Fan-texnika | 21:53 / 16.12.2020
16302
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan smartfonlarga davlat gerbi tasviri tushirilgani bo‘yicha izoh berildi

AKT vazirligi Navoiy shahridagi «Telekom Devices PRO» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan smartfonlarga davlat gerbi tasviri tushirilgani, bu amaldagi qonunlarga zidligi haqida ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarga munosabat bildirdi. Vazirlikning ma'lum qilishicha, bunday smartfonlar tijoriy maqsadlarda foydalanilmagan.

Foto: O‘zA

Avvalroq Navoiydagi erkin iqtisodiy zonada joylashgan «Telecom Devices PRO» MChJ tomonidan «O‘zbekiston» deb nomlangan, 64 gigabayt xotira quvvatiga smartfonlar ishlab chiqarilayotgani, u ichki bozorga mo‘ljallab tayyorlangani haqida xabar berilgan edi. Telefon panelining markaziy qismiga O‘zbekiston Respublikasi gerbi tushirilgani ijtimoiy tarmoqlarda navbatdagi muhokamalarni keltirib chiqardi.

Foydalanuvchilar «O‘zbekiston Respublikasi Davlat Gerbi to‘g‘risida»gi qonunining 5-1-moddasida Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emasligi belgilangan holda sotish uchun ishlab chiqarilayotgan smartfonlarga ushbu qonunga zid ravishda davlat ramzi tasviri ishlatilganiga e'tiroz bildirishgan. Shuningdek, ayrim o‘zbekistonliklar qonunning ushbu normasini bila turib, ushbu telefonni ishlab chiqarishga litsenziya va muvofiqlik sertifikatini berilganini tanqid qilishgan.

Kun.uz muxbiri ushbu e'tirozlar yuzasidan Axborot va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmadovdan izoh so‘radi. Vazir matbuot kotibining ta'kidlashicha, davlat gerbi tasviri tushirilgan smartfonlardan tijoriy maqsadlarda foydalanilmagan, ular vazirlik va idoralarning buyurtmasiga ko‘ra cheklangan miqdorda chiqarilgan.

«Davlat gerbi tasviri tushirilgan smartfonlardan tijoriy maqsadlarda foydalanilmagan. Korxonada gravirovka asosida Davlat gerbi tasviri tushirilgan smartfonlarni vazirlik va idoralarning buyurtmasiga ko‘ra cheklangan miqdorda chiqargan bo‘lib, davlat ramzi tasviridan tijorat maqsadida foydalanilmagan.

Boshqa buyurtmachilar, ya'ni Milliy bank, UCELL va Uzmobile kabi buyurtmachilar talabiga ko‘ra, smartfon panelining markaziy qismiga buyurtmachilar xohlagan logotip tasvirlari tushirilgan holda ishlab chiqarilgan. Mahalliy bozorlarda «O‘zbekiston» smartfonlari «I-Device» brendi ostida sotilgan», deydi Sherzod Ahmadov.

Ma'lumot uchun, «Telecom Devices PRO» mas'uliyati cheklangan jamiyati 2016 yilning 8 noyabr kuni tashkil topgan bo‘lib, asosiy faoliyati telekommunikatsiya qurilmalarini ishlab chiqarishdan iborat. Davlat statistika qo‘mitasining ochiq ma'lumotlariga ko‘ra, «Telecom Devices PRO» MChJning ustav fonddagi barcha ulush «O‘zbektelekom» AKga tegishli hisoblanadi.

AKT vazirligining ma'lum qilishicha, «O‘zbekiston» milliy smartfonini ishlab chiqarish 2019 yil 24 avgustdagi PQ-4426-sonli prezident qarori ijrosi doirasida yo‘lga qo‘yilgan. Dasturiy ta'minoti o‘zbekona tusga ega ushbu mahsulotga O‘zbekiston Respublikasi hukumati ma'lumotlarini o‘z ichiga olgan «Hukumat» dasturi yuklangan. Elektron kooperatsiya portali ma'lumotiga ko‘ra, ushbu smartfon ishlab chiqaruvchi tomonidan 3 million 499 ming so‘m qiymatda taklif etilmoqda. «Telecom Devices PRO» MChJ rahbari Nodir Rahimov O‘zA muxbiriga bergan intervyusida «O‘zbekiston» smartfonlari boshlanishiga 3000 dona ishlab chiqarilgani, ayni paytda mahsulotning 50 foizdan ko‘prog‘i sotilganini ma'lum qilgan. 

Mavzuga oid