Shohrux G‘iyosov qanday hollarda IIV xodimlarini tasvirga olish va tarqatish mumkin emasligini tushuntirdi
15 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov davlat xizmatchilari, ya'ni IIV xodimlarini xohlagan odam, xohlagan vaqtda tasvirga olishi va istalgan platformaga ushbu videoni qo‘yishi mumkinligini aytgan edi.
Shu bilan birga bunda xodimlarning ishiga xalaqit berish mumkin emasligi ma'lum qilingan.
Vazirlik matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov xodimlarni qanday holatlarda tasvirga olish mumkin emasligi, qaysi holatlar ularning ishiga xalaqit berish hisoblanishi va xodimlarning fuqarolar bilan muloqoti davomida yuzaga keladigan holatlar bo‘yicha qo‘shimcha izoh berdi
“IIV xodimlarining xizmat faoliyatini har bir fuqaro tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqqa qo‘yishga haqi bor. Lekin bu yerda uchta taqiqlangan istisno holatlar bor.
Birinchidan, ichki ishlar organlarining ma'muriy binolari maxsus tartibli ma'muriy idoralar hisoblangani bois u yerga telefonlarni olib kirish va tasvirga olish taqiqlanadi. Faqat idora rahbari ruxsat etgan taqdirdagina mumkin. Chunki bu binolar maxsus tartibli bo‘lib, u yerda maxfiy ish yurituvi, fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlari bilan bog‘liq materiallar, qurol-aslaha mavjud.
Ikkinchidan, xodimlarning xizmat faoliyatiga xalaqit berish mumkin emas. Ya'ni xodimlarni xizmat vaqtida turli so‘roqqa tutish, unga tegish mumkin emas. Bunda xavfsiz joydan turib, xalaqit bermasdan tasvirga olish mumkin. Ba'zi hollarda ko‘ramiz, yo‘lning qatnov qismiga chiqib olib yoki xizmat faoliyatiga xalaqit bergan holda amalga oshiriladi. Albatta, bunday hollarda xodimlar fuqarolardan huquqbuzarlik sodir bo‘lgan joyni tark etishni talab qilishga, agar talab bajarilmasa ularga majburiy choralarni qo‘llashga haqqi bor. Agar xodim ogohlantirgandan keyin shu harakatlar davom etsa, tasvirga olayotgan fuqaro ma'muriy javobgarlikka tortiladi.
Uchinchidan, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatdan tashqari vaqtda shaxsiy hayoti va oilasi bilan bog‘liq vaziyatlarni tasvirga olish va tarqatish, shaxsiy hayoti bilan bog‘liq ma'lumotlarni oshkor qilish taqiqlanadi. Bu uni fuqaro sifatida huquqini poymol qilish hisoblanadi.
Bundan tashqari, IIV xodimlari jurnalist-blogerlar va fuqarolarning savollariga javob berishga majbur emas. Agar jurnalistlar, blogerlar va boshqa turli fuqarolar IIO xodimlariga turli tushuntirishlar so‘rab murojaat qilishsa, u javob bermaslikka haqli, buning uchun har bir viloyat IIBBlarida Axborot xizmatlari mavjud, ular tomonidan berilgan ma'lumot rasmiy hisoblanadi. Agar axborot xizmatlari jurnalist va blogerlarning so‘rovlariga javob bermasa yoki javobni sababsiz kechiktirsa, ularga intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.
Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari har bir fuqarodan shaxsini tasdiqlovchi hujjatini talab qilishga haqli, xoh u avtomobil haydovchisi, xoh piyoda bo‘lsin.
Agar fuqarolar xodimlarning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lsa 11-02 qisqa raqami orqali ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib yoki yuqori turuvchi tashkilotga murojaat qilsa, albatta, tegishli choralar ko‘riladi”, — deydi IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov.
Mavzuga oid
17:34 / 04.09.2024
O‘ndan ortiq davlatning politsiya oliy o‘quv yurtlari rahbarlari Toshkentda yig‘ildi – foto
11:40 / 23.08.2024
Jizzaxda soqol qo‘ygan 22 yoshli fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi
13:30 / 20.08.2024
Toshkent propiskasi haqidagi qonun bekor qilinadi
12:01 / 23.07.2024