Jamiyat | 13:08 / 02.12.2020
7408
2 daqiqa o‘qiladi

Uch o‘g‘ilning otasi davolanishi va operatsiya qilinishi kerak: ular yaxshilarning yordamiga muhtoj

Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida istiqomat qilayotgan uch o‘g‘ilning otasi Erkin Usmonov 34 yoshda. U 7 yildan buyon jigar xastaligidan aziyat chekmoqda. Oilasi biz bilan bog‘lanib, nogiron erining davolanishi uchun xayriya aksiyasi o‘tkazib berishni iltimos qilgach, biz Usmonovlar xonadonida bo‘lib, vaziyat bilan yaqindan tanishdik.

Erkin Usmonovning qorni shishib ketgan. Kindigi ham mushtidek shishib turibdi — unga churra azob bermoqda. O‘zining aytishicha, dard uni 7 yildan beri qiynab keladi. Hozir u ikkinchi guruh nogironi, hech joyda ishlamaydi. Nogironlik nafaqasi bilan kun ko‘radi. Uning oilasi ham ishsiz.

Mahalliy hokimlik pandemiya davrida oilaga oziq-ovqatdan yordam ko‘rsatgan. Oila boshlig‘i mehnatga layoqatsiz, voyaga yetmagan uch farzand o‘sayotganligi tufayli hokimlik ikki xonali uy ham ajratib beribdi.

Bir muddat avval mamlakatimiz markaziy telekanallaridan birida ham bu bemorga ko‘mak yig‘ish maqsadida xayriya aksiyasi o‘tkazilgan. Biroq noinsof firibgarlar yig‘ilgan pullarni ularning kartasidan aldab o‘g‘irlab olishgani ma'lum bo‘ldi.

Ayni paytda oilaga davolanish uchun pul kerak. Bemorning dardiga faqat Hindistonda transplantatsiya operatsiyasi o‘tkazish yo‘li bilangina yordam qilish mumkin. Operatsiyaga 35 ming AQSh dollari hisobida mablag‘ ketadi. Biroq joriy davolanishlari uchun ham oilada mablag‘ yo‘q.

Hozir bemorni imkon qadar holatini yaxshilab, komaga tushib qolishining oldi olinishi kerak. Chunki bemorning holati og‘ir, bu koma oxirgisi bo‘lishi ham mumkin.

Biz saxovatpesha hamyurtlarimizdan bu jafokash oilaga baholi qudrat ko‘mak ko‘rsatishlarini so‘rab qolamiz.

Erkin Usmonov nomiga ochilgan plastik kartochkalar:

UzCard: 8600 0424 7621 3078

Humo: 9860 0303 0386 5510

Mavzuga oid