O‘zbekiston | 15:52 / 13.11.2020
106994
5 daqiqa o‘qiladi

«Shart hujjat qildirib, olib kirgizib qo‘ydim» - Shuhrat Abdurahmonov uch ayolni qamatgani haqida gapirgan audio tarqaldi

Internetda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov unga «sassiq gapirgan» marhamatlik uch ayolni 15 sutkaga qamatgani haqida gapirgan audio tarqaldi. Audioda hokim jurnalistlar haqidagi fikrlarini ham bildirgan. Viloyat hokimligi axborot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban bu borada izoh berilishini ma'lum qildi.

Tarqalgan audio parchasida viloyat hokimi dastlab jurnalistlar haqida gapiradi.

«O‘tgan kuni jurnalistlar bilan press-konferensiya o‘tkazdim. 50 ta tashkilotni chaqirishibdi, shular bilan savol-javob qilamiz, deb. Hammasini haydab yubordim.

Men bilan savol-javob qilish deyapman, men javob beraman. Bular hammasi mening topshirig‘imni bajargan. Nima savoling bo‘lsa ber. Ikki yarim soat gapirgandim. Savol berisholmadi bittasi ham.

Endi dedim, qizig‘i chiqmay qoladi, dedim. Bir-ikkita savol berib qo‘yinglar, dedim. «Qichiq» savol bergisi keldi-da. So‘zimni boshida aytib qo‘ydim: «Eshitishib ol, Toshkentdan kelgan bo‘lsang ham, qayerdan kelgan bo‘lsang ham, men ishlaydigan hokimman», dedim. «Hamma narsamni, sog‘lig‘imni ham tikib qo‘yayapman», dedim. «Menga qichiq savol berishmagin», dedim. «Normalniy» savol ber, normalniy gaplashamiz», dedim. «Agar qitig‘imga tegsang, men qo‘yvoraman», dedim.

«Qattiqroq gapirib yuboraman, ertaga hammayoq sensatsiya bo‘lib ketadi. Normalniy, sog‘ odamga o‘xshab gaplash men bilan», dedim.

Baribir ularniki qo‘zib turadi-yu, aylantirib kelgandi bir-ikkitasi, tarsillatib urib qo‘yganimdan keyin hech narsa deyolmasdan uyoqqa borib, boshqa familiya bilan bir narsalar chiqarib yotibdi.

E, erkakmisan, hezalak, o‘zingni nomingdan yoz! Menga Hasanboy kelib qatnashyapti, uyoqqa borib Husanboyning nomidan chiqarishyapti», – degan Shuhrat Abdurahmonov.

Andijon viloyati hokimi audio davomida Marhamat tumanidan bo‘lgan uch ayolni 15 sutkaga qamatganini aytadi.

«Charchab chiqsam, 5-6 odam qabulda turgan ekan, qabul qilmayman, dedim. Keyin ular rosa shallaqilik qildi o‘sha yerda. Mana hozir shunaqa «miliy» bo‘lib o‘tirishibdi 15 sutkaga qamatib qo‘yganimdan keyin...

Kechaginda Marhamatda yig‘ilish o‘tkazsam, tashqarida bittasi baqiryapti. Chiqsam, beshta shallaqi. Ikkitasi nogiron, uchtasi anaqa. Nogironga tegmadim, uchovini olib kirib tiqib qo‘ydim 15 sutkaga. Ana, marhamatliklar bo‘lsa aytsin: shunaqa jimjit bo‘lib qoldi Marhamat ham.

Marhamatga kelganda yuragim bezillardi. 5-6ta xotinning dastidan. Tiqib qo‘ydim oborib. Hamma narsani gapiraveradimi?

Og‘ziga zeb beruvdi. Shart hujjat qildirdim, olib kirittirib qo‘ydim. Viloyat hokimiga, prezident vakiliga sassiq gapirgani uchun. Davlat bor, Xudoga shukr», – degan Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov «tarbiyaviy soat»ida.

Ushbu audio qachon va qayerda yozib olingani ma'lum emas. Audioda har zamonda odamlar kulgisi eshitilib turganidan hokim bu qandaydir yig‘ilishda, ko‘pchilikning ichida aytganini anglash mumkin.

Audioda Shuhrat Abdurahmonov o‘ziga «sassiq gaplarni gapirgani» uchun 15 sutkaga qamattirgani aytilgan ayollar shu yilning 26 oktabr kuni Andijon viloyati hokimligi binosi oldida aholi tomonidan norozilik uyushtirilgani taxmin qilinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'lumotlarda ushbu ayollar viloyat hokimligiga ko‘mir va ijtimoiy yordam ajratilishini so‘rab, aksariyat fuqarolar esa oziq-ovqat narxlarining oshib ketishiga yechim izlab kelgani aytiladi.

Andijon viloyati hokimligining mazkur holat bo‘yicha bildirgan rasmiy munosabatida viloyat hokimligi binosi oldiga murojaat bilan kelgan fuqarolar yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga amal qilmagani uchun tartibsizlik yuzaga kelgani, shu kunning o‘zida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abdujabbor Egamberdiyev tomonidan fuqarolar qabuli tashkil etilgani, ushbu fuqarolarga viloyat hokimining qabuli tasdiqlangan jadvalga asosan har oyning oxirgi shanba kunida o‘tkazilishi tushuntirilgani haqida so‘z boradi. Biroq murojaatchilarga chora ko‘rilgani haqida keyinchalik hech qanday rasmiy xabar berilmagan.

Mavzuga oid