O‘zbekiston | 20:27 / 17.11.2020
8573
3 daqiqa o‘qiladi

Raqamli iqtisodiyot rivojiga bank tizimi va internet zarur - «O‘zbekiston eksportchilari» uyushmasi raisi

O‘zbekistonda tadbirkorlarning raqamli iqtisodiyot, xususan elektron savdo imkoniyatlaridan keng foydalanishi uchun internet va bank tizimi isloh qilinishi lozim, deb hisoblaydi Muxtor Umarov.

16 noyabr kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida raqamli iqtisodiyotni shakllantirishga to‘sqinlik qiluvchi omillar muhokama etildi.

Yig‘ilishda «O‘zbekiston eksportchilari» uyushmasi raisi Muxtor Umarov soha rivojiga to‘sqinlik qiluvchi omillar, jumladan, raqamli iqtisodiyotni shakllantirishga xalaqit qiladigan masalalarni bildirdi.

«Raqamli tijoratga o‘tishda bizga (O‘zbekistondagi biznes egalari – tahr.) eng katta muammo – bank tizimi. Undagi yangi va zamonaviy bank mexanizmlarining ishlamasligi bizni, afsuski, chet el bozorlarida o‘z faoliyatimizni olib borishga katta to‘sqinlik qilyapti.

Masalan, faktoring tizimi ancha avval amaliyotga tatbiq etilgan, butun dunyo tijoratchilari tizimdan foydalanadi. Afsuski, bizda (O‘zbekiston bank tizimida – tahr.) bu deyarli ishlamaydi. Amaliyot bo‘lmagani uchun tadbirkorlar ham tushunmaydi. Faktoring nafaqat eksportda, balki ichki bozorda ham ishlamaydi. Bundan tashqari, diskaunting, akkreditiv tizimlari ham yo‘q. Tadbirkorlar moliyaviy yechimni kredit orqali ko‘ra olyapti, aslida, kredit oxirgi yechim va ungacha mavjud ko‘p yechimlar ishlamayapti», — deydi u.

Ma'lumot uchun, faktoringda faktorfirma mijoz (tovar yetkazib beruvchi)lardan qarzdorlarning qisqa muddatli qarzlarini undirish huquqini sotib oladi va firmalarning qarzlarini (majburiyatlarini) mijozga to‘laydi, ya'ni qarzni qaytarish muddatidan oldin uning 70-90 foizini mijozga qaytaradi, qarzning qolgan qismi, foizlar chegirilgan holda qarzdorlar faktorfirma oldidagi o‘z qarzini batamom uzganidan keyin qaytariladi. Faktoringda mijoz o‘zining qarzdorlaridan qarzni undirish huquqini faktorfirmaga o‘tkazadi.

Shuningdek, Muxtor Umarov raqamli iqtisodiyotga o‘tishda internet tezligi masalasini ham eslatib o‘tdi.

«Viloyatlarda bu borada ancha ortda qolganmiz. Internet tezligini yaxshilash bo‘yicha tadbirkorlarga amaliy ko‘mak zarur», — deydi u.

Freedom House nodavlat tashkilotining internetdagi erkinlikka doir «Freedom on the Net 2020» an'anaviy hisobotida O‘zbekiston internet erkin bo‘lmagan mamlakatlar ro‘yxatida qayd etilgan va internet tezligi bo‘yicha ro‘yxatning quyi o‘rinlaridan joy olgan.

Mavzuga oid