«Xatirchida matbuot uchun ham bir parcha yer topilarmikan?..» – gazetaning erkin sotuvi muammolari
Albatta, bozorda taklif har doim talabga qarab shakllanadi. So‘nggi vaqtlarda matbuot sohasida qo‘li qavargan qator hamkasblarimizning gazeta mutolaasi muhimligi, odamlarga uning qanchalik kerak ekani haqdagi fikrlarini o‘qiyapmiz. Hech qanday iddaolarsiz aytishimiz mumkin - gazeta mutolaasi albatta kerak. Ammo buning uchun avvalo odamlarga gazetani sotib olish imkonini ham berishimiz kerak.
Agar gazeta nechog‘lik zarur ekani haqda bong urilganchalik uning chakana sotuviga ham jon kuydirganimizda edi... Biroq, davriy nashrini sotuv orqali emas, faqat va faqat majburiy obuna orqali o‘tkazishga urinayotganlar uchun bu mavzu begona.
Yil o‘tgan sayin tumanlarda gazeta do‘konlari kamayib ketayotgandek. Ba'zan uzoq yil matbuot faoliyat ko‘rsatib kelingan joyda ikki kunda savdo do‘koniga ko‘zimiz tushadi. Bundan ikki yil oldin elektron OAVda Toshkentdagi matbuot do‘konlaridan biri hudud obodonlashtirilishi vaji bilan olib tashlanib, o‘rniga gumma reklamasi banneri o‘rnatilgani haqda yozilgandi. Bunday misollar oz bo‘lmasa kerak.
Modomiki, odamlarga gazeta kerak ekan, ular o‘qishni istashar ekan, nega gazetalarning erkin sotuvini kengaytirmaslik kerak? Ziyoli xalqimiz yaxshi maqolasi bor gazetani albatta o‘qiydi, sotib olib bo‘lsa-da. Qolaversa, 2-3 ming so‘mga gazeta sotib olish hech kimga malol kelmaydi. Aytaylik, 1,5 mln so‘m maosh oladigan kishining qarshisida yoki oyligini uyiga olib borib bir oy davomida farzandlarini boqish, yoxud maoshining teng yarmiga obuna bo‘lish tanlovi turganda nimani tanlashi mumkin? Xullas, buni mard-u maydon deydilar — yaxshi gazetani odamlar sotib oladi, agar sotuv tashkil etilsa.
Aslida bu mulohazalarga matbuot do‘koni sotuvchisining Kun.uz tahririyatiga murojaati sabab bo‘ldi. Xatirchi tumani markazida matbuot do‘koni sotuvchisi Kamuna Ochilovaning aytishicha, uning gazeta do‘koni so‘nggi yetti yilda o‘n marta ko‘chirilgan. U istalgan vaqtda, istagan kishi matbuot do‘konini ko‘chirib yuborishi mumkinligini aytadi.
«2017 yilda ham matbuot do‘konimiz nisbatan qulayroq joyda joylashgan bo‘lib, ozmi-ko‘pmi gazetxonlar kelib turardi. Ming xil bahonalar bilan kiosk ko‘chirilgach, o‘rniga do‘kon qurildi. Har safar matbuot do‘koni faoliyati uchun joy topishda mingta joyga murojaat qilishimga to‘g‘ri keladi. Oxir-oqibat gazeta sotuvi uchun bozor hududidan joy topildi. Ammo har safar bozorkom almashganda matbuot do‘koni o‘rni kimgadir kerak bo‘lib qolaveradi. Latta bozorida ham ishladim, ariq ustida ham, hatto gazeta do‘konini bozorning eng chekkasidagi hojatxona yoniga ham joylashtirib qo‘yishdi. Sal nariroqqa «stolcha» qo‘yib gazeta sotishimga to‘g‘ri keldi.
Bugun ham matbuot do‘konim bozor ichida. Ammo shundoqqina savdo rastalari ro‘parasida joylashgani uchun sotuvchilarning e'tirozlarini eshitishga to‘g‘ri kelyapti. Tinimsiz joy almashavergani uchun bo‘lsa kerak, oxir-oqibat bir kunda uch yoki to‘rt kishi gazeta so‘rab keladi, xolos. O‘tgan yillarda ham o‘quvchilarim soni 100 nafarga yetar edi. Xatirchida matbuot uchun ham bir parcha yer topilarmikan?..»
Mana, tumandagi birgina matbuot sotuvchisining hasrati. Hozircha shunday, gazeta do‘konlari soni oshish o‘rniga mudom kamayib, borlari ham go‘yo eng keraksiz sohadek sarson bo‘layotganga o‘xshaydi. Bizningcha, bu masalani nafaqat tegishli idoralar, balki matbuotchi hamkasblarimiz o‘rganib tahlil etishlari kerak. Chunki erkin fuqarolik jamiyatida oxir-oqibat gazetalar tarqalishi ham bir kun kelib erkin, raqobat qonuniyatlari amal qiladigan usullarga o‘tadi. Hali ham vaqt bor, sotuvga sharoit yaratish va u yerga odamlar o‘qishni istagan gazetalarni yetkazish kerak.
Ishonamizki, chekka tumanlarda ham matbuot do‘konlari ko‘paysa, odamlar sotib oladi. Agar sotib olishmasa, obunaning ixtiyoriyligi ham shubha ostida qoladi. Ammo bunday bo‘lmasligiga umid qilamiz.
Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
18:45 / 15.07.2024
Navoiyda ayol o‘z turmush o‘rtog‘ining qotiliga aylandi
14:48 / 08.07.2024
Xatirchida yosh qiz o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilardan biri 1 yilda 12 marta radarga tushgani ma’lum bo‘ldi
21:02 / 06.07.2024
Xatirchida qoidabuzarligi ortidan 9 yashar bolaning umriga zomin bo‘lgan BYD'larning haydovchilari qamoqqa olindi
09:34 / 06.07.2024