Foto: Toshkentda aholi sayyor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda
12 noyabr kuni tibbiy profilaktikaga oid prezident qarori qabul qilingan edi. Shu asosda ayni kunlarda Toshkent shahrining Olmazor tumani aholisi tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqda, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.
Aholini tekshirish tumandagi 19-oilaviy poliklinika xodimlari tomonidan ertalab soat 8:00dan 14:00gacha davom etmoqda.
Oilaviy poliklinika xodimlari 14 noyabrdan buyon ularga biriktirilgan 7ta mahallada yurib, ovoz kuchaytirgichlar yordamida aholini ko‘rikdan o‘tishga chaqiryapti.
19-oilaviy poliklinika bosh shifokori Muxarram Dadaxo‘jayevaning so‘zlariga ko‘ra, aholiga qulaylik yaratish maqsadida 7ta MFYning har birida reja asosida tibbiy punktlar tashkil etilgan.
«Tibbiy ko‘rik davomida asosan 40 yoshdan oshgan fuqarolarni oilaviy shifokorlar, tor soha mutaxassislari hamda laborator va instrumental tekshiruvlardan o‘tkazyapmiz.
Bir necha yillar davomida yashirin va yaqqol belgilarsiz kechishi mumkin bo‘lgan qandli diabet, qalqonsimon bezdagi o‘zgarishlar, onkologik va boshqa bir qator kasalliklar, bemorlarning mutaxassislarga vaqtida murojaat qilmasliklari natijasida og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Bunday ko‘riklar esa kasalliklarning oldini olishga, uni o‘z vaqtida aniqlashga hamda kerakli choralarni ko‘rishga yordamlashadi.
Tashkil etilgan sayyor tibbiy ko‘riklar davomida shifokorlarimiz aholiga sog‘lom turmush tarzi, jismoniy tarbiya bilan doimiy shug‘ullanish, zararli odatlarning salbiy oqibatlari, to‘g‘ri va ratsional ovqatlanish yuzasidan kengroq tushuncha bermoqda. Bu aholining tibbiy savodxonligi hamda tibbiy madaniyatini oshirishga turtki bo‘ladi», – dedi Muxarram Dadaxo‘jayeva.
U shifokorlar mahallalarga chiqib ketsa, oilaviy poliklinikaning o‘ziga kelgan bemorlarga qarash uchun mutaxassislar yetishmovchiligi kuzatilmayaptimi, degan savolga javob berib o‘tdi.
Bosh shifokorning aytishicha, poliklinikada 19 nafar oilaviy shifokor bo‘lib, ularning faqat 2 nafari sayyor ko‘rik uchun chiqadi. Qolgani tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, tor soha mutaxassislari poliklinikada 2 nafardan bo‘lib, ulardan biri ham shifoxonada qoladi.
Ta'kidlash joiz, sayyor tibbiy ko‘rik vaqti fuqarolarning ish soatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Natijada aholining katta qismi tibbiy ko‘rikka kelolmasligi mumkin. Bu kabi takliflar o‘rganilib, sayyor tibbiy ko‘rik grafik-rejasi qayta ko‘rib chiqilishi ma'lum qilindi.
Mavzuga oid
16:01 / 28.10.2024
Qibrayda bepul tibbiy ko‘rik uchun o‘qituvchilardan pul olinayotgani aytilmoqda
11:28 / 22.07.2024
Nikohlanuvchilar qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerak?
21:45 / 01.07.2023
50 yoshdan oshgan ayollarga tavsiya qilingan tibbiy tekshiruvlar sanab o‘tildi
10:47 / 02.05.2023