«100 foiz elektr energiyasi o‘chmaydi, deb hech kimni aldamoqchi emasmiz» – Ulug‘bek Hakimov
“Hududiy elektr tarmoqlari” mutaxassisi O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida elektr energiyasi kuchlanishining o‘ta pastligiga doir savolga javob berdi.
24 noyabr kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlari bo‘yicha matbuot anjumani hamda press-tur bo‘lib o‘tdi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ elektr tarmoqlaridan foydalanish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ulug‘bek Hakimov O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida elektr energiyasi kuchlanishining o‘ta pastligiga doir savolga javob berdi.
“Energetika tizimimizda elektr energiyasi iste'molining minimum va maksimum degan tushunchalari bor. Respublikadagi iste'mol miqdori sutka davomida o‘zgarib turadi. Tungi minimum odamlar uyquga yotganda boshlanadi, ertalab hamma uyg‘onib ishga yoki o‘qishga ketgunga qadar ertalabki maksimum vaqti bo‘ladi. Shundan so‘ng kun davomida barqarorlik kuzatiladi, hamma ishdan qaytadigan soat 18:00dan esa kechki maksimum boshlanadi. Bu vaqtlarda energiya iste'moli ancha oshadi. Bunda eng asosiysi, transformatorlarimizda ortiqcha yuklama bo‘lmasligi va kuchlanish tushib ketmasligi uchun “ideal chiziq”ni topib olishimiz kerak.
Hozir mana shu maksimum vaqtlarda elektr iste'moli keskin ortmoqda. Bu xalqimizning yashash sharoitlari ortishi bilan bog‘liq. Oldinlari bitta xonadonda bittadan televizor va xolodilnik bo‘lgan bo‘lsa, hozirda televizorlar, mikroto‘lqinli pech, internet vositalari va boshqa ko‘plab qulayliklar mavjud.
Biz bu yo‘nalishda ishlarni davom ettiramiz, kuchlanish pasayishining oldini olish uchun 80 mingta transformatorga teng taqsimlashimiz kerak yoki tarmoqlarni bo‘lishimiz kerak. Boshqa yo‘li yo‘q. Qayerda energiya iste'moli oshmoqda, qayerga ko‘proq urg‘u berishimiz kerak, qaysi transformatorni almashtirishimiz kerak – bu yo‘nalishlarda ASKUE tizimi bizga onlayn tahlilni berib boradi.
Bu [ASKUE tizimi] faqat qarzdorni o‘chirish yoki pul yig‘ib olish uchun emas, bizga ham mukammal ko‘makchi, ham shaffof tizim hisoblanadi”, – deydi Ulug‘bek Hakimov.
Ulug‘bek Hakimov “Sifatsiz elektr energiyasi uchun uning narxlarini kamaytirish kerak emasmi? Nega Toshkentda yorug‘ va doimiy elektr energiyasiga ega bo‘lgan aholi bilan chekka hududlardagi aholi sifatsiz, xira va doimiy yonmaydigan chiroq uchun bir xil pul to‘lashi kerak?” degan savollarga ham javob qaytardi.
“Asosiy maqsadimiz ham shu – birinchi navbatda sifat ko‘rsatkichini oshirish, lekin 100 foiz elektr energiyasi o‘chmaydi, deb bugungi kunda hech kimni aldamoqchi emasmiz. Xodimlarimiz tun-u kun navbatchilikda turib uzilishlar davomiyligini qisqartirib, elektr energiyasini yetkazib berish ustida ish olib bormoqda. Balki biz ishimizni ko‘rsata olmayotgan bo‘lishimiz mumkin, lekin orqamizdagi 25 ming kishilik armiyamiz qorli-qirovli kunlarda ham qayerda avariya bo‘lsa o‘sha yerga borib muammolarni hal qilmoqda”, – dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mutaxassisi.
Lekin sifatsiz elektr energiyasi uchun to‘lanadigan mablag‘ miqdori haqidagi savol ochiq qoldirildi.
Mavzuga oid
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
21:29 / 29.10.2024
Jizzaxda 8,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan “metan zapravka” aniqlandi
00:36 / 19.10.2024
Kuba elektr energiyasidan butkul uzilib qoldi
23:32 / 18.10.2024