Jahon | 20:30 / 18.11.2020
6429
2 daqiqa o‘qiladi

“Vazirlik ishida xatolarga yo‘l qo‘yildi va buning uchun javobgarlik mening zimmamda” – Daniya qishloq xo‘jalik vaziri iste'fo berdi

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, u parlament roziligini olmasdan turib koronavirusga qarshi kurashish uchun millionlab qorako‘zanlarni qirib tashlash qarorini chiqarib xatoga yo‘l qo‘ygan.

Foto: AP

Daniya qishloq xo‘jaligi vaziri mamlakatdagi barcha qorako‘zanlarni qirib tashlash rejasi bilan bog‘liq vaziyat tufayli iste'foga chiqishini ma'lum qildi.

 "Bugun bosh vazirni hukumatni tark etmoqchi ekanligimdan xabardor qildim", - deya vazirning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Associated Press.

 "Men rahbarlik qilgan vazirlik ishida xatolarga yo‘l qo‘yildi va buning uchun javobgarlik mening zimmamda", - deb qo‘shib qo‘ydi u.

 Vazirning so‘zlariga ko‘ra, u parlament roziligini olmasdan turib koronavirusga qarshi kurashish uchun millionlab qorako‘zanlarni qirib tashlash qarorini chiqarib xatoga yo‘l qo‘ygan.

4 noyabrda Daniya hukumati odamlar orasida koronavirusning qorako‘zanlarda mutatsiyaga uchragan shakli bilan kasallanish holatlari aniqlangandan keyin mamlakatda yetishtiriluvchi barcha qorako‘zanlarni yo‘q qilishni buyurgandi. Mahalliy fermerlar bu qarorga norozilik bildirgan, OAV esa qonun bunday qaror chiqarishga imkon bermasligini yozgandi.

Noroziliklar ortidan Daniya hukumati mamlakatdagi 15 mln bosh qorako‘zanni yo‘q qilish to‘g‘risidagi qaror loyihasini parlamentga kiritdi. 17 noyabr kuni esa parlamentdagi partiyalar ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlagani xabar qilindi.

 Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Daniyadagi qorako‘zan yetishtiruvchi fermalarning 200dan ortiq ishchisi koronavirus yuqtirgan, 283ta fermadagi jonivorlar koronavirusga chalingan, 265ta fermada barcha jonivorlar yo‘q qilingan. Mamlakatda 1139ta ana shunday ferma faoliyat olib boradi, ularda 6000dan ortiq kishi ishlaydi. Bu fermalar jahon bozoridagi qorako‘zan mo‘ynalarining 40 foizini yetkazib beradi.

Avvalroq Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Gretsiya va AQShdagi qorako‘zan yetishtiruvchi fermalarda koronavirus bilan bog‘liq holatlar qayd etilgandi.

Mavzuga oid