Jahon | 17:07 / 29.11.2020
14204
10 daqiqa o‘qiladi

Efiopiyadagi urush: hukumat Tigray markazi egallanganini ma'lum qildi, ayirmachilar kurashni davom ettirmoqchi

Efiopiya qurolli kuchlari bir necha haftadan beri markaziy hokimiyat va Tigray ozodlik xalq fronti partiyasi o‘rtasida qurolli ixtilof davom etayotgan Tigray shtati poytaxti Mekele ustidan nazorat o‘rnatdi.

Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad Ali hukumat kuchlari harbiy amaliyotni yakunlashgani va endilikda Tigray markazi - isyonchi kuchlar poytaxti Mekele shahri to‘liq nazorat ostiga olingani haqida ma'lum qildi. Harbiy harakatlar noyabr oyi boshida boshlangan va Afrika Shoxi mintaqasidagi vaziyat izdan chiqishi xavfi yuzaga kelgandi.

Bir necha kun oldin efiopiyalik harbiylar Sudan va Eritreya bilan chegaradosh bo‘lgan shimoliy provinsiya - Tigrayga keng ko‘lamli yurish boshlagandi. Bu hujum haqida hudud yetakchilari va gumanitar tashkilotlar xabar berishgandi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, armiya Mekelega kirgan.

«Shuni mamnuniyat bilan xabar qilamanki, biz Tigray hududidagi harbiy harakatlarni yakunladik. Hozirda biz e'tiborimizni region tiklanishi va insonparvarlik yordami yetkazib berishga qaratganmiz, federal politsiyasi esa «Tigray ozodlik xalq fronti»ni tiyib turadi», deya yozgan bosh vazir tvitterdagi sahifasida.

Hukumat harbiylari va «Tigray ozodlik xalq fronti» (TOXF) o‘rtasidagi qurolli ziddiyat uch haftadan ortiq vaqt davom etayotgandi. Bu vaqt ichida minglab kishilar halok bo‘lgan, o‘n minglab kishilar qochqinga aylangan. BMT keng miqyosdagi gumanitar inqirozdan ogohlantirgandi.

Noyabr oyi boshida bosh vazir Abiy Ahmad Ali TOXFga qarshi harbiy amaliyot boshlangani haqida e'lon qildi.

2019 yilda qo‘shni Eritreya bilan ko‘p yillik nizoni hal qilgani uchun tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Efiopiya bosh vaziri xalqaro tashkilotlarning ayirmachilar bilan muzokaralar stoliga o‘tirish haqidagi chaqiriqlariga quloq solishni istamadi, «Tigray ozodlik xalq fronti» esa g‘alabali yakunga qadar kurashishni va'da qildi.

Efiopiya armiyasining general-leytenanti Hasan Ibrohim yakunlangan hafta davomida hukumat harbiylari Mekeledan shimolda joylashgan Vikro shahri va atrofdagi boshqa kichik shaharchalarni egallashgani haqida ma'lum qilgandi.

Efiopiya hukumati tomonida turib jang qilayotgan amharalik jangchilar / AFP

Isyonchilar rahbari Debretsion Geberemaykl Reuters agentligiga bergan ma'lumotida Tigray poytaxtiga artilleriya orqali zarbalar yo‘llangani, hukumat harbiylari shaharni egallash uchun yurish boshlagani haqida ma'lum qildi.

Geberemaykl «tigrayliklar o‘z mustaqilligini himoya qilishda davom etishi va bosqinchilarga qarshi oxirigacha kurashishi»ni ta'kidlagandi.

Avvalroq Efiopiya hukumati ayirmachi kuchlarga ultimatum qo‘ygan - qurollarni topshirish yoki Mekele qamal qilinishiga tayyorlanish. Ultimatum muddati payshanbaga o‘tar kechasi yakunlandi. Juma kuni harbiylar yurishning «yakuniy bosqichi» boshlanganini e'lon qilishdi.

Efiopiyalik harbiylar mintaqaga kirib kelishganidan keyin yuzlab kishilar halok bo‘lgan, minglab kishilar boshpanalarini tashlab ketishga majbur bo‘lishgan.

O‘tgan kunlar ichida Tigrayda nimalar bo‘lgani haqida aniq va batafsil ma'lumotlar olishning, voqealarni mustaqil baholashning imkoni yo‘q, chunki Tigrayda telefon aloqasi va internet ishlamayapti.

Efiopiya bosh vazirining aytishicha, qurolli kuchlar Mekele shahri egallangach, harbiy harakatlarni to‘xtatishgan

Tigray poytaxtida nimalar bo‘lmoqda?
Efiopiya armiyasi Mekele bir necha kun ichida egallanishi, lekin qamal vaqtida bu shaharda yashayotgan 500 ming kishilik tinch aholi vakillariga zarar yetkazilmasligi ma'lum qilgandi.

Reuters agentligi xabar qilishicha, bosh vazirning matbuot kotibi Billen Seyum efiopiyalik harbiylar tinch aholi yashaydigan tumanlarni o‘qqa tutmasligini ma'lum qilgandi. «Efiopiyaning Mekele va Tigraydagi fuqarolarining xavfsizligini ta'minlash federal hukumatning ustuvor vazifasidir», degandi u.

Mekele egallangani haqida e'lon qilgan bosh vazir, armiya shu vaqtga qadar «Tigray ozodlik xalq fronti» asirligida bo‘lgan minglab askarlar ozod qilingani, shuningdek, armiya aeroport, jamoat institutlari, mahalliy ma'muriyat binolari va muhim muassasalarni nazoratga olgani, operatsiya «shaharning 500 minglik aholisini zarba ostiga qo‘ymay amalga oshirishga muvaffaq bo‘lingani» haqida aytdi.

Avvalroq «Tigray ozodlik xalq fronti»ning Agence France-Presse nashrida e'lon qilingan murojaatida xalqaro hamjamiyat artilleriya zarbalari va «ommaviy qotilliklar»ni qoralashga chaqirilgandi.

Juma kuni bosh vazir Abiy Ahmad Ali Afrika ittifoqi elchilari bilan uchrashuvda mintaqadagi tinch aholi himoya ostiga olinishi haqida gapirdi. Shu bilan birgalikda, harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha tinchlik muzokaralari muhokama qilinmagan, elchilar esa Tigrayga kirishiga ruxsat berilmagandi.

«Tigray ozodlik xalq fronti» esa kurashni davom ettirishini ma'lum qilgan.

BMT Efiopiya armiyasi Mekelega hujum qilgudek bo‘lsa, harbiy jinoyatlar sodir etilishi ehtimoli haqida ogohlantirgandi. Shuningdek, tashkilot gumanitar missiyalar xodimlari regionga kira olmayotganidan xavotir bildirgandi.

Chorshanba kuni Efiopiya hukumati tez orada hukumat tomonidan nazorat qilinadigan gumanitar yo‘lak tashkil etilishini ma'lum qilib, bu yo‘lakdan BMT xodimlari bilan kelishgan holda tinch aholi vakillari muhofazasi uchun foydalanilishini bildirgandi.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, noyabr boshidan beri qurolli ixtilof sababli Efiopiyadan qo‘shni Sudanga 43 ming kishi qochib o‘tgan. Xalqaro tashkilotda ta'kidlanishicha, Sudanga qochqinlarni yaqin 6 oy davomida saqlash uchun 125 mln yevro zarur. BMT oziq-ovqat mahsulotlari tugab borayotgan 6 mln kishilik Tigrayga insonparvarlik missiyalari xodimlari kirishini ta'minlashga chaqirgan. 

Payshanba kuni efiopiyalik harbiylar Tigray va Sudan chegarasi bo‘ylab joylashtirildi. Qochqinlarning ma'lumot berishicha, ular mahalliy aholiga mamlakatni tark etishga ruxsat berishmagan.

BBC muxbiri Enn Soy chegaraning Sudan tomonida bo‘lib, chegaraning narigi tomonida o‘nlab harbiylar turgani, chegarani kesib o‘tishga urinayotgan aholi oqimi esa sezilarli darajada kamaygani haqida xabar qildi.

«Tigray ozodlik xalq fronti» tarkibiga kimlar kiradi?
TOXF harbiylashgan tuzilmalar va yaxshi harbiy tayyorgarlik ko‘rgan mahalliy isyonchilardan iborat bo‘lib, uning tarkibida 250 mingga yaqin jangchi bor.

Ayrim tahlilchilar ziddiyat partizancha xarakter olishidan - front jangchilari Mekele boy berilgach ham hukumat harbiylariga hujumlar uyushtirishda davom etishidan xavotir bildirishgan.

Debretsion Geberemaykl Tigray jangchilari «mintaqa mustaqilligini himoya qilish uchun o‘limga tayyorligi»ni aytgan. Hozirda u tashkilot kuchlari Mekele atrofidan chekinganini tasdiqlagan.

Reuters o‘z diplomatik manbasiga asoslangan holda xabar berishicha, TOXF Mekeleda tinch aholi vakillarini safarbar qilgan: «Ular okoplar qazishgan, ularning barchasida AK-47 bor».

Tahlilchilarning hisoblashicha, endilikda TOXF a'zolari tog‘larga chekinishi, keyinroq federal kuchlarga qarshi partizanlik urushi boshlashi mumkin.

Nodavlat tashkilotlar ziddiyat gumanitar inqirozga olib kelishi va Afrika Shoxi mintaqasining barcha davlatlaridagi vaziyatni izdan chiqarishi mumkinligidan xavfsirashgan.

Efiopiya hukumati tomonidan tayinlangan inson huquqlari bo‘yicha komissiya Tigraydagi yoshlardan tuzilgan guruh shu yilning 9 noyabrida May-Kadera shahrida mamlakatning turli hududlaridan kelgan 600 nafardan ortiq fuqaroni vahshiylarcha o‘ldirishda ayblagan. Komissiya xulosasiga ko‘ra, qurbonlarning aksari sovuq qurol bilan o‘ldirilgan, ayrimlar esa tiriklay yoqib yuborilgan.

TOXF bu ishga aloqadorligini rad etmoqda va xalqaro tekshiruv o‘tkazilishini talab qilmoqda.

Ziddiyat qanday rivoj topdi
Tigray - Efiopiyaning Eritreya va Sudan bilan chegaradosh bo‘lgan provinsiyasidir. Olti millionlik aholining 95 foizi mahalliy tigray xalqiga mansub.

Tigray aholisi Efiopiyaning jami aholisi sonida 7 foizlik ulushga ega, ammo aynan shu xalq vakillari ko‘p yillar davomida hukumatda va Efiopiya armiyasida muhim pozitsiyalarni egallab kelishgan.

Tigray hududida Aksum shahri joylashgan, milod boshlarida bu yerda hozirgi Efiopiya o‘rnidagi ilk davlat tuzilgan

9 sentabr kuni Efiopiyada umummilliy va mahalliy saylovlar o‘tkazilishi belgilangandi, ammo Abiy Ahmad Ali hukumati saylovlarni koronavirus pandemiyasi tufayli 2021 yilga qoldirdi.

Geberemaykl boshchiligidagi Tigray muxtor provinsiyasi rahbariyati federal hukumat talabiga bo‘ysunmasdan saylovlarni o‘tkazdi va «Tigray ozodlik xalq fronti» unda mutlaq g‘alabaga erishgani e'lon qilindi.

Abiy Ahmad Alining kabineti tigrayliklarning saylovi noqonuniy o‘tganini ma'lum qildi. O‘z navbatida provinsiya rahbariyati markaziy hukumatning vakolat muddati tugagani va saylovlar o‘tkazilmagani uchun unga bo‘ysunishdan bosh tortdi.

Noyabr oyi boshida Abiy Ahmad Ali ayirmachilarni federal armiya bazasiga qurol-yarog‘larni o‘g‘irlash maqsadida hujum uyushtirishda aybladi va armiyaga Tigrayga yurish qilishga buyruq berdi.

Mavzuga oid