O‘zbekiston | 10:42 / 15.12.2020
28738
9 daqiqa o‘qiladi

So‘x voqealari ishtirokchilari ustidan sud jarayoni davom etmoqda. 5 nafar sudlanuvchining ko‘rsatmalari tinglandi

Foto: KUN.UZ

Kecha, 14 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida So‘x voqealari yuzasidan 22 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish davom ettirildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Bo‘lib o‘tgan sud jarayonida sudlanuvchilar Bahodirjon Shodiyev, Yodgorjon Jo‘rayev, Shoxzod Maxmadaliyev, Zaylobidin Zaylobov hamda Shoxrombek Olimovlar 31 may kun sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha so‘roq qilindi.

Sud avvalida advokat Burxonjon Mamajonov raislik qiluvchiga 13 nafar shaxsning xulq-atvoridan kelib chiqib ularga tayinlangan uy qamog‘i ehtiyot chorasini bekor qilish taklifini kiritdi. Advokat taklifi qanoatlantirishdan rad etildi.

Sudlanuvchi Bahodirjon Shodiyev: “Men Chashmadagi janjalda qatnashmagan bo‘lsam, nima uchun bu yerdaman?”

“Opam Dilorom Shodiyeva Chashmada yashaydi. 31 may kuni uning uyiga borgandim. Opam pishirayotgan oshdan olib, kasalxonada yotgan akamni ko‘rib kelishni reja qilgandim. Ko‘chaga chiqsam, hamma Chashma bulog‘i tomon ketyapti. Qirg‘iz va o‘zbeklar o‘rtasida janjal ko‘tarilganini eshitdim. Janjalda men ishtirok etmaganman. 2018 yilda davlatdan kredit olib, qoramollar olgan edim. O‘sha yili qirg‘izlar Qayroq qishlog‘ida mollarimizni haydab olib ketishgan edi. O‘shanda qirg‘izlar bilan urishgan edik. Chashma qishlog‘ida bo‘lgan urushda ishtirok etmagan bo‘lsam, nega bu yerdaman? Haligacha tushuna olmayapman. Tushunishimcha, o‘sha Qayroqdagi janjalda haqimizni talab qilib qirg‘izlar bilan urishganimdan keyin meni ham Chashma voqeasida aloqasi bor deb o‘ylagan bo‘lsalar kerak. Tergov paytida boshimga qop kiygizilgan edi. Beldan pastki qismimga shunday urdilarki, natijada bir hafta yura olmay qoldim. Tergov jarayonida hech kim bilan yuzlashtirilmadim”, — deya ko‘rsatma berdi Bahodirjon Shodiyev.

Sudlanuvchi Yodgorjon Jo‘rayev: “Chashmadagi janjal vaqtida men kasalxonada bo‘lganman”

“Oilada onam, opam va men yashaymiz. Dadam ancha yillar avval vafot etib ketgan. Oilaning boquvchisi menman. 31 may kuni dalada edim. Onamning qon bosimi oshib ketgani bois kasalxonaga tushib qolgan edi. Daladan qaytib kelib, kasalxonaga ketdim. Kasalxonaga borsam tez yordam mashinalarida yaralanganlar olib kelinayotgan ekan. U yerda odam juda ko‘p edi. IIB xodimlari to‘planganlarni tarqatishga urinishardi. Kasalxonada ertalab soat 7 dan 7:30 largacha bo‘ldim. Onam bilan gaplashdim. Amakimning o‘g‘li Savriddin Jo‘rayevni IIB xodimlari urib jag‘ini sindirishgan ekan. Kasalxonada amakivachchamni ham ko‘rib qoldim. Menga nisbatan kasalxonadagi ommaviy tartibsizliklarda qatnashganlikda ayblov ilgari surishyapti. Lekin men unda ishtirok etmaganman”, — dedi Yo.Jo‘rayev.

Sudlanuvchi Shoxzod Maxmadaliyev: “Menga IIB binosiga tosh otgan degan ayblov qo‘yishyapti. Dadam IIBda ishlagan. Dadam ishlagan joyga tosh otmayman”

“Piloramada ishlayman. O‘sha kuni Soat 6-7 lar chamasida Chashma tomonda janjal boshlanganini eshitdim. Ukam bilan “Mersedes” yuk mashinasiga o‘tirib Chashmaga qarab ketdik. Ammam o‘sha hududda yashaydi. U yerga borib eng avval ammamning uyiga kirib, ularning holidan xabar oldim. Menga IIB binosiga tosh otgan degan ayblov qo‘yishyapti. Dadam IIBda ishlagan. Dadam ishlagan joyga tosh otmayman. Men bu ayblovni tasdiqlamayman. Uyimdan soat 11 larda IIB bo‘limiga olib ketishdi. O‘sha kuni 23 largacha IIB binosida o‘tirdim. Tergov xonasida meni urishdi”, — deb ko‘rsatma berdi Sh.Maxmadaliyev.

Sudlanuvchi Zaylobidin Zaylobov: “Prokuraturada niqob taqqan shaxslar oyog‘imga urishdi”

“Dadam bilan birga ustachilik qilamiz. O‘sha kuni telefonim puli tugab o‘chib qolgan ekan. Pul qo‘yish uchun markazga paynetga bordim. Chashmada qirg‘iz va o‘zbeklar o‘rtasida janjal boshlanganini shu yerda eshitdim. Odamlar mashinalarda o‘sha yoqqa ketishayotganini ko‘rdim. Telefonimga pul tushirib uyga qaytdim. Oradan bir qancha vaqt o‘tib, telefon sotib olish maqsadida markazga bordim. IIB xodimlari ertalab soat 8 larda markazdan ushlab ketishdi. IIB binosida soat 17 gacha ushlab turishdi. 17 dan keyin prokuraturaga olib ketishdi. Fuqaro kiyimidagi shaxs u yerda menga “Lavhaga tushib qolgansan”, dedi. Shundan so‘ng niqob taqqan shaxslar oyog‘imga urishdi. Umrimda birinchi marotaba IIB xodimlaridan kaltak yeyishim. Bu kaltaklar zarbidan shokka tushib qoldim. Ular urishayotganida “Nega aybsiz odamni uryapsizlar”, desam “Sen IIB binosiga tosh otgansan”, deb yana urishdi. Tergov paytida 3 nafar kimsaning ism-familiyasini o‘qib “Shu kimsalarni taniyman deb qo‘l qo‘yib bersanggina uyingga ketasan, yo‘qsa uyingga ketmaysan”, deyishdi. Men qanday mazmundagi ayblovga qo‘l qo‘yayotganimni bilmaganman. Qo‘rqqanimdan qo‘l qo‘yib berganman. Tergov jarayonini videoga olishmadi. Prokuraturadan kech soat 2:30 larda uyga qaytdim”, — deb ko‘rsatma berdi Z.Zaylobov.

Sudlanuvchi Shoxrombek Olimov: “Kaltak zarbidan shokka tushib qoldim, qo‘l qo‘ymasang podvalga tushasan, deb qo‘rqitishdi”

“31 may kuni 1:30 larda ko‘chaga chiqdim. Hamma yoqda Chashmada janjal bo‘layotganligi haqida shov-shuv xabar tarqalgandi. 3-4 ta “Damas” bo‘lib odamlar Chashmaga ketayotganligini ko‘rdim. Chashmaga bormoqchi bo‘lib yo‘lovchi mashinalarni to‘sishga harakat qildim. “Cobalt” mashinasi to‘xtadi. Unga o‘tirib Chashmaga qarab ketdim. Chashmaga yetib borsak, u yerda tumonat odam yig‘ilgan ekan. Tepalikka chiqayotganimda qonga belangan odamni olib kelishayotgan ekan. Yaralangan odamni ko‘rib qo‘rqib ketdim. O‘zimga kela olmadim ancha vaqt. Shu sabab toshbo‘ron bo‘layotgan tomonga bormadim. Birozdan keyin qirg‘izlarning biz tomonga tinmay tosh otishayotganini ko‘rdim. Men ham ularga tosh otdim. 2 soat atrofida janjalni tomosha qildik. Keyin “Viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev keldi”, degan gap eshitdim. Hokim oq kepkada ekan. Uni 50-100 metrlar chamasi uzoqlikdan ko‘rdim. Qirg‘izlar otgan toshlardan biri labimga kelib urildi. Tosh zarbidan yerga yiqildim. Zudlik bilan meni tez tibbiy bo‘limiga olib borishib labimni tikishdi. Ikkita chok tushdi. Kasalxonaga tinimsiz jarohat olganlar kelayotganligi bois meni u yerda uzoq olib o‘tirishmadi. Uydagilar kelib meni tez tibbiy bo‘limidan olib ketishdi. IIB xodimlari 12 sentyabr kuni uyga kelishgan ekan. Men o‘sha kuni ko‘chada edim. Ertalab soat 7 larda IIBga bordim. IIB binosida “31 may kuni qayerda eding”, deb yuzimga urishdi. “Nega Chashmaga borgansan”, deya yana urdilar. Shu orada meni urayotgan shaxsning sherigi “Ko‘karadigan joyiga urma”, dedi. Bu orada “Viloyat hokimiga tosh otgansan”, deb yana urishdi. Ikki kishi navbat bilan kaltaklashdi. Ayblov varaqasini ko‘rsatishib, shuni ko‘chirib bersang, uyga ketasan deyishdi. Kaltak zarbidan shokka tushib qolgandim. “Qo‘l qo‘ymasang, podvalga tushasan”, deb qo‘rqitishdi”, — dedi Sh.Olimov.

Shoxrombek Olimov ko‘rsatmalari so‘ngida prokurorning “Harbiyning qalqoniga haqiqatan ham tepganmisiz?” degan savoliga aniq javob bera olmadi.

5 nafar sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglangach, sud ishida 18 dekabrga qadar tanaffus e'lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 9 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchilar Davlatjon Mallayev, Firdavs Ahrorov, Oybek Otashev hamda Shoxboz Mirzojonovlar So‘x voqealari bo‘yicha so‘roq qilingan edi.

Mavzuga oid