O‘zbekiston | 17:18 / 04.12.2020
36584
2 daqiqa o‘qiladi

Sud Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgarishsiz qoldirdi

Advokatning iltimosnomasi rad etildi, shifokorga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldi.

4 dekabr kuni Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva va boshqalarga nisbatan sud jarayonlari davom ettirildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalgi sud majlisida sudlanuvchi G.Yo‘ldoshevaning advokati sudga iltimosnoma kiritib, himoyasi ostidagi shaxsga qo‘llanilgan uy qamog‘i ehtiyot chorasini munosib xulq-atvorda bo‘lish tarzidagi ehtiyot chorasiga o‘zgartirishni so‘ragan edi.

4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida mazkur masala muhokama qilindi. Raislik qiluvchining ajrimi bilan, sudlanuvchi G.Yo‘ldoshevaning advokati kiritgan iltimosnoma rad etildi va ehtiyot chorasi aslicha (uy qamog‘i) qoldirildi.

Bugungi sud majlisida dastlabki sud protsessida qatnashmagan fuqaroviy da'vogar vakili ham ishtirok etdi.

Shundan so‘ng sudlanuvchilarga nisbatan e'lon qilingan ayblov xulosasi bilan tanishtirish uchun prokurorga so‘z berildi.

Prokuror barcha ayblanuvchilarga nisbatan tergov organi e'lon qilgan ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi.

Sud 11 dekabrga qadar tanaffus e'lon qildi.

Shov-shuvli sud ishini yoritib borayotgan Kun.uz yaqin soatlarda navbatdagi sud majlisidan ham videoreportaj taqdim etadi. Birinchi sud majlisidan reportajni ushbu sahifa orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid