O‘zbekiston | 14:24 / 03.12.2020
7640
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bir oy ichida sovuq qurol bilan yurgan 500dan ortiq kishi aniqlandi

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi jamoat joylarida fuqarolarda pichoq va boshqa xavfli buyumlar borligini aniqlash bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasi haqida ma'lumot berdi.

Foto: IIBB

Qayd etilishicha, 5 noyabr kunidan 2 dekabrgacha bo‘lgan davr ichida shahar IIBB tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185-2- (“Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish”) va 185-3-moddalari (“O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo‘lishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishi”) bo‘yicha 541ta bayonnomalar rasmiylashtirildi. 

Sud 50 nafar huquqbuzarlarga nisbatan ma'muriy qamoq jazosini belgilagan. Qolgan shaxslar sud organlari tomonidan aybdor deb topilib, jarimaga tortildi.

“Hurmatli fuqarolar! Kelishmovchilik holatida pichoq qo‘llash – raqibingizdan ustunligingizning ko‘rsatkichi emas, aksincha, agar siz pichoq qo‘llasangiz, sog‘lom fikrlash qobiliyatingiz yo‘qligini namoyish etgan bo‘lasiz. Bir so‘z bilan aytganda, zaifligingiz shu darajaga yetgan bo‘ladiki, faqat birovga jismoniy shikast yetkazibgina bahsda yengishingiz mumkinligini namoyish etasiz”, - deyiladi IIBB ma'lumotida.

Mavzuga oid