O‘zbekiston | 15:19 / 03.12.2020
10246
3 daqiqa o‘qiladi

«Bugungi O‘zbekiston sharoitida cheklovlar haqida kamroq gapirishimiz kerak» - Ruslanbek Davletov

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov OAV erkinligi masalalari bo‘yicha tashkillashtirilgan davra suhbatida ayrim chegaralar bo‘lishi kerakligi, lekin bu chegara demokratik jamiyatda kerak bo‘ladigan taomilda oqilona bo‘lishi lozimligini aytib o‘tdi.

«Hamma huquqda chegara bo‘lishi kerak. Yashash huquqida chegara bo‘lmasligi kerak. Chunki yashash huquqi – eng oliy ne'mat. Boshqa huquqlarda ko‘rishimiz mumkinki, ayrim chegaralar bo‘lishi kerak. Bu umumjahon yondashuvi, bu dunyo miqyosida qabul qilingan standartlarda ham belgilangan. «Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi», «Siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi pakt» - u yerda ham aytilganki, bu huquqqa cheklov bo‘lishi mumkin. Faqat demokratik jamiyatda kerak bo‘lgan, oqilona keltirilgan cheklovlar bo‘lishi kerak. Bu – xavfsizlik, hududiy yaxlitlik bilan bog‘liq bo‘lgan, yosh bolalarni himoya qilish nuqtayi nazaridan, intellektual mulk bilan bog‘liq bo‘lgan, boshqa insonlarning huquqlariga daxl qiladigan ma'lumotlar, tuhmat, haqorat haqida gap ketadi. Hech kimga aynan mana shu chegaralarni buzib o‘tish huquqi berilmagan», dedi Adliya vaziri Xalqaro press-klubda o‘tkazilgan tadbirda.

U bugun cheklovlar haqida kamroq, aksincha huquqni ta'minlash to‘g‘risida ko‘proq gapirish kerakligi haqida fikr bildirdi.

«Bugungi O‘zbekiston sharoitida cheklovlar haqida kamroq gapirishimiz kerak, deb o‘ylayman. Chunki cheklashga juda ustamiz. Shu paytgacha buni juda ham zo‘r uddalaganmiz. O‘ylaymanki, bugungi kunda huquqni ta'minlash to‘g‘risida ko‘proq gapirishimiz kerak. Chunki blogerlar ham, nodavlat televideniye ham aytyapti, hamma tayyormas deyishyapti. U yoki bu davlat organida yagona yondashuv yo‘q deyilyapti.

Mana shularni shakllantirsak, ularning mas'uliyatini oshirsak, bu yerdagi dialog yaqinlashadi, muloqot, bir-birini tushunish yana ham yaxshilanadi deb o‘ylayman. Aynan mana shu yo‘nalishda ishlashimiz kerak.

Bu yerda juda chigal munosabatlar shakllangan. Chunki so‘z erkinligi kimningdir boshqaruv erkinligiga daxl qilgani uchun davlatning bu yerdagi asosiy vazifasi – o‘ylaymanki, bu yerda boshqaruvni yo‘lga qo‘yish kerak. Bu tizimda bo‘layotgan munosabatlarni tartibga soladigan infratuzilmasi bo‘lishi kerak. Davlatning aralashish prinsiplari, mexanizmlari aniq belgilangan bo‘lishi kerak. Bu qonun darajasida bo‘lishi kerak.

Ommaviy axborot vositalari va qonunchilik o‘rtasida qandaydir muammoli masala tug‘ilsa, sudga borilishi kerak. Afsuski, bizda sudga beribdi deyilsa, juda katta voqelikka aylanib ketyapti. Aslida biz bunga ko‘nikishimiz kerak, bu normal jarayon», dedi Ruslanbek Davletov.

Mavzuga oid