O‘zbekiston | 18:32 / 10.12.2020
6704
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuror o‘rinbosari davlat organlarini fuqarolar murojaatlariga vaqtida javob berishga chaqirdi

24 noyabridan 3 dekabriga qadar Toshkent shahrida turli sohalar bo‘yicha ommaviy qabullar haftaligi bo‘lib o‘tgan edi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 8 kun davom etgan muloqotlar davomida jami 3 877 nafar murojaatchining 3 943 ta masalasi ko‘rib chiqilgan.

Ularning 1 230 tasiga joyida yechim topilgan bo‘lsa, 768 ta murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berilgan, 1 945 ta masala bo‘yicha aniq muddat va mas'ullar belgilanib, nazoratga olingan.

Qabullarda respublika darajasidagi rahbarlar ham ishtirok etdi. Murojaatiga yechim topilganidan xursand fuqarolar ham, norozi kayfiyatdagi shikoyatchilar ham kuzatildi.

Ayrim muammoli murojaatlar masalasida bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Abduhalim Xolmahmatov o‘z fikrlarini bildirdi.

«Ancha yillardan beri o‘z yechimini topmay kelayotgan murojaatlar ham bor. Bularning asosiysini mulkiy nizolardan kelib chiqqan murojaatlar tashkil qiladi. Kimdir uy masalasida, kim bilandir meros talashish masalasida, fuqaroviy munosabatlardan kelib chiqqan murojaatlar bor. Bular, albatta, uzoq yillardan beri o‘z yechimini topmay kelayotgan, tegishli sud instansiyalarida ham ko‘rilgan murojaatlar.

Bunday holatlarda prokuratura har bitta murojaat bo‘yicha o‘z huquqiy bahosini beradi. Asos bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham ish materiallari o‘rganib chiqilib, tegishli huquqiy baho beriladi.

Ayrim hollarda qonunda belgilangan 15 kunlik, 1 oylik muddatda arizani ko‘rib chiqmasdan, muddatini buzib, o‘tkazib yuborgan holatlar ham bor. Buni biz inkor etmaymiz. Avvalambor, shu murojaatlarni ko‘rib chiqishga mutasaddi bo‘lgan tashkilotlar bunga yanayam mas'uliyat bilan qarashlarini so‘raymiz», – deydi Abduhalim Xolmahmatov.

Ma'lumot uchun, qonunga ko‘ra, ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e'tiboran 15 kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Mavzuga oid