Jahon | 11:42 / 17.11.2020
14914
3 daqiqa o‘qiladi

Armaniston prezidenti bosh vazir Nikol Pashinyan iste'foga chiqishi muqarrarligini aytdi   

Foto: Armen Sarkisyan

Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan muxolifatning vaqtinchalik milliy kelishuv hukumati tashkil etish va muddatdan oldin saylovlar o‘tkazish talabini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, u bosh vazir Nikol Pashinyan iste'foga chiqishi muqarrar ekanini aytdi.   
 
Sarkisyan bu haqda 16 noyabrda millatga videomurojaatida aytib o‘tdi.

“Biz jang maydonida ham, diplomatik va xalqaro maydonlarda ham yutqazdik. Yuzaga kelgan vaziyatni, jamiyat talabini hisobga olib, ichki siyosiy silsilalarning oldini olish uchun muddatdan oldin parlament saylovlari o‘tkazilishi muqarrarligi ayon narsadir”, deb aytgan Sarkisyan.

Uning ta'kidlashicha, bu ma'noda hukumat va hukmron siyosiy kuch o‘z salohiyatini xolis baholashi, qisqa muddatlarda konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish muddatlari bo‘yicha yo‘l xaritasini taqdim etishi yagona mas'uliyatli yondashuv bo‘ladi. Bu o‘zgarishlar natijasida muddatdan oldin parlament saylovlari o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

“Ungacha esa mamlakatni boshqarish yuqori malakali milliy kelishuv hukumatiga topshiriladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Armaniston prezidenti.

Uning aytishicha, u shu vaqt ichida ko‘plab siyosatchilar va jamiyatning turli sohalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi hamda uning taklifi umummilliy manfaatlardan kelib chiqmoqda.

“Uchrashuvlar ishtirokchilarining aksariyati bir masalada – bosh vazirning konstitutsiyaga muvofiq iste'foga chiqishi yoki vakolatlari tugatilishi hamda muddatdan avval parlament saylovlari o‘tkazilishi kerakligida yakdillar”, deb ta'kidlab o‘tgan Sarkisyan.

16 noyabrda Armanistonda o‘tgan navbatdagi norozilik namoyishlarida muxolifat Pashinyanning iste'fosini va uning hukumati tarqatilishini hamda vaqtinchalik vazirlar mahkamasi shakllantirilishi va muddatdan avval saylovlar o‘tkazilishini talab qilgan. Muxolifat Tog‘li Qorabog‘dagi jangovar to‘qnashuvlarni to‘xtatish maqsadida Ozarboyjon bilan tuzilgan kelishuvni “xalq orqasidan turib taslim bo‘lish haqida imzolangan haqoratomuz kelishuv” deb baholagan.

Sarkisyan, shuningdek, Ozarboyjon nazoratiga o‘tgan Gadrut shahri aholisi bilan uchrashuvda o‘t ochishni to‘xtatish haqida Armaniston bosh vaziri, Ozarboyjon va Rossiya prezidentlari o‘rtasida imzolangan bayonotga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytgan. 

 

Mavzuga oid