O‘zbekiston | 00:03 / 07.11.2020
32618
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Toshkentdagi shifoxonalarda birorta bemorning ishi, afsuski, pulsiz bitmaydi»

Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Toshkent shahridagi davlat tibbiy xizmatlaridan ko‘plab aholi vakillari norozi ekani haqida gapirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Poytaxtda sog‘liqni saqlash tizimi butunlay izidan chiqib ketgan, tartib, intizom, so‘rov yo‘q. Aholi bundan butunlay norozi desak, bu ham haqiqat.

Shahar shifoxonalarida birorta bemorning ishi, afsuski, pulsiz bitmaydi. Shuning uchun shahar sog‘liqni saqlash tizimiga yangi rahbar tayinlab, uning maqomi vazir o‘rinbosari etib belgilandi. Alimov, Ortiqxo‘jayev yil yakuniga qadar ilg‘or xorijiy mamlakatlar, xususan, Turkiyaning sog‘liqni saqlash tizimini atroflicha o‘rganib, uni Toshkent shahrida joriy qilish bo‘yicha o‘z taklifini beradi», – dedi davlat rahbari.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda shifokorlar bilan ta'minlaganlik darajasi 87 foiz, mingdan ziyod tor soha shifokorlariga ehtiyoj bor.

«Bugungi kunda poytaxtda 40 mingdan ortiq tibbiyot xodimi faoliyat ko‘rsatib, ularning ish haqiga har yili 850 milliard so‘m ajratiladi.

Eng og‘ir ahvol Uchtepa va Olmazor tumanlarida bo‘lib, tor soha shifokorlari yetishmasligi sababli nafas yo‘llari, oshqozon-ichak kasalliklari bo‘yicha respublikada eng yuqori o‘rinlarda turadi», – deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid