O‘zbekiston | 10:32 / 16.12.2020
13302
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni ikki baravar oshdi

2020 yil boshida ko‘p farzandli, kam ta'minlangan 500-600 ming oilaga ijtimoiy yordam berish ko‘zda tutilgandi. Yil yakuniga kelib, ushbu raqam ikki baravar oshib ketdi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov joriy yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni ikki baravar oshganini ma'lum qildi. Ushbu holat pandemiya sharoitida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar soni ortib borayotgani bilan izohlanadi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Prezidentimizning bir necha bor qabul qilgan farmonlariga ko‘ra, ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni aprel va iyun oylarida ko‘paydi. Bundan tashqari, pandemiya qizigan paytda ijtimoiy nafaqa olish muddati yakunlangan oilalar uchun nafaqa to‘lash avtomatik tarzda uzaytirildi. Shuningdek, ijtimoiy nafaqa olish talablarini yengillashtirdik. Buning natijasida ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni yil oxiriga kelib, 1,2 million oilani tashkil etishi kutilmoqda», — dedi vazir o‘rinbosari.

Ahadbek Haydarovning ta'kidlashicha, 2021 yilda davlat budjetida nafaqa oluvchi oilalar sonini saqlab qolish inobatga olingan.

«Endilikda ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda ijtimoiy reyestr joriy qilinadi. Uning asosida obektiv omillarni inobatga olib, to‘lov tizimi tashkil etiladi», — deydi Ahadbek Haydarov.

Ma'lumot uchun, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi hamda nogironligi bo‘lgan bolalar sentyabr oyida pensiya va nafaqaga qo‘shib, 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ham oldi.

Iqtisod fanlari doktori, professor Barnogul Sanaqulova Kun.uz`ga taqdim etgan maqolasida pandemiya davrida ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam tarqatilishini shaffoflashtirish yuzasidan o‘z taklifi haqida so‘z yuritgandi. U moddiy yordam ko‘rsatilgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘zida mujassam etib boruvchi «Moddiy yordam berilgan fuqarolar» platformasini yaratishni taklif etgan.

YUNISEF yaqinda taqdim etgan hisobotida O‘zbekistonda ijtimoiy himoya bo‘yicha davlatning yagona strategiyasi yo‘qligi ta'kidlangan. Mamlakatda aholini ijtimoiy muhofaza qilishning 10 yillik strategiyasi ishlab chiqilishi bundan bir yil oldin aytilgan edi.

YUNISEF ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda eng kambag‘al uy xo‘jaliklarining 52 foizi ijtimoiy himoyaning milliy tizimi tomonidan hech qanday yordam bilan qamrab olinmagan.

Mavzuga oid