Jahon | 11:16 / 16.12.2020
67647
4 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev Akayev va Bakiyevni qanday qilib Qirg‘izistondan olib ketganini aytib berdi 

«Portretga chizgilar» hujjatli filmining ikkinchi qismida Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev qo‘shni respublika sobiq prezidentlari Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyevni Qirg‘izistondan olib chiqishda qanday yordam bergani haqida so‘zlab berdi.

Videodan kadr

Ushbu seriya 15 dekabr kuni «Xabar» respublika telekanali efirida namoyish etildi, deb yozmoqda «Fergana» axborot agentligi.

«Qirg‘iziston haqida aytib o‘tishim kerak. Akayev. Uni Bishkekdan Tarazga vertolyotda olib kelishimga to‘g‘ri keldi. Vaziyat murakkab edi, ular o‘t ochishi mumkin edi, ammo keskinlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun uni olib chiqib ketdim, - deydi Nazarboyev. - Undan keyin davlat rahbariga aylangan shaxs bilan ham xuddi shu voqea ro‘y berdi. U O‘shda joylashib oldi, u yerda o‘z tarafdorlarini yig‘ib, ularni qurollantirdi va Bishkekka qarab borishga tayyor edi. Men aytdim: «Qurmanbek (Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiyev), nima qilyapsan, nega? Qon to‘kishing mumkin. Yana prezident bo‘lishni xohlaysanmi? Bundan keyin qanday qilib ishlaysan?». Xullas, muvaqqat prezident bor edi (Roza Otunbayeva), u bilan telefonlashdik, u: «Biron narsa qiling, Qurmanbekni tinchlantiring», dedi. Men Qurmanbekka qo‘ng‘iroq qilib, shunday dedim: «Seni u yerdan, O‘shdan olib chiqib ketaman. Keyin muzokara olib borasan, yaqinda bo‘lasan, shu yerda». Uni arang ko‘ndirdim».

Nazarboyevning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonda bu vaqtda yadro quroliga qarshi masalalar bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tayotgandi. 

«Biz u yerda edik. Medvedev Rossiya prezidenti edi. Obama bor edi. Uchalamiz maslahatlashib turganimiz tasvirlangan fotosurat ham bor. O‘shanda Qirg‘iziston haqida, fuqarolik urushi boshlanayotgani to‘g‘risida gaplashganmiz. Bakiyev qurolli otryadlari bilan Bishkekka bormoqchi edi, nimadir qilish kerak edi. Men Bakiyevni olib chiqib ketishimni, Rossiyaga tegishli qiruvchi samolyotlar esa menga tegishli laynerni qo‘riqlashi kerakligini aytdim. O‘sha paytda Adilbek Jaksibekov mudofaa vaziri edi, men: «Samolyotni tayyorlab qo‘y», dedim. U harbiy razvedka orqali ishlay boshladi. O‘sh aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagiga shag‘al to‘kib tashlanganini aytdi. Qo‘nishning ham, uchib ketishning ham imkoni yo‘q edi. Men: «Buni aniq bilasanmi?», deb so‘radim. U: «Aniq emas, lekin shunday deyishdi. U yerda imkonsiz», dedi. Men: «Samolyotni jo‘nat, pastga tushsin. Agar u yerda shag‘al uyumlari yotganini ko‘rsa, uchib ketsin, agar bo‘lmasa, qo‘nishni amalga oshirsin», dedim. Qurmanbekka esa: «Bort parvozga tayyorlanmoqda, tayyorlanib tur», dedim. Ular uchib kelganida hech qanday shag‘al yo‘qligi ma'lum bo‘ldi. Ular qo‘nib, oilani bortga olishdi va uchib ketishdi. Agar bu qilinmaganida ko‘p qon to‘kilishi mumkin edi», - dedi Qozog‘istonning birinchi prezidenti. 

Bakiyev Qirg‘iziston tarixida hokimiyatdan chetlatilgan ikkinchi prezidentga aylandi. Undan avvalgi davlat rahbari Asqar Akayev 2005 yilda lavozimidan chetlatildi. Akayev hozir Rossiyada yashaydi, Bakiyev esa Belarusda siyosiy boshpana oldi. 

«Portretga chizgilar» - Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘p qismli hujjatli film. Muallif - taniqli jurnalist Oygul Odilova. 

Mavzuga oid