Sport | 22:16 / 01.12.2020
98208
3 daqiqa o‘qiladi

«Neftchi» – «Turon» o‘yinidagi tartibsizlik ishtirokchilaridan 8 kishi qo‘lga olindi. Hakamni tepgan futbolchi kimligi ma'lum

Farg‘onada «Neftchi» va «Turon» jamoalari o‘rtasida kechgan o‘yin (0:1) yakunida ommaviy tartibsizlikda ishtirok etgani uchun 8 kishi qo‘lga olingan va dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Tribuna.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Qo‘lga olinganlar ichida futbolchilar yo‘q. Jamoalar o‘yindan keyin to‘liq tarkibda avtobusga o‘tirib ketishgan.

Aniqlanishicha, «Neftchi»ning hakamni tepgan futbolchisi Jamshid To‘raqulov bo‘lgan.

98-raqamli futbolkada Jamshid To‘raqulov, u ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan

Hakamlarda tashqi jarohatlar aniqlanmagan bo‘lsa-da, ular ekspertiza uchun tekshirilgan. Hakamga tashlangan va unga zarba bergan «Neftchi» futbolchilariga qanday chora ko‘rilishi aniq emas.

Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi rasmiy kanalida ham ushbu o‘yindan keyingi holatlar bo‘yicha bayonot berildi.

«Neftchi» – «Turon» uchrashuvidan keyin sodir bo‘lgan holatlar Farg‘ona viloyati IIB tomonidan nazoratga olingan. Hozirda barcha huquqbuzarlar ushlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Voqeaga aloqador har bir ishtirokchining harakatiga qonuniy baho beriladi», deyiladi bayonotda.

Foto: O‘zA

Eslatib o‘tamiz, Farg‘onaning ikki jamoasi «Neftchi» va «Turon» Proliga g‘olibligi va Superliga yo‘llanmasi uchun maydonga tushgandi.

O‘yin yakunlanishi arafasida «Turon» darvozasi tomon berilgan zarbadan keyin to‘p mehmonlar himoyachisining bilagiga tegib qaytdi. Maydon egalari bu vaziyat uchun penalti berilmaganidan norozi bo‘lishdi. O‘yin yakunlangach esa «Neftchi» futbolchilari uchrashuv bosh hakami Shavkat Nasibullayev va uning yordamchilari Rishat Nugmanov va Doniyor Saylavovga keskin norozilik bildirishdi. Bu vaqtda maydonga muxlislar ham tushib kelishgandi. Mezbon futbolchilardan biri hakamga akrobatik uslubda zarba berdi, u huquq-tartibot organlari yordamida futbolchilar va muxlislar ta'qibidan qochib qutulishga muvaffaq bo‘ldi, xabarlarda qanot hakamlaridan birining boshi yorilgani aytildi.

Foto: O‘zA

 

Mavzuga oid