Uy, ish, propiska, berilmayotgan ish haqi... Toshkent shahar “to‘rtligi” ommaviy qabulda qanday murojaatlarni ko‘rib chiqdi?
26 noyabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasida bo‘lib o‘tgan ommaviy qabulda Toshkent shahrining sektor rahbarlari va mutasaddilar arizachilarni qabul qilishdi. Jumladan, sayyor qabulda o‘zining ikki nafar o‘rinbosari bilan birga tadbirda ishtirok etgan Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev do‘stlari bilan bir oyda davomida qurilishda ishlab, ish haqini undira olmayotgan surxondaryolik Dilmurod Norqulovning arzini tingladi.
«Pul undirish masalasida kelgandim. O‘n kishi bir oy davomida Shayxontohur tumanida Kamolon mahallasidagi qurilish firmalarida ishladik. Biroq kelishilgan ishni bajarib bo‘lganimizdan so‘ng oradan bir necha oy o‘tsa hamki ish haqimizni ololganimizcha yo‘q. Shundan beri Surxondaryo – Toshkent o‘rtasida sarsonman. 28 kun avval Shayxontohur tumani prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilgandim, biroq haligacha javob ololmadim.
Bir oylik ishimiz uchun 49 mln 500 ming so‘m berishi kerak. O‘rtada og‘zaki kelishuv bo‘lgan. Biroq ish beruvchi kelishuvdan tonmoqda. O‘n kishi ishlaganmiz, 393 kvadrat metrlik ish hajmini bajarganmiz. Lekin ish beruvchi mening ish haqimni beryapti, qolgan sheriklarimni tanimayman deyapti. Men 10 kishiga brigadir bo‘lib, 10ta kvartiraning ishini qilganmiz», – deydi jabrlanuvchi.
Bahriddin Valiyev mazkur murojaat bo‘yicha hujjatlarni 5 kun ichida o‘rganib, Dilmurod Norqulovning manfaatlarini ko‘zlab sudga da'vo arizasi kiritish bo‘yicha shahar prokuraturasining mas'ul xodimlariga topshiriq berdi.
Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Toshpo‘latov turizm politsiyasiga ishga kirish istagida qabuliga kelgan qashqadaryolik yigit bilan ingliz tilida muloqot qildi. Uning bilim darajasidan qoniqish hosil qilgach, unga ayni paytda u xohlayotgan xizmatda bo‘sh ish o‘rni mavjud emasligini aytib, vaqtincha boshqa yo‘nalishda ishlab turishni taklif qildi.
«Qashqadaryo viloyatidanman. Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Aziz Toshpo‘latov ommaviy qabul o‘tkazayotganini eshitib, ish so‘rab murojaat qildim. Turizm politsiyasiga ishga kirmoqchi edim. Ammo ayni paytda bu yo‘nalishda bo‘sh ish o‘rni yo‘qligi sababli menga profilaktika inspektori bo‘lib ishlashni, keyinchalik vakansiya paydo bo‘lishi bilan boshqa xizmatga o‘tishim mumkinligini aytishdi. Asosiy maqsadim – qaysi xizmat bo‘lmasin, ichki ishlar tizimiga ishga kirish», – deydi Akbarjon Xudoyberdiyev.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning o‘rniga uning birinchi o‘rinbosari Hotambek Shokirov, shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Normat Tursunov ommaviy qabul davomida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishdi. Jumladan, hokim o‘rinbosari qabulida asosan uy-joyga muhtoj, ijtimoiy himoya olish istagidagi fuqarolarni uchratgan bo‘lsak, soliq boshqarmasi boshlig‘i aholi va tadbirkorlarning soliq to‘lovlari bilan bog‘liq arzlarini tingladi.
Eslatib o‘tamiz, 24 noyabrdan Toshkent shahrining 11 tumanida prezidentning xalq qabulxonalari tomonidan ommaviy qabullar haftaligi o‘tkazilmoqda. Haftalik davomida odamlar hududlarning xalq qabulxonalari, to‘rtta sektor rahbarlari, hududiy boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari bilan uchrashib, o‘zlarini qiynayotgan muammolarga yechim izlashmoqda.
Umuman, sektor rahbarlarining aholi bilan jonli muloqoti davomida ko‘pdan beri yechimini kutayotgan qator masalalarga yechim topilgani, ijrosi ma'lum vaqt talab qiladigan murojaatlar esa rahbarlar tomonidan alohida nazoratga olinayotgani e'tiborga molik. Fikrimizcha, quyi bo‘g‘inlardagi rahbarlar zimmalaridagi vazifalarini sidqidildan ado etishga odatlanishsa, bunday ommaviy qabullarga hojat ham qolmaydi.
Mavzuga oid
18:20 / 16.12.2024
Damasʼdan Kia Sonetʼgacha: “Halol Avtolizing”chilar yuzlab odamni aldagani ma’lum bo‘ldi
12:06 / 16.11.2024
“Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri zavod bilan ishlaymiz”: Toshkentda 16 kunlik firma odamlarni “halol lizing”ga mashina olib berishga ishontirmoqda
16:21 / 11.11.2024
Toshkent shahri havosini eng yomon deb ko‘rsatgan stansiya buzilib qoldi
14:14 / 24.10.2024