Jahon | 15:53 / 10.11.2020
5637
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy braziliyalik ko‘ngillining o‘limiga koronavirusga qarshi vaksinaning aloqasi yo‘qligini bildirdi

Braziliyaning sog‘liqni saqlash tizimini nazorat qiluvchi agentligi Anvisa Xitoy vaksinasi sinovlarini “jiddiy hodisa”dan keyin vaqtincha to‘xtatishga qaror qilgan.

Foto: Getty Images

Braziliyada Xitoyning “Sinovac” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi “Coronavac” vaksinasi sinovlari davomida ko‘ngillilardan birining o‘limiga vaksina sabab bo‘lmagan. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Van Venbin ma'lum qildi.

“Biz xabarga e'tibor qaratdik. Ushbu hodisaning vaksinatsiyaga hech qanday aloqasi yo‘q”, – dedi u.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Sinovac Biotech “ushbu masala bo‘yicha Braziliya tomoni bilan muntazam muloqotda bo‘lib turibdi”.

Avvalroq sinovlarni nazorat qilayotgan Butantan instituti rahbari Dimas Kovas tadqiqotning to‘xtatilishiga ko‘ngillilardan birining o‘limi sabab bo‘lganligini, biroq ushbu o‘lim vaksina sinovlari bilan bog‘liq emasligini aytgandi.

Xabar qilinishicha, Braziliyaning sog‘liqni saqlash tizimini nazorat qiluvchi agentligi Anvisa “Coronavac” vaksinasi sinovlarini “jiddiy hodisa”dan keyin vaqtincha to‘xtatishga qaror qilgan.

Mavzuga oid