O‘zbekiston | 18:26 / 14.11.2020
18209
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu juda ham yuqori ko‘rsatkich». Moliya vaziri o‘rinbosari oshib ketayotgan davlat xaridlari haqida

Moliya vaziri o‘rinbosari Odil Isoqov joriy yil amalga oshirilgan davlat xaridlari haqida ma'lumot berdi. To‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma qilish orqali olingan davlat xaridlari 37 foizni tashkil qilyapti. Moliya vaziri o‘rinbosari buni xavotirli holat sifatida ko‘rishini aytdi.

7 noyabr kuni o‘tkazilgan korrupsiya masalalariga doir idoralararo yig‘ilishda Moliya vaziri o‘rinbosari Odil Isoqov davlat xaridlari masalasiga to‘xtalib o‘tdi. U davlat xaridlari — eng dolzarb mavzulardan biri ekanini ta'kidladi.

2020 yilning 9 oyidagi statistika ma'lumotiga ko‘ra, jami 85 trillion so‘mlik davlat xaridlari amalga oshirilgan. Xususan, budjet buyurtmachilari tomonidan – 33 trillion, korporativ buyurtmachilar tomonidan – 35,5 trillion, strategik ahamiyatga ega xo‘jalik  jamiyatlari va korxonalari tomonidan – 17,4 trillion so‘mlik xarid amalga oshirilgan.

Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqovning ma'lum qilishicha, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma qilish orqali olingan davlat xaridlari 37 foizni tashkil qilyapti.

«Bu juda ham yuqori ko‘rsatkich, afsuski. Mana shuning ustida yana ko‘proq ishlashimiz kerak. Hozirgi kunda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritilgan. Bu hozirda Oliy Majlis fraksiyalari tarafidan bevosita ko‘rib chiqilyapti», — dedi u.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov davlat xaridlari tizimida qonun talabi buzilayotgani, ammo bunga yarasha javobgarlik yo‘qligini ta'kidlagandi. Shu tufayli, qonunning yangi tahrirdagi loyihasi parlamentga kiritilgan va deputatlar tomonidan qabul qilinishi kutilmoqda. Qonun loyihasidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida Moliya vazirligi mas'ul xodimi Kun.uz’ga ma'lumot bergandi.

Avvalroq, Surxondaryo viloyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshirilgan qariyb 3 mlrd so‘mlik davlat xaridlari haqida ma'lumotlar tarqaldi. Jumladan, Moliya vazirligi tomonidan “Neksiya-3” rusumli xizmat avtomashinasi sotib olishga rozilik berilganiga qaramay, Surxondaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi tomonidan 349 mln so‘mga Equinox avtomobilini xarid qilgan. Pandemiya davrida hokimlik va budjet tashkilotlari tomonidan qimmatbaho avtomobillarni xarid qilish holatlari tez-tez uchrab turibdi.

 

Mavzuga oid