Jamiyat | 10:00 / 14.11.2020
17168
3 daqiqa o‘qiladi

Oqdaryo buyum bozoridagi yong‘in: do‘kondorlar o‘t o‘chiruvchilar kech kelganidan norozi va yordamga muhtoj

Oqdaryo tuman markazi Loyish shaharchasining Amir Temur ko‘chasida joylashgan «Oqdaryo Savdo kompleksi» MChJga qarashli buyum bozorida 12 noyabr, payshanba kuni soat 18:25 atrofida yong‘in sodir bo‘ldi.

Kun.uz muxbirlari hodisa yuz bergan joyda bo‘lib, do‘konlari yonib kul bo‘lgan savdogarlar, o‘t o‘chiruvchilar va voqea guvohlariga mikrofon tutishdi.

Oqdaryo tuman FVB yong‘in-qutqaruv qismi hodisa haqida xabar kelib tushgach, yong‘in sodir bo‘layotgan joyga 2 ta o‘chirish mashinasi 6 daqiqada yetib borganini iddao qilmoqda. Yong‘inni o‘chirishda Ishtixon tumanidan bitta, Samarqand shahridan 2 ta o‘chirish mashinasi jalb qilingan, – deydi tuman FVB boshlig‘i o‘rinbosari Shohrux Mahmudov.

Zarar ko‘rgan do‘kondorlar bor-budi kuyib kul bo‘lganini aytishmoqda. Shuningdek, ular o‘t o‘chirish xizmatining sust ishlaganidan juda norozi. Ular voqea joyiga chaqiruv qo‘ng‘irog‘idan so‘ng yarim soat o‘tgach yetib kelgan. Ish qurollari ko‘ngildagidek bo‘lmagan, o‘t o‘chirish mashinalarining shlanglari teshilib yotganini ko‘rishganini aytishmoqda.

Do‘kondorlar savdosini yo‘lga qo‘yish va do‘konni ta'mirlash uchun davlat yordam berishini istashmoqda. Chunki ularning har biri ko‘rgan zarar kamida 70–80 million so‘mni tashkil etmoqda. Boz ustiga, hali yongan do‘konni ham ta'mirlash kerak bo‘ladi.

Voqea guvohi bo‘lgan bozor qorovuli Sharof Islomovning aytishicha, shu kuni soat 18 dan o‘tganda elektr chirog‘i o‘chib qolgan. Do‘konlarni aylanib tekshirib yurganida, ulardan birida yong‘in bo‘layotganini ko‘rgan. O‘t o‘chirish xizmatiga qo‘ng‘iroq qilingan, yong‘inni chelakda suv tashib o‘zlari o‘chirishga harakatni boshlashganda, olov tepaga o‘rlab, butun do‘konni qoplab olgan. Qorovulga ko‘ra, o‘t o‘chirish mashinalari 25-30 daqiqada yetib kelgan. Bu vaqtda olov qo‘shni do‘konlarni ham qamrab olgan edi.

Kiyim-kechaklar va boshqa buyumlar bo‘lgan 14 ta savdo do‘konlarini o‘chirish uchun taxminan 1 soatu 10 daqiqa vaqt ketgan. Yong‘inning umumiy maydoni 180 kv.m.ni tashkil etgan.

Yong‘inda tan jarohati olganlar va vafot etganlar yo‘q, – deyiladi tuman hokimligi axborot xizmati xabarida.

Otabek Sharofov, Kun.uz muxbiri

Jahongir Aliboyev, operator

Mavzuga oid