O‘zbekiston | 10:56 / 20.11.2020
7590
4 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar iste'molning ortishi tufayli yuzaga kelishini ma'lum qildi

Elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlarning asosiy sababi – havo haroratining sovib ketishi natijasida elektr energiyasi iste'molining keskin ortib ketishi tufayli yuzaga keladi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Ta'kidlanishicha, qisqa muddatli uzilishlar tizimdagi katta avariyalarning oldini olishga imkon beradi.

«Buning sababi shundaki, har qanday energiya tizimida uning barqaror ishlashi uchun har qanday vaqtda iste'mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi energiya muvozanati (balansi) ta'minlanishi muhim.

Ushbu jarayon iste'molchilarga elektr energiyasini ishonchli va uzluksiz yetkazib berish va energiya tizimining muammosiz ishlashini ta'minlash nuqtayi nazaridan juda muhimdir. 

Elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortishi (yozda jazirama issiq mavsumidagi yoki qahraton qish mavsumidagi sovuq ob-havoda) kuzatilgan paytda hatto rivojlangan mamlakatlarda ham iste'mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi energiya balansini ta'minlash juda qiyin vazifa bo‘lib qolmoqda. Bunda katta avariyalarni va butun mamlakatda iste'molchilar elektr energiyasi ta'minotidan uzilishini oldini olish uchun elektr energiyasi ta'minotida cheklovlar joriy etilishiga majburan olib keladi. 

Dispetcherlik markazi tomonidan energotizimda muvozanat saqlash jarayoni o‘z vaqtida ta'minlamasa, tizimdagi «zo‘riqish» turli yirik avariyalarga sabab bo‘lib, katta-katta hududlarda uzoq vaqt elektr energiya bo‘lmasligiga olib keladi», - deyiladi vazirlik ma'lumotida.  

Bildirilishicha, energiya balansini ta'minlash mumkin bo‘lmagan holatlarda, hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining dispetcherlik boshqarmasi iste'molchilar bir qismining reja jadvaliga muvofiq cheklovlar o‘rnatishga majbur bo‘ladi. Ushbu grafiklar, qoida tariqasida, past kuchlanishli (0,4 kV, 6 - 10 kV) taqsimlash elektr tarmoqlarini o‘z ichiga oladi.

«Bu harakatlar mamlakat energetika tizimida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarning oldini olishga qaratilgan. Bu esa elektr energiyasini kechayu kunduz muntazam ravishda monitoring qilib borish va dispetcher nazoratining o‘z vaqtida javob berish imkonini beradi.

Elektr energiya tizimi – elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmoqlari orqali transportirovka qilish, elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlari va iste'molchilarni o‘z ichiga olgan murakkab tuzilma hisoblanadi.

Elektr energetikasining boshqa ishlab chiqarish soha va yo‘nalishlardan farqi hamda o‘ziga xos xususiyati shundaki, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va iste'mol qilish — bir paytning o‘zida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan yagona texnologik jarayon bo‘lib, har lahzada ular o‘rtasida tenglik (muvozanat) o‘rnatish nihoyatda muhim vazifa. Sohaning ushbu jihati butun dunyo elektr energiya tizimlariga xos xususiyatdir», – deya ma'lum qildi vazirlik.

Qayd etilishicha, bunday hollarda jiddiy tizimli avariyalarning oldini olish uchun energiya tizimini rivojlantirish, uning energiya samaradorligini oshirish va tizimni energiya resurslari bilan ta'minlash sharoitlarini yaxshilash zarur. 

Mavzuga oid