Jamiyat | 10:05 / 10.12.2020
20149
7 daqiqa o‘qiladi

So‘x voqealari ishtirokchilari ustidan sud jarayonlari davom ettirildi

Kecha, 9 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida So‘x voqealari yuzasidan 22 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish davom etdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, 23 noyabrga tayinlangan sud majlisi ayrim sabablarga ko‘ra 9 dekabr kuniga qoldirilgan edi.

Bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida sudlanuvchilar Davlatjon Mallayev, Firdavs Ahrorov, Oybek Otashev hamda Shoxboz Mirzojonovlar 31 may kun sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha so‘roq qilindi.

Davlatjon Mallayevning so‘zlariga ko‘ra, u So‘x-Farg‘ona yo‘nalishida taksichilik qilib kelgan. 31 may kuni 12:30 lar chamasida ko‘chaga chiqqanida Chashmada janjal ko‘tarilganini eshitgan, o‘sha tomonga odamlar ketayotganini ko‘rgan. Shunda u ham o‘z mashinasiga o‘tirib Chashma bulog‘iga borgan. To‘polon ko‘tarilgan joyga yetib borganda uning ko‘zi dastlab harbiylar va IIB xodimlariga tushgan. Qirg‘izlar aslida bir kun avval bu urushga tayyorgarlik ko‘rgan. Davlatjon Mallayev Chashmaga borganida qirg‘izlar bu paytda allaqachon chegarani buzib o‘tib, ov qurolidan so‘xliklarni otganini ko‘rgan. Hamqishloqlari qirg‘izlar tomonidan ayovsiz toshbo‘ron qilingan. Davlatjon Mallayevning aytishicha, u ham o‘z vatanini himoya qilish uchun qirg‘izlar tomoniga toshlar uloqtirgan. U yonayotgan uylardagi o‘tni o‘chirishga uringan. Nazirjon Jo‘rayevning devor ustiga chiqib urushni to‘xtatishga uringanini ko‘rgan. Yong‘in xavfsizligi bo‘limi mashinalari yonayotgan xonadonlar tomonga o‘tishga uringanida qirg‘izlar ularning yo‘lini to‘sib o‘tkazmagan. Yonayotgan uylardagi o‘tni o‘chirish uchun qo‘lida belkurak ishlatgani lavhaga tushib qolgan. 

Davlatjon Mallayevning qo‘shimcha qilishicha, u qo‘lga olingandan keyin tergovchilar tomonidan tazyiqqa uchragan.

Shundan so‘ng sudlanuvchi Firdavs Ahrorov so‘roq qilindi. U bo‘yoqchi (malyar) usta bo‘lib ishlashini, janjal bo‘layotganini eshitib Chashmaga borganini, mazkur buloqdan 15 ta mahalla suv ichishini, agar suv to‘xtab qoladigan bo‘lsa, so‘xliklarning ahvoli tang bo‘lishini aytdi. Viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev kelganda uni 6-7 metr uzoqlikdan ko‘rganini, sobiq viloyat hokimining “hammasi iziga tushib ketadi” degan gapini eshitganini, bosh vazir kelganida esa undan dadasi Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lganligi bois unga O‘zbekiston fuqaroligini berishda yordam berishini hamda o‘zi sport bilan muntazam shug‘ullanib kelgani uchun sportga imkoniyat yaratib berishlarini so‘ragan. Bosh vazir uning bu murojaati bir oy ichida hal bo‘lishiga va'da berganini ta'kidladi. Firdavs Ahrorovning sudda bildirishicha, yuziga niqob taqqan shaxslar “Vatan xoinisan” deb qorniga urib, vertolyotga olib chiqishgan va u yerda ham uni do‘pposlashgan. U 244-moddaga tortadigan hech qanday ish qilmaganini sud jarayonida alohida ta'kidladi.

Shundan so‘ng sudlanuvchi Oybek Otashev sudda ko‘rgazma berdi.

“O‘sha kuni ertalab soat 8larda uyda edim. Sinfdosh do‘stim o‘sha kuni vafot etgan edi. Ta'ziyani o‘tkazib uyga qaytdim. Bir oz vaqt o‘tkazib, ta'ziya bo‘lgan xonadon — do‘stimning uyiga qaytib borishni rejalashtirgandim. Biroq Chashmada janjal ko‘tarilganini eshitib, taksiga o‘tirib voqea joyiga bordim. U yerda qiy-chuv, to‘s-to‘polon bo‘layotgan edi. Lekin vaziyatni ko‘rib turib ham Qirg‘iziston tomoniga tosh otmadim. Do‘stlarim o‘q yegan ekan. Borishim bilan shu haqda xabar berishdi. Buni eshitib stressga tushdim.

Kelgan odam viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev ekanini bilmasdim. Uning “aql bilan ish qilaylik” deganini eshitdim. Bundan biroz avval belim singani uchun singan joyga vazelin surtib yurardim. G‘aniyevga “Vazelin sursangiz belingiz tuzalib ketadi” deb aytdim. Men bu so‘zni samimiy gapirganman. Hokim ketganidan keyin uning viloyat rahbari ekanini bilib meni kechirishini so‘rab unga xat ham yozganman. Oradan bir qancha vaqt o‘tib, uyimga uchastka noziri keldi va 15 daqiqada qaytib kelishimni aytib mashinasiga o‘tqazib olib ketdi. Bir joyga borganimizda qo‘limga kishan taqishdi va boshimga qop kiydirishib Farg‘ona shahriga olib ketishdi”, — deya so‘ziga yakun yasadi Oybek Otashev.

Shundan so‘ng Co‘x voqealari bo‘yicha Shoxboz Mirzojonov ko‘rgan-bilganlarini so‘zlab berdi. Janjalni eshitib, janjal bo‘layotgan hududda jiyani yashagani uchun uni himoya qilgani Chashmaga borganini, u yerdagi holatni ko‘rib, vaziyat jiddiy ekanini his qilganini, qirg‘izlar O‘zbekiston tomonga tinmay toshlar uloqtirganini, u ham o‘z vatani himoyasi uchun qirg‘iz tomoniga toshlar uloqtirganini, yong‘in xavfsizligi bo‘limi xodimlariga yordam berganini, qirg‘izlar odatda har yili suv masalasida urush qo‘zg‘ashini, so‘xliklarning tirikchiligi asosan dehqonchilik (kartoshka, olma)dan iborat ekanini, agar yagona hisoblangan suv manbai to‘xtab qoladigan bo‘lsa so‘xliklar tang ahvolda qolishini aytdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, harbiylar xalqni himoya qilmagan. Ular qalqon ortida faqat o‘zlarini toshbo‘ronlardan himoya qilib turgan xolos. U yarador bo‘lib hushidan ketgan holda yotgan qariyaga yordam berish uchun astoydil harakat qilgan. Chalqancha yotgan otaxonni qutqarish uchun u harbiylardan birining qo‘lida bo‘lgan qalqonni olishga uringan. Lekin harbiy qalqonni unga bermagan. Shunda daydi toshlardan biri uning yuziga kelib urilgan. Yaralangan Shoxboz Mirzojonov akasi tez tibbiy bo‘limida ishlashi bois uning yoniga borib yarasiga dori surtib bog‘latgan. 

Sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglangach, advokatlar va prokuratura xodimlari ularga savollar bilan murojaat qildi. Shundan so‘ng sud ishida 14 dekabrga qadar tanaffus e'lon qilindi.

Mavzuga oid