Jahon | 23:50 / 13.11.2020
6475
3 daqiqa o‘qiladi

Rivojlangan mamlakatlar ishlab chiqarilishi kutilayotgan vaksinaning 80 foizdan ortig‘iga buyurtma berib bo‘ldi

AQSh 600 mln dozagacha vaksinaga ega bo‘lishi mumkin, Buyuk Britaniya 40 mln, Yaponiya – 120 mln, YeI – 300 mln doza vaksinaga buyurtma bergan. Vaksinaga buyurtma bergan mamlakatlar aholisi yer yuzi aholisining atigi 14 foizini tashkil etadi. 

Foto: Getty Images

“Pfizer” farmatsevtika kompaniyasi koronavirusga qarshi potensial vaksinasining 80 foizdan ortiq zaxirasini dunyoning eng boy mamlakatlariga sotib bo‘ldi, bu esa kambag‘al mamlakatlar aholisi hayotini xavf ostiga qo‘yadi, deb yozmoqda The Independent nashri.

Britaniyaning Global Justice Now tashkiloti tahliliga ko‘ra, “Pfizer” hamda boshqa kompaniyalarning vaksinalariga teng ega bo‘lmaslik  “global pandemiya davrida aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan sun'iy taqchillikni keltirib chiqaradi va bu ko‘plab insonlar hayotini xavf ostiga qo‘yadi”.

Global Justice Now xodimi Xaydi Chouning so‘zlariga ko‘ra, vaksina sinovi muvaffaqiyatli bo‘lganligi to‘g‘risidagi xabar “insoniyatning bir qismi uchungina yaxshi xabar” hisoblanadi. The Independent nashrining yozishicha, vaksina uchun buyurtma bergan mamlakatlar aholisi yer yuzi aholisining atigi 14 foizini tashkil etadi. 

“Biz ko‘plab korxonalar ishlab chiqara olishi uchun vaksina monopoliyasiga barham berishimiz kerak”, – degan Chou.

Bill va Melinda Geyts fondi tadqiqotiga ko‘ra, koronavirusga qarshi vaksinaning teng taqsimlanishi koronavirus bilan bog‘liq o‘limlarning 61 foizining oldini oladi. Agarda vaksinani faqat eng boy mamlakatlar oladigan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 33 foizni tashkil etadi.

Amerikaning “Pfizer” konserni va uning germaniyalik hamkori “BioNTech” 2021 yilda 1,3 mlrd doza vaksina ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Buyuk Britaniya, Yaponiya, AQSh hamda Yevropa ittifoqi mamlakatlari ushbu dozaning katta qismiga avvaldan buyurtma berib bo‘lgan. Masalan, AQSh 600 mln dozagacha vaksinaga ega bo‘lishi mumkin, Buyuk Britaniya 40 mln, Yaponiya – 120 mln, YeI – 300 mln doza vaksinaga buyurtma bergan.

9 noyabr kuni “Pfizer” va “BioNTech” hamkorlikda ishlab chiqayotgan vaksinasi sinov vaqtida 90 foizdan ortiq samaradorlik ko‘rsatganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid