Suv hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish kechikayotganiga izoh berildi
«O‘zsuvta'minot» hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish kechikayotgani sabablarini keltirdi. Tashkilot xodimlar tanqisligi, laboratoriyalar yetishmasligi, ba'zi hududlarda ularning ta'minotchi korxonadan uzoq masofada joylashgani kabi omillarni sanab o‘tgan.
Ichimlik suvini hisobga olish uskunasini (hisoblagichni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish xizmatlari bo‘yicha sustkashliklar kuzatilayotgani haqida iste'molchilardan ko‘p sonli murojaatlar kelib tushmoqda. «O‘zsuvta'minot» AJ bu borada tushuntirish berdi.
«Ma'lumki, 2019 yil 20 avgustda Vazirlar Mahkamasining «Yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.
Mazkur qaror kuchga kirgandan buyon ichimlik suvi hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish uchun jami 76 mingdan ziyod murojaat davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilingan bo‘lsa, bugungacha ulardan 32 mingdan ziyodi yoki 42 foizi qanoatlantirilgan. Vaholanki, ushbu ko‘rsatkichga ham «O‘zsuvta'minot» AJning hududiy suv ta'minoti korxonalarining bor imkoniyatlarini ishga solish hisobiga erishilmoqda. Murojaatlarning o‘z vaqtida qanoatlantirilishida kechikishlar yuzaga kelayotganiga esa quyidagi sabablar bor.
Bugungi kunda suv ta'minoti korxonalarining respublika bo‘yicha jami filiallar soni 199 tani tashkil etadi. Agar Toshkent shahri misolida olinsa, bevosita suvni hisobga olish uskunasini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatishga tegishli vakolati (sertifikati) bor xodimlarimiz soni 20 nafarni yoki hisoblagich o‘rnatilgan har 31962 nafar abonentimizga 1 nafarni tashkil etadi. Boshqa hududlarda ham ayni yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan xodimlarimiz soni yetarli darajada emas.
Ushbu xodimlarimiz «O‘zstandart» agentligining respublikamiz bo‘ylab 17 ta bo‘limi va chekka hududlardagi 43 ta metrologik xizmat ko‘rsatish markazlari bilan ishlaydi. Ko‘rinib turibdiki, hozirda xodimlar tanqisligi, laboratoriyalar yetishmasligi, ba'zi hududlarda ularning ta'minotchi korxonadan uzoq masofada joylashgani xizmatlarni ko‘rsatishda kuzatilayotgan kechikishlarga olib kelmoqda.
Tabiiy savol tug‘iladi: xodimlar sonini ko‘paytirishga nima xalaqit beradi? Javob topishga harakat qilamiz. Amaldagi tartibga muvofiq, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunasini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun jismoniy shaxslardan bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi (44 600 so‘m), yuridik shaxslardan bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari (334 500 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi va mazkur xizmatga aloqador tashkilotlar kesimida taqsimlanadi.
Jumladan, ta'minotchi korxona misolida olinsa, har bir uskuna uchun yig‘imdan jismoniy shaxslar bo‘yicha 8920 so‘m, yuridik shaxslar bo‘yicha 66 900 so‘m hududiy suv ta'minoti korxonalariga kelib tushmoqda. Amalda esa ushbu xizmatlar xarajatlari 3–4 baravar qimmatga aylanmoqda. Xususan, uskunani yechish, o‘rnatish ishlari, yo‘l va boshqa xarajatlar miqdori jismoniy shaxslar uchun 43 551 so‘m, yuridik shaxslar uchun esa hisoblagichlarning o‘lchamiga qarab 90 747 so‘mdan 240246 so‘mgacha tashkil qilmoqda.
Bu vaziyatda ta'minotchi korxonalar iqtisodiy zararga kirib, xarajatlarni qoplash maqsadida mehnat resurslarini qisqartirishga majbur bo‘lmoqda. Ammo bu suv hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazishda yuzaga kelayotgan kechikishlar bartaraf etilmaydi, degani emas. Bugungi kunda suv hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazishda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartiblarini takomillashtirish bo‘yicha «O‘zsuvta'minot» AJ tomonidan tegishli hisob-kitoblar va takliflar tayyorlanmoqda. Shuningdek, hududiy suv ta'minoti korxonalari tasarrufida metrologik xizmat ko‘rsatish laboratoriyalarini tashkil etish orqali xizmat ko‘rsatish muddatlarini qisqartirish masalasi ham o‘rganilmoqda», – deyiladi «O‘zsuvta'minot» AJ axborotida.
Mavzuga oid
12:32 / 08.09.2024
“O‘zsuvta’minot” muhim eslatma bilan chiqdi
10:02 / 10.07.2024
Yunusobodda quvur yorilishi oqibatida 80-85 ming kub metr ichimlik suv yo‘qotildi – “O‘zsuvta’minot”
16:43 / 06.07.2024
Suv o‘lchaydigan ibtidoiy “innovatsiya” – “O‘zsuvta’minot” Navoiyda suvni isrof qilmoqda
16:15 / 21.06.2024