O‘zbekiston | 22:17 / 13.12.2020
25189
2 daqiqa o‘qiladi

«Mahalla islohotchiga aylanishi kerak». Prezident mahalla raislari maoshlari oshirilishini aytdi

O‘zbekistonda «Mahalla raisi – islohotchi» tamoyili asosida ijtimoiy muammolarni hal etishning yangi tizimi joriy etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmga safari yakunida tashkil etilgan yig‘ilishda aytib o‘tdi.

Davlat rahbari jinoyatchilik bo‘lmagan mahalla mutasaddilarining maoshi oshirilishini ma'lum qildi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

«Mahalla bugun islohotchiga aylanishi, eng quyi pog‘onadagi tizimni haqiqatda xalqparvar qilishimiz lozim. Oldingiday tumanning bitta ko‘chasini asfalt qilib, mahallalarni qilmay odamlarni norozi qilishni yo‘q qilishimiz kerak.

[...] Mahalla raislarining oyligini ko‘rib chiqaman. Jinoyatchilik bo‘lmagan mahalla 2 barobar ko‘p oylik oladi. 3–4 mln maosh va pensiyani ham olaveradi», – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligini mustahkamlash masalasiga ham to‘xtaldi.

«Koronavirus tibbiyotimizga katta sinov bo‘ldi. Ko‘rdinglar, ko‘p odamlarni yo‘qotdik...

Vaznimiz juda katta, o‘zimizga qaramaymiz. Masalan, [Sirdaryo viloyati] Oqoltin tumani aholisi 87 foizi sport bilan shug‘ullanmaydi. Har kuni hech bo‘lmasa 1 soat piyoda yurishni targ‘ib qilishimiz kerak. Yurganga pul, kitob o‘qiganga mashinalar beryapmiz», – dedi Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, prezident oktyabr oyida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga doir farmon imzolagan edi. Shu asosda har chorakda har bir tuman (shahar)da «Sog‘lom turmush tarzi rivojlangan mahalla» tanlovi tashkil etiladi.

Tanlovda 1-o‘rinni egallagan mahallaga 10 mln so‘m, 2-o‘rin uchun 5 mln so‘m va 3-o‘ringa 3 mln so‘m miqdorida pul mukofoti beriladi.

Pul mukofoti MFYning bank hisob raqamiga o‘tkaziladi va mahallada sport maydonchalarini tashkil etish, ularni jihozlash, sport tadbirlarini o‘tkazish maqsadlariga istisno tariqasida tender savdolarisiz yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, 1 martga qadar ishlab chiqiladigan tartibga asosan, bir sutkada 10 ming qadam yurgan fuqarolarga pul to‘lanadi.

Mavzuga oid