Jamiyat | 21:35 / 25.11.2020
11594
3 daqiqa o‘qiladi

Qandli diabet nasldan naslga o‘tmaydi – mutaxassis

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bolalar endokrinologiyasi bo‘limi mudiri, oliy toifali shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi Shahnoza Azimova bilan intervyuda qandli diabet kasalligiga oid dolzarb savollarga javob oldi.

— Qandli diabet xavfli endokrin kasalliklardan biri sifatida yosh bolalarda, hattoki chaqaloqlarda ham qandli diabet ko‘payib borayotganining sababi nimada? Uning ilk belgilari bolalarda qanday namoyon bo‘ladi?

— Bolalar va o‘smirlarda uchraydigan qandli diabetning 1-turi tezkor tashxis va davolash talab qiladi. Albatta, o‘z paytida tashxis qo‘yilsa va davo muolajalari to‘g‘ri olib borilsa, ota-onalar, o‘smirlar va bolalarga yetarlicha tushuntirishlar berilib, nazoratga olinsa, kasallikdan forig‘ bo‘lish mumkin. Lekin buning aksi bo‘lsa, xavfli endokrin kasallik hisoblanadi.

Qandli diabet 1-tur kasalligi oxirgi paytlarda kichik yoshdagi bolalarda tashxislanmoqda va buning asosiy sabablaridan biri virusli kasalliklar tufayli immun tizimidagi boshlang‘ich o‘zgarishlardir.

Albatta, tashqi muhit, onaning homiladorlik paytidagi holatlari ham rol o‘ynaydi. Kasallikning ilk klinik belgilari bolalar holatidagi o‘zgarishlarni, ya'ni holsizlik, chanqash, ozish, tez-tez peshobga borishga shikoyatlarining aniq muddatini ayta oladilar va oxiri 10-15 kun ichida umumiy holatning keskin yomonlashuvidan shikoyat qiladilar.

— Qandli diabetning 1-turi nasldan naslga o‘tadimi?

— Qandli diabetning 1-turi kelib chiqishida nasliy beriluvchanlik bo‘lib, uning asosida autoimmun o‘zgarishlar yotadi. Bir oiladan 2-3 farzandda, ota-bola yoki ona-bolada uchrash holatlari bor. Lekin bu oilada qandli diabet avloddan avlodga 100 foiz o‘tadi degani emas.

— Qandli diabetga chalingan bolalarda uning asoratlari qoladimi?

— Kasallikning 1-turi mutlaq insulinga bog‘liq o‘tkir kechuvchi holat bo‘lsa-da, shifokor tavsiyalari asosida doimiy nazorat — glikemik nazorat, insulinoterapiya, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikka amal qilinsa, kasallik asoratlari yuzaga kelmaydi va hayot sifati pasaymaydi. Agar tavsiyalarga rioya qilinmasa, farzandlar nazoratsiz qoldirilsa, erta va kechki asoratlar yuzaga chiqishi mumkin. Bular: jismoniy va jinsiy rivojlanishning orqada qolishi, spetsifik asoratlar — buyrak, ko‘zlarda, nerv to‘qimalaridagi asoratlardir.

Mavzuga oid