O‘zbekiston | 10:26 / 02.11.2020
11808
5 daqiqa o‘qiladi

MTRKga 427, Energetika vazirligiga 44 mlrd so‘m. 2021 yil uchun budjet loyihasi muhokama qilinmoqda

Foto: Shutterstock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga e'lon qilindi. Unga ko‘ra, deyarli barcha davlat idoralari uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori oshgan.

Loyihaga muvofiq, quyidagi:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i;
  • jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i;
  • jismoniy shaxslarning mol-mulkini ijaraga berishdan oladigan yillik daromadlari bo‘yicha deklaratsiyaga asosan to‘lanadigan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan daromad solig‘i;
  • ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan holatdan tashqari, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq (elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan soliq mustasno);
  • qurilish materiallari bo‘yicha yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq turlari tumanlar va shaharlar budjetlariga to‘liq o‘tkazilishi taklif etilmoqda.

Loyihada, shuningdek respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga 2021 yil uchun 132 trln so‘m ajratilishi belgilandi. Ushbu summadan esa ayrim tashkilotlar kesimida quyidagicha cheklangan miqdorlarda mablag‘ ajratish nazarda tutilgan:

  • Oliy Majlis Senatiga 29 mlrd so‘m (2020 yil uchun 19 mlrd so‘m);
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 162 mlrd so‘m (2020 yil uchun 111 mlrd so‘m);
  • Prezident Administratsiyasiga 784 mlrd so‘m (2020 yil uchun 721 mlrd so‘m);
  • Vazirlar Mahkamasiga 1,508 trln so‘m (2020 yil uchun 1,422 trln so‘m) – shundan 903 mlrd so‘mi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasiga;
  • Bosh prokuraturaga 1,375 trln so‘m (2020 yil uchun 869 mlrd so‘m);
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga 635 mlrd so‘m (2020 yil uchun 432 mlrd so‘m);
  • Sog‘liqni saqlash vazirligiga 3,428 trln so‘m (2020 yil uchun 3,073 trln so‘m) – shundan 198 mlrd so‘m bolalarni vaksinatsiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarga;
  • Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga 140 mlrd so‘m (2020 yil uchun 128 mlrd so‘m) – shundan 125 mlrd so‘m xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasiga transfertlarga;
  • Tashqi ishlar vazirligiga 553 mlrd so‘m (2020 yil uchun 399 mlrd so‘m) – shundan 268 mlrd so‘mi xorijdagi elchixonalar va konsullik idoralarini saqlash xarajatlariga;
  • Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga 1,139 trln so‘m (2020 yil uchun 623 mlrd so‘m) – shundan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish va qatnashish xarajatlariga;
  • Maktabgacha ta'lim vazirligiga 5,434 trln so‘m (2020 yil uchun 4,647 trln so‘m) – shundan 600 mlrd so‘m davlat xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan maktabgacha ta'lim muassasalariga subsidiyalarga;
  • Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga 1,047 trln so‘m (2020 yil uchun 1,306 trln so‘m) – shundan 782 mlrd so‘m aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini rivojlantirish xarajatlariga;
  • Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga 556 mlrd so‘m (2020 yil uchun 222 mlrd), shundan 200 mlrd so‘m tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga transfertlar;
  • Transport vazirligiga 4,951 trln so‘m (2020 yil uchun 2,649 trln so‘m);
  • Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga 148 mlrd so‘m (2020 yil uchun 234 mlrd so‘m) – shundan 100 mlrd so‘m yangi mehmonxonalar qurish va jihozlash uchun investorlar xarajatlarining bir qismini qoplash xarajatlariga.

Shuningdek, kelasi yilda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga 427 mlrd so‘m (2020 yilda 410 mlrd so‘m) ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bular MTRKning joriy xarajatlari (377 mlrd so‘mi), obektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalar (50 mlrd so‘mi)ga ishlatiladi.

Mamlakat ijtimoiy hayotida eng muhim ahamiyatga ega bo‘lgan sohalardan biri - Energetika vazirligiga esa MTRKga so‘ralayotgan mablag‘ning o‘ndan biri (43,8 mlrd so‘m) ajratilishi kutilyapti. Bu mablag‘lar vazirlikning joriy xarajatlari, obektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga yo‘naltiriladi.   

Loyihaning yana bir e'tiborli jihati O‘zbekiston Milliy axborot agentligining joriy yil sarf-xarajatlarini budjet hisobidan qoplash uchun o‘tgan yilga (11 mlrd) nisbatan qariyb ikki barobardan ko‘proq (26,6 mlrd so‘m) mablag‘ ajratilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 28 oktabr kuni e'lon qilingan loyihaning jamoatchilik muhokamasi shu yilning 12 noyabriga qadar davom etadi. 

Mavzuga oid