O‘zbekiston | 14:40 / 16.12.2020
19547
3 daqiqa o‘qiladi

«Hududgazta'minot» raisi metan zapravkalar kechki vaqtlarda ishlamayotganiga izoh berdi

«Hududgazta'minot» AJ raisi Bahodir Eshmurodov metan zapravkalarining ishlash vaqtiga o‘zgartirish kiritilgani bo‘yicha izoh berdi.

«Xalq tili bilan aytganda metan zapravkalar va u yerdagi cheklovlar borasida ham iste'molchilar tomonidan savollar kelib tushmoqda. Sodda qilib aytganda, metan-zapravka bu – ulanish nuqtasiga qarab, 0,5 atmosferadan 200 atmosferagacha bo‘lgan tabiiy gazni tortib siqib, mashina balloniga to‘ldirib beradigan joy. Ya'ni bu yerda texnologik jarayon [bo‘ladi], tabiiy gaz bosimi 400 barobarga ko‘tarilmoqda.

Mana shu jarayonda aksariyat fuqarolarimiz ishdan qaytish vaqtida zapravkaga kirib metan quyish bilan band bo‘ladi. Agar biz kunni uchga bo‘lib olsak, ertalab soat 00:00dan soat 6:00gacha barqaror vaqt bo‘ladi. Soat 6:00dan soat 8:00gacha iste'mol 25-30 foizgacha oshib ketadi. Bu hamma uyqudan turgan, nonushta qilayotgan vaqtga to‘g‘ri keladi.

Shundan keyin soat 8:30dan soat 11:00gacha yana iste'mol pasayib barqaror darajaga keladi. Soat 11:00dan soat 14:00largacha tushlik vaqti hisobiga yana iste'mol oshib ketadi. Keyingi iste'mol oshishi soat 16:30dan boshlanadi. Fuqarolarning ishdan qaytishi, tushlik tayyorlashga kirishish, chiroqlarning yoqilishi va boshqa ko‘plab sabablar tufayli bizda soat 17:00dan boshlab soat 20:00gacha, ayrim kunlari soat 22:00gacha iste'mol eng cho‘qqiga chiqqan vaqtlar bo‘ladi. Ya'ni bu yerda issiqlik elektr stansiyalari, issiqlik manbalari va aholi iste'molchilarining sarflari oshadi.

Shuningdek, metan-zapravkalarining iste'moli ham shu vaqtda oshadi. Shuning uchun mana shu vaqtda tirbandlik hosil qilmaslik maqsadida metan-zapravkalarining ishlash vaqtiga o‘zgartirish kiritish taklifi berildi. Ya'ni kunduz vaqtida yoki tongda zapravka qilish orqali kechki vaqtda barcha iste'molchilarni bir me'yorda gaz bilan ta'minlash vazifasi qo‘yildi va bu taklif amalga oshirildi», dedi «Hududgazta'minot» AJ raisi Bahodir Eshmurodov.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi oxirida viloyatlarda, dekabr oyi boshida Toshkent shahrida metan zapravkalarning ishlash vaqtiga cheklov o‘rnatilgan, poytaxtda soat 17:00dan soat 05:00ga qadar gaz ta'minoti uzilishi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid