Jamiyat | 17:49 / 14.12.2020
21569
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ayolini tahqirlab, axlat yeyishga majburlagan erkak 3 yilga qamaldi

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida rafiqasini xo‘rlab, kaltaklagan va bolasining axlatini yeyishga majburlagan erkak sud hukmi bilan 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Foto: Videodan kadr

14 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi 46 yoshli erkakni JKning 110-moddasi 1-qismi (Muttasil ravishda do‘pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash)da aybdor deb topdi.

Kun.uz Oliy sud axborot xizmatidan olgan ma'lumotga ko‘ra, jazo muddati manzil koloniyada o‘taladi va mahkum toksikomaniyaga qarshi majburiy tibbiy davolanishga jalb qilinadi.

Sud hukmida yozilishicha, sudlanuvchi R.I. 1974 yilda tug‘ilgan bo‘lib, millati o‘zbek, ikki farzandning otasi; muqaddam sudlanmagan. Mirzo Ulug‘bek tumani Oqqo‘rg‘on ko‘chasida yashab kelgan.

R.I. 2009 yildan 2020 yilning 1 oktyabriga qadar birga yashovchi turmush o‘rtog‘i D.I.ni turli hil bahonalar bilan kaltaklagan, badaniga sanchqi bosib azoblagan. 1 oktabr kuni esa o‘zining insoniylikka xos bo‘lmagan xatti-harakatlarini davom ettirib, 3 yashar qizining tuvakdagi axlatini yeyishga xotinini majburlagan; shu kuni uni taxta bilan urib, tan jarohati ham yetkazgan.

Sudlanuvchi sud majlisida aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrida ham shunga o‘xshash holat kuzatilgandi. Ayolini pampers yeyishga majburlagan erkak 1 dekabr kuni 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Mavzuga oid