Jahon | 00:33 / 01.12.2020
13559
2 daqiqa o‘qiladi

JSST antibiotiklar qabul qilinishi yangi pandemiyaga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi

Foto: Izvestiya

Koronavirus pandemiyasi ortida antibiotiklarning nazoratsiz qabul qilinishi joriy pandemiyadan ancha yomonroq bo‘ladigan yangi pandemiyaga olib kelishi mumkin. Bundan JSSTning Rossiyadagi vakili Melita Vuynovich ogohlantirdi.

“Agar biz hozir antibiotiklarni ehtiyotkorlik bilan qabul qilmasak, unda koronavirus pandemiyasidan keyin ancha yomonroq pandemiyaga to‘qnash kelishimiz mumkin”, deb aytgan Vuynovich.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, antibiotiklarni faqatgina shifokor ko‘rsatmasi bilan qabul qilish lozim. Shifokorlar esa o‘z navbatida antibiotiklarni qabul qilish bo‘yicha tavsiyalarga sinchkovlik bilan e'tibor berishlari kerak.

JSST vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu yangi pandemiya “antibiotiklar va viruslarga qarshi vositalarga bardoshli mikroorganizmlar pandemiyasi” bo‘ladi.

Vuynovichning fikricha, antibiotiklar pala-partish qabul qilinishi sababli besamarga aylanishi, buning natijasida esa odamlarni yuqumli kasalliklarga uchraganlarida davolashda qo‘llash mumkin bo‘lgan samarali vositalar qolmasligiga olib kelishi mumkin.  

JSST vakili, shuningdek, koronavirus pandemiyasi yaqin orada yakunlanishiga umidvor bo‘lmaslik kerakligini aytgan. Uning ta'kidlashicha, insoniyat ushbu virus bilan yashashga o‘rganishi lozim.

Mavzuga oid