O‘zbekiston | 14:54 / 02.11.2020
10820
5 daqiqa o‘qiladi

Amaldagi chempion ikkinchi, nonushta natijaga ta'sir qildi. Samarqanddagi marafon qanday o‘tdi?

Samarqandda ikkinchi marta an'anaviy «Samarkand Half Marathon» yarimmarafoni o‘tkazildi. Tantanali ruhda o‘tkazilgan musobaqada amalda eng tajribali sportchi sifatida qatnashgan olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi Andrey Petrov g‘olib bo‘ldi.

Andrey Petrov marraga birinchi bo‘lib kirib kelmoqda.

Marafonning ochilish marosimida Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov barcha ishtirokchilarni tabriklab, nutq so‘zladi. Oxirgi vaqtlarda Samarqandda bayramona tadbirlar ko‘p bo‘lmoqda va shu sabab tashkilotchilik yuqori darajada bo‘ldi. Axir Samarqand turistik tadbirlar o‘tkazishda tobora tajribali bo‘lib bormoqda.

Birgina 18 oktyabrdagi Samarqand kunida ko‘plab turistik obektlar ochildi va o‘shanda ham xuddi yarimmarafonda bo‘lgani kabi tashkilotchilik ishlari Turizm qo‘mitasi vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilgandi. Pandemiya qachondir tugaydi va hayot o‘z iziga qayta boshlaganda bunday ishlar o‘z samarasini berib, Samarqandga sayyohlar oqimi yanada oshadi. Shu o‘rinda ta'kidlash kerak, pandemiyagacha Samarqand sayyohlar tashrifi bo‘yicha yangidan-yangi rekordlarni yangilab kelayotgandi. Biroq koronavirus to‘lqini iqtisodiy tarmoqlardan, eng avvalo, turizmga jiddiy ta'sir ko‘rsatdi. Biroq keyinchalik ham sayyohlar Samarqand iqtisodiyotida katta o‘rin tutishini inobatga olsak, pandemiya vaqtida ham turistik salohiyatga e'tibor berilayotgani, shubhasiz, o‘z samarasini beradi.

«Tog‘da shug‘ullangandik, samarasini berdi...»

Andrey Petrov. Marafon g‘olibi

Yuqorida aytganimizdek, Samarqand yarimmarafonida 1986 yilda tug‘ilgan toshkentlik Andrey Petrov g‘olib bo‘ldi. Olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi bo‘lgan taniqli sportchi uch karra Osiyo chempionatlari sovrindori bo‘lgan. Petrov biz bilan suhbatda g‘alabani qo‘lga kiritish oson bo‘lmaganini aytdi va Dukentdagi tayyorgarlik o‘z samarasini berganini ta'kidladi. Toshkent viloyatidagi Dukent daryobo‘yi hududi tog‘li joy hisoblanadi. Samarqand marafonida ham tepalik, pastliklar ko‘p va bunday holatlarda tog‘li hududdagi mashqlar asqotadi.

Andreydan yugurish bilan shug‘ullanish qanchalik foydali ekanini so‘raganimizda, u to‘g‘risini aytdi: «Professional yugurish bilan shug‘ullanish odamning tanasiga qiyinchilik tug‘diradi. Shu sabab eng yaxshisi – havaskor yugurish. Shunchaki yuguring va salomat bo‘ling».

Marafon g‘olibi finishda o‘zini juda xotirjam tutganini izohlar ekan, g‘oliblikni nishonlash raqiblariga ta'sir qilmasligi kerakligini aytdi: «Axir ular mening do‘stlarim, biz birga shug‘ullanamiz. Raqibni har qanday holatda hurmat qilish kerak, g‘alabada ham, mag‘lubiyatda ham», deydi Andrey Petrov.

«Nonushta yoqmadi shekilli, 5-kilometrda biroz yutqazdim».

Shohruh Davlatov. Ikkinchi o‘rin sohibi, o‘tgan yilgi chempion.

Marafon yakunlangach, Samarqand yarimmarafonining o‘tgan yilgi g‘olibi Shohruh Davlatov bilan ham suhbatlashdik. Surxondaryo yengil atletika maktabi vakili g‘olib bo‘lolmaganiga qaramay, o‘z natijasini yaxshilaganidan mamnunligini ta'kidladi. Shohruhdan ikkinchi o‘rinda qolganiga nima ta'sir qilgani haqida so‘raganimizda, u sportcha til bilan tushuntirdi: «Marafoncha yugurishda faqat yugurishning o‘zi kamlik qiladi. Bunda avvalo chidam kerak, taktikani ham ishlata olish lozim. Menda hammasi yaxshi ketayotgandi, lekin 5-kilometrda oshqozonimda biroz noqulaylik sezdim va 200 metrcha boy berdim. Balki nonushta yoqmagandir. Umuman olganda, xursandman, chunki natijamni yaxshiladim.

Shohruh Davlatov marraga ikkinchi bo‘lib kirib kelmoqda.

Andrey aka oramizdagi eng tajribali sportchi. U kishiga uzoq vaqt raqobatchi yo‘q edi va oxirgi yillarda men yaxshigina raqobat qilyapman. O‘tgan yil Samarqand marafonida g‘olib bo‘lganman, yaqinda ham Andrey akani 10 kilometrdagi musobaqada yengdim. Bugun esa u kuchlilik qildi. Raqibimni tabriklayman», dedi Shohruh Davlatov.

Eng yosh sovrindor

Sitora Qurbonova. Ayollar musobaqasi sovrindori.

Qizlar o‘rtasidagi musobaqada 2002 yilda tug‘ilgan farg‘onalik Sitora Qurbonova ham sovrindor bo‘ldi. U 4-o‘rinni oldi va aytishicha, shaxsiy natijasini naq 7 daqiqaga yaxshilagan. Shu tariqa Sitora Samarqand yarimmarafonining eng yosh sovrindoriga aylandi.

Mavzuga oid