Paxtakor tumanida mamlakatda ilk bor «aqlli» oqova tizimi ishga tushdi
O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Flygt Concertor intellektli oqava suv nasos tizimi muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Mazkur tizim Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda qator shaharlar va tuman markazlarida oqova tizimi qay darajada? Eski tizim qachon yo‘lga qo‘yilgan va qanday ishlayapti? Bu savollarning javobi sohada yangi tizimning ahamiyati qay darajada ekanini oydinlashtiradi.
Misol uchun, Paxtakor tumani hududida 1970 yillarda markaziy oqova suv inshootlari va tarmoqlari qurilishi boshlangan. 1980 yillar boshlarida tumandagi ko‘p qavatli uylar uchun kanalizatsiya tizimi ishga tushirilgan. Aksariyat hududlardagi kabi yillar davomida mazkur tizim eskirib, turli nosozliklar kuzatila boshlagan.
Tumanda 7 ta oqova suvlarni haydash nasos stansiyalari mavjud bo‘lib, shundan 5 tasi 40 foiz quvvatda ishlab kelgan, qolgan 2 tasi maishiy chiqindilarga to‘lib, ko‘milib qolganligi natijasida mutlaqo ishlamagan.
Yangi tizim esa sohani yana to‘liq oyoqqa turg‘azish bilan bir qatorda, tizimni zamonaviy boshqarishga imkon beradi. Shu bilan birga aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni kafolatlaydi.
Yangi tizim imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot berish maqsadida “Jizzax oqovasuv xizmati” mas'uliyati cheklangan jamiyati tashkil etgan seminar davomida mutaxassislar “Smart” texnologiyasi orqali masofadan boshqariladigan hamda energiya tejamkorligi (elektr energiyasini oldingi tizimga nisbatan 40 foizga tejaydi) bilan ajralib turuvchi “FLYGT” nasoslarining ish mexanizmi haqida yig‘ilganlarga atroflicha ma'lumot berishdi.
Shvetsiyada ishlab chiqarilgan “Flugt” konseptor nasoslari bugungi kunda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida oqova tizimida qo‘llaniladi.
Tizim imkoniyatlari hamda ilg‘or xorij texnologiyalarini faoliyatga tatbiq etish borasida "Xylem Inc." korporatsiyasi vakillari batafsil to‘xtalib, tomonlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Bu nasoslar aqlli (smart) bo‘lib, suv ostiga o‘rnatilib, nasos ishlashiga inson omili deyarli ta'sir qilmaydi. Nasoslar o‘zi avtomatik ravishda kelayotgan oqova suvlar miqdoriga mos ravishda ishga tushib, o‘zi o‘chib, ishchilar 8-10 metr chuqurlikka tushib, is gazidan zaharlanib, og‘ir sharoitlarda ishlashiga barham berildi.
Yangi texnologiya nafaqat oqova suv tarmog‘ining yangilanishiga, qolaversa, tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning ishlarini yengillashtirishga yordam beradi. Eng muhimi, aholining yashash sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Seminarda, shuningdek, “Free Line group“ MChJ tomonidan O‘zbekistonda birinchi marotaba Flygt Concertor intellektli oqova suv nasos tizimi muvaffaqiyatli ishga tushirilganligi munosabati bilan "Jizzax Suv Ta'minoti" MChJ rahbari Zokir Mamarasulovga sertifikat topshirildi.
«Jizzax suv ta'minoti» MChJ matbuot xizmati.
Mavzuga oid
12:25 / 14.02.2024
Jizzaxda 42 tup qayrag‘ochni kesgan shaxsga jinoyat ishi ochildi
10:15 / 11.09.2022
Jizzaxda Nexia yuk mashinasi bilan to‘qnashishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
16:55 / 19.01.2022
Shukrullo Boboyev tuman hokimligidan ketdi
20:44 / 03.04.2021