Jahon | 08:36 / 01.12.2020
17622
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda Muhsin Faxrizoda uch davlatning yashirin kelishuvi qurboni bo‘lgani aytildi

Eronlik yadrochi olim Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishi Isroil, AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi yashirin kelishuv natijasida amalga oshirilgan. Bunday bayonot bilan Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif chiqdi.

Foto: «Khamenei.ir»

“Pompeoning (AQSh davlat kotibi) mintaqaga shoshilinch tashriflari, Saudiya Arabistonidagi uch tomonlama uchrashuv (Saudiya Arabistoni, AQSh va Isroil uchrashuvi) va Netanyaxuning (Isroil bosh vaziri) bayonoti – bularning barchasi juma kuni (27 noyabr) terakt sodir etilishi va mamlakatning eng atoqli vakillaridan birining halok bo‘lishiga olib keldi”, – deb aytilgan Zarif bayonotida.

Eron tashqi ishlar vazirining ta'kidlashicha, yangi ixtilof Tehronga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga turtki beruvchi siyosiy vaziyatni barbod qilishga qaratilgan.       

Faxrizoda 27 noyabrda Tehron yaqinidagi Absard aholi punktida qurolli hujumga uchragandi. Keyinroq olim olingan jarohatlardan shifoxonada vafot etdi.

Eron ushbu qotillikda Isroilni ayblamoqda. Bundan tashqari, AQSh razvedkasi ham ushbu terakt ortida Isroil turganiga ishora qilgan. Ta'kidlanishicha, Faxrizodaning o‘ldirilishidan Oq uyning bo‘lg‘usi rahbari Jo Baydenga Eron bilan diplomatik aloqalarni tiklashga to‘sqinlik qilish maqsad qilingan.    

Mavzuga oid