O‘zbekiston | 07:28 / 05.11.2020
14845
8 daqiqa o‘qiladi

Tabiiy gaz tarmog‘inining egasi kim: Samarqand tumanidagi holat yangi muammoni yuzaga chiqarmoqda

Samarqand tumani «Rajabamin» mahallasida yashovchi Xosiyat Rahimova o‘z hovlisida oilaviy bolalar bog‘chasi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Ammo to‘rt oydirki, hovlida tabiiy gaz ta'minotida muammo bor. U uyiga o‘tkazilgan gaz quvuri qo‘shnisi tomonidan kesib ketilayotganidan norozi.

X.Rahimova hatto bu haqda viloyat hokimligi, prokuratura va IIB organlariga ham murojaat qilgan. Tuman IIB tomonidan uning arizasi o‘rganilib, «jinoyat alomatlari yo‘q», degan mazmunda javob xati kelgani MTT rahbarini yanada taajjubga solmoqda.

«So‘nggi 4 oyda qo‘shnim gaz quvurimni 4 marta kesib ketdi. Bu bo‘yicha qator tashkilotlarga murojaat qildim. Gaz ta'minot idoralari xodimlari kelib ulab ketishadi, ma'lum vaqt o‘tib, yana qo‘shnim kesib tashlaydi. Buning sababini tushunmayman. Hovlim Samarqand tumanida, gaz esa Samarqand shahar tarmog‘iga ulangan. Gaz ta'minot idoralarining menga e'tirozi yo‘q, to‘lovlarni vaqtida qilganman. Ikki marta kesilgan quvurlarimni ulab ham ketishdi. Ammo gaz quvurlarini kesgan qo‘shnimga nisbatan yozgan arizalarim bo‘yicha IIB organlari chora ko‘rmayapti», deydi murojaat egasi.

Holatga aniqlik kiritish uchun Samarqand tumanida bo‘ldik.

Bu hovlini xonadon egalari bundan 28 yil oldin sotib olishgan. O‘sha vaqtda tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan, biror muammo bo‘lmagan. So‘nggi yillarda hovlida oilaviy bog‘cha tashkil etilgan. Gaz bilan bog‘liq yuqoridagi muammolar MTM faoliyatida ham qiyinchilik tug‘dirgan.

Tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Ergashev biz bilan suhbatda fuqaroning arizasi tuman IIB tomonidan ko‘rib chiqilgani, ammo jinoyat alomatlari mavjud emasligini ma'lum qildi. Shuningdek, tuman IIB tomonidan X.Rahimovaga yuborilgan maktubda arizada ko‘rsatilgan holat, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgani sababli hududiylik jihatdan fuqaroning o‘ziga qaytarilayotgani bayon etilgan. IIB vakillari shunga qaramasdan, tabiiy gaz ta'minotidagi muammo o‘rganilib, ertaga hal etilishini bildirdi. (26 oktyabrda bo‘lib o‘tgan suhbatda).

Samarqand tumani «Rajabamin» MFY vakili bu muammo fuqarolarning o‘zi gaz tarmoqlari tortib kelgani bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. Ya'ni, X.Rahimova ulangan tarmoq va gaz taqsimlash punkti Samarqand shahri «Kaftarxona» mahallasida yashovchi bir necha fuqarolar tomonidan o‘z mablag‘i hisobiga o‘rnatilgan. Ular o‘zlari qilgan sarf-xarajatlar evaziga tortilgan tarmoqqa boshqa fuqaroning ulangani, keyinroq esa MTT faoliyat ko‘rsata boshlagach, gaz bosimi pasayib ketganidan norozi bo‘lgan. Shu tariqa fuqaroni tarmoqqa ulangani qo‘yishmayapti.

Holatni joyida o‘rganarkanmiz, shundoqqina MTT binosi oldidan Samarqand tumaniga qarashli yana bir qancha gaz tarmoqlari o‘tganiga guvoh bo‘ldik.

Savol tug‘iladi: Nima sababdan fuqaro o‘zining tumaniga qarashli, o‘z binosi oldidan tarmoq o‘tganiga qaramasdan, Samarqand shahriga qarashli gaz tarmog‘idan foydalanyapti va shu sababdan muammolarga duch kelyapti?

Ma'lum bo‘lishicha, bu tarmoqlar ham bir guruh fuqarolar tomonidan o‘z puliga tortib kelingani uchun boshqa iste'molchilarning ulanishiga yo‘l qo‘yilmagan ekan. Ya'ni, MTT oldida shu tumanga qarashli ikkita tarmoq bor, ammo ikkalasi ham fuqarolarning puliga tortilgani uchun «egali». MTT rahbari esa nima qilishni bilmaydi. Faoliyatni davom ettirish uchun kuniga 50 litrgacha suyultirilgan gaz sotib olishga majbur. Bu haqda quyiroqda yana to‘xtalamiz.

X.Rahimova shikoyatlarida quvurni kesib ketayotgani aytilgan qo‘shni — I.Istamovdan izoh so‘radik.

«Ochig‘i, manashu «yoza-yoz»lar meni holdan toydirdi. MTT egasiga hech qanday adovatim ham, gazdan foydalanishiga qarshiligim ham yo‘q. Marhamat, tabiiy gaz kerak bo‘lsa, markaziy tarmoqdan o‘zi tortib kelsin, u unchalik uzoq emas. Ammo aynan men o‘z uyimgacha o‘zim tortgan tarmoqqa ulanishi to‘g‘ri emas-ku?! O‘z uyimga ulangan quvurni kesib bir necha marba tegishli organlarga hisob berishimga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, bu holatni ko‘rgan mahalladoshlarim meni yashirincha qo‘shnimga gaz bergan, degan shubhada xafa bo‘lishdi.

Oxiri, men yaxshigina mablag‘ ketsa ham yuqoriroqdan o‘zimga alohida tarmoq tortdim. Tabiiyki, shundan so‘ng uyimga kelgan eski quvurdan gaz kelishi to‘xtatildi. X.Rahimova bu uyni sotib olganida aslida o‘zining tumanidan gaz tarmog‘iga ulangan bo‘lgan. Ammo keyinchalik shahar gaz tarmog‘ida bosim yaxshi bo‘lgani sababli mening uyimga kelgan tarmoqqa ulanib olgan. Ikki yil oldin men buni sezib qoldim va shundan beri o‘rtada nizo. Muammoga yechim topish uchun qo‘shnimni gaz idoralari tarmoqqa ulab berishlari kifoya», deydi murojaat egasining qo‘shnisi.

Aslida gap faqat MTM va X.Rahimova xonadonida ham emas. U o‘z vaqtida uyni xarid qilganida gaz muammosi bo‘lmagan. Ko‘rib turganingizdek, yillar o‘tib, tarmoqlar eskirib, qolaversa, yangi gaz tarmoqlariga ehtiyoj ortib borgan. Gazta'minot idoralari esa yangi tarmoqlar tortmagach, fuqarolarning o‘zlari bu ishni amalga oshirgan. Ana endi esa har bitta tarmoqning «egasi» bor. MTM oldida bir nechta gaz tarmog‘i bo‘lgani holda hech biriga ulana olmaydi. Hatto o‘z tumaniga qarashli, o‘z binosi oldidan o‘tgan tarmoqqa ham.

Oldinroq OAVda boshqa bir tuman fuqarolarining «Hududgaz Samarqand» MChJ gaz ta'minoti filialining bo‘limiga tegishli quvurlarni kesib ishlatilgani, bu holat huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘rganilayotgani ma'lum qilingandi. Aslida mazkur holatda ham fuqarolar o‘z hisobidan gaz tarmog‘i tortgan. Ammo bu tarmoq oradan ma'lum vaqt o‘tib gazta'minot balansida qayd etilgan va fuqarolarning keyinchalik quvurni kesgani korxonaga zarar sifatida baholangan. Zarar miqdori ham aniq — 6 million so‘m.

Xullas, ko‘p uchrayotgan holat shu — tarmoq fuqarolar tomonidan tortiladi va u gazta'minot balansida qayd etiladi. Bu tarmoqlari korxona balansiga o‘tkazilarkan, tegishli mablag‘ ham «ajratiladi»mi-yo‘qmi, bunisi bizga qorong‘i.

Yuqoridagi voqeani eslashimizning sababi bor. Biz o‘rgangan, gazsiz qolayotgan MTT va fuqarolar puliga tortilgan tarmoqlar ham bugun allaqachon gazta'minot idorasi balansida. Buni o‘sha hududdagi fuqarolarning barchasi ham bilmasa kerakki, o‘rtada «quvur meniki» qabilidagi nizolar urchimoqda. MTTga ham ulanishga birov ruxsat bermoqchi emas. Bunday vaziyatda gazta'minot idoralari barchasini aholiga tushuntirishi, allaqachon quvurlar korxona balansida ekanini aytishi va MTTga tarmoq tortib berishi kerak. Yo‘qsa, bu kabi janjallar davom etaveradi.

Yana bir gap, «Hududgaz Samarqand» gaz ta'minoti filiali tarmoq tortish ishlarini aslo aholining o‘ziga tashlab qo‘ymasligi lozim. Chunki bu ish tashkilotning to‘g‘ridan to‘g‘ri vazifasi. Buni o‘zi amalga oshirmasa, aholi o‘z puliga tarmoq tortadi, o‘zini gazning egasi hisoblaydi va yuqoridagi nizolar hali katta muammolarning boshlanishi bo‘lib qoladi.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri.
Faxriddin Hotamov, tasvirchi.

Mavzuga oid