O‘zbekiston | 08:35 / 07.11.2020
4087
2 daqiqa o‘qiladi

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yarashuv institutiga doir normani kiritish taklif qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yarashuv institutiga doir normani kiritish taklif etilmoqda. “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida tegishli petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, Jinoyat kodeksining 66-1-moddasida yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilishga doir norma belgilangan. Unga ko‘ra, agar ayblanuvchi va jabrlanuvchi o‘rtasida yarashuvga erishilsa hamda ayblanuvchi tomonidan yetkazilgan zarar to‘liq qoplansa, u javobgarlikdan ozod etiladi. 

“Yarashuv institutining mavjud bo‘lishi bir qancha yengillik va afzalliklarga ega bo‘lib, bu quyidagilarda namoyon bo‘ladi: 

birinchidan, mamlakatimizda jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar soni kamayadi; 

ikkinchidan, o‘z-o‘zidan jazoni ijro etish muassasalarida jinoyatchilarning salmog‘i qisqaradi; uchinchidan, sudlanganlik to‘g‘risidagi ma'lumot “tamg‘a” sifatida ayblanuvchida mavjud bo‘lmaydi. 

Biroq, mazkur yarashuv instituti O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida o‘z aksini topmagan. Aytishingiz mumkin, mazkur institut O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida aks ettirilishi nima sababdan kerak bo‘lishi mumkin? Axir, ma'muriy javobgarlik jinoiy javobgarlikka ko‘ra (yuridik oqibati jihatidan) yengilroq-ku?! Biz bir narsani esdan chiqarmasligimiz kerak, shunday huquqbuzarliklar mavjudki, ya'ni birinchi marotaba sodir etilgan huquqbuzarlik, ikkinchi marotabasida jinoyatga aylanadi. 

Haqiqatdan ham, ikki tarafni yarashishga undash ular uchun har jihatdan foydali bo‘ladi. Masalan, birinchi taraf hech qanday javobgarlikka tortilmaydi, ikkinchi taraf esa o‘ziga qulay bo‘lgan kelishuvni tuzadi”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yarashilganligi munosabati bilan ma'muriy javobgarlikdan ozod qilishga doir normani kiritish taklif qilingan.

Mavzuga oid