«O‘zbekiston pandemiya sharoitida ham suveren reytingini saqlab qoldi» - Jamshid Qo‘chqorov
Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston pandemiya sharoitida iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishi kutilayotgan MDHning kamdan kam mamlakatlaridan biri ekanini qayd etdi.
10 dekabr kuni onlayn formatdagi II Xalqaro reytinglar forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston hukumati rasmiylari, tadqiqotchilar va xalqaro ekspertlar qatnashdi.
Tadbirda so‘z olgan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston tomonidan ko‘rilayotgan iqtisodiy choralar hamda ularning xalqaro reyting va indekslarga ta'siri haqida gapirdi.
«O‘zbekiston Respublikasi o‘zining suveren reytingini 2020 yilda pandemiya sharoitida ham saqlab qoldi. Shu bilan birga, «Global innovatsion indeks», «Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi» hamda «To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni tartibga solish indeksi» bo‘yicha ham O‘zbekiston birinchi bor natijalarini e'lon qila boshladi.
Xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning natijalari yaxshilanishi hamda xalqaro maydonda ijobiy nufuzini yaratish tabiiyki amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bog‘liqdir», – deya Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
U o‘z nutqida davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish va davlat aktivlarini xususiylashtirish uchun tayyorlash choralariga ham to‘xtaldi.
«Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirish uchun tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish choralari ham belgilab olindi.
Bunda 32ta yirik davlat korxonalari va xo‘jalik birlashmalari transformatsiya qilinadi. 15ta ko‘chmas mulk obektlari esa xususiy sektorga sotiladi», – dedi Jamshid Qo‘chqorov.
Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston pandemiya sharoitida iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishi kutilayotgan MDHning kamdan kam mamlakatlaridan biri ekanini qayd etdi.
«O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo, shuningdek, hamdo‘stlik mamlakatlari orasida global pandemiya sharoitida ijobiy iqtisodiy o‘sish sur'atlarini saqlab qolishi kutilayotgan kamdan kam mamlakatlardan biri», – ta'kidladi Jamshid Qo‘chqorov.
Ma'lumot uchun, 2020 yil davomida S&P Global Ratings va Fitch Ratings xalqaro kredit reyting agentliklari O‘zbekistonning suveren kredit reytingini «BB-» darajada saqlab qoldi. Fitch Ratings aprel oyida reyting prognozini «Barqaror» darajada saqlab qolgan bo‘lsa, iyun oyida S&P kutilmani «Barqaror»dan «Salbiy»ga o‘zgartirdi.
Hukumat 2020 yilda YaIM o‘sishi 1,0–1,5 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qilgan. 2021 yilda esa O‘zbekiston iqtisodiyoti 5,1 foizga o‘sishi mo‘ljal qilinmoqda.
Mavzuga oid
19:28 / 18.12.2024
Toshkentda issiqlik ta’minoti narxlari 2 yilda 4 marta oshiriladi. Lekin bu ham yetarli emasligi aytilmoqda
14:14 / 18.12.2024
“Energetika sohasini subsidiyalash 2028 yildan to‘xtatiladi” – Jamshid Qo‘chqorov
18:33 / 26.11.2024
“Judayam murakkab savol” - Qo‘chqorov tibbiyot xodimlarining maoshi haqida
17:11 / 26.11.2024