, agar men hozir abituriyent bo‘lganimda, o‘zim o‘qib tugatgan OTMga yaqin yo‘lay olmasdim. Oxirgi 4 yilda ijtimoiy tengsizlik barcha jabhada ortdi va yana ortib bormoqda. Xususiy va elita o‘qiydigan maxsus maktablar ko‘paytirilgan sari davlat maktablarida ta'lim sifati borgan sari yomonlashmoqda. Bu bilan kambag‘al qatlamning OTMga imkoniyati o‘rta ta'limdayoq qirqilmoqda.
Ya'ni avval boshdagi startdayoq kambag‘allarga o‘ta yomon imkoniyatlar qoldirilmoqda. Oliy ta'limga yeta olmagan yoshlar uchun kasb-hunar ta'limi bekorga kiritilmagan edi. Albatta, uning amalda qanday ishlagani boshqa masala. Takomiliga yetkazish o‘rniga kasb-hunar ta'limi tizimi yangi davrda buzib yuborildi. Yomon bo‘lsada, hunarga, qanaqadir malakaga ega bo‘lgan yoshlar o‘rniga hech qanday malaka va hunarga ega bo‘lmaganlar armiyasi paydo bo‘ldi va bu qatlamdan qutulishning yagona chorasi sifatida ularning mardikorlar sifatida Rossiyaga yuborishni afzal ko‘rishmoqda.
Xulosa
Ko‘rinib turibdiki, ayrim toifa abituriyentlariga qo‘llangan imtiyozlar sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta'sir o‘tkazadi. Abituriyent imtiyoz uchun harakat qilganidan keyin diqqat-eʼtiborini faqat imtiyozga qaratadi. Real bilim olish esa ikkinchi darajaga tushib qolish ehtimoli ortadi. Bu esa keyinchalik mehnat bozorida kadrlar sifatiga ta'sir o‘tkazadigan faktorlardan biriga aylanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bilimli yoshlarga imtiyoz berilmasa ham ular kirish imtihonlarida o‘z bilimi bilan talaba bo‘lishi mumkin. Lekin o‘qishga kirishga moddiy imkoniyati bo‘lmaganlar-chi? Ularning taqdiri nima bo‘ladi? Hech bo‘lmaganda, ular uchun imtiyozlar joriy qilinishi kerak, deguvchilar ham oramizda ko‘pchilikni tashkil qiladi.
Abituriyentlarga imtiyoz bergandan ko‘ra, OTMlarga kirish imtihonlari soddalashtirilishi, aholini oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini oshirishga e'tibor qaratilishi kerak. Eng muhimi, ta'limning barcha bosqichlari: maktabgacha ta'lim, umumiy o‘rta ta'lim, oliy ta'lim va undan keyingi ta'lim turlarini rivojlantirish orqaligina o‘qimishli yoshlar qatlamini shakllantirishga erishish mumkin. OTMlarga kirish uchun imtiyozlar berish orqali yoshlarda haqiqiy bilim olish va uni amalda qo‘llashga rag‘batlantirish emas, balki vaqtinchalik vositalarga e'tiborini qaratib qo‘yishga urinish bo‘layotgandek go‘yo. Shaklga emas, mazmunga asosiy e'tibor qaratilishi kerak bo‘lgan vaqt allaqachon kelgan, nazarimda.
Imtiyozlar bo‘lgani yaxshi, ammo teng raqobatni cheklovchi har qanday imtiyoz pirovardida yaxshilikka olib kelmaydi. Xuddi shuningdek, ta'limga ham uning singdirilishi qanday oqibatlarga olib kelishini o‘ylab ko‘rish kerak. Barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi va huquqlari bir xilda ta'minlanmas ekan bir joyda depsinib turaveramiz.
Muhabbat Ma'mirova
Mavzuga oid
13:04 / 23.10.2024
Telekommunikatsiya sohasida operatorlar va provayderlarga adolatli raqobat muhiti ta’minlanadi
19:03 / 15.10.2024
“Raqobat siyosati kerak” – Nobel mukofoti laureati O‘zbekiston iqtisodiyoti haqida
22:29 / 11.10.2024
Namanganda chiqindi tashish korxonasi iste’molchilarga asossiz haq hisoblagani aniqlandi
08:30 / 09.10.2024