Jahon | 14:46 / 18.12.2020
2328
4 daqiqa o‘qiladi

2020 yilning II choragida FedEx’ning sof foydasi 1,2 milliard dollardan oshdi

Foto: AP Photo/John Minchillo

Pandemiya sharoitlari taqozosiga ko‘ra odamlar do‘konlarga bormay, onlayn xaridlar qilishlari oqibatida kundalik mahsulotlarning yetkazmasiga keskin oshib ketgan talab natijasida FedEx Corp. 2020 yil II choragida sof foydasini ikki hissa ko‘paytirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi ma'lum qildi.

Yetkazmalar giganti payshanba kuni ikkinchi fiskal chorakda 1,23 milliard dollar sof foyda olgani, o‘tgan yilning shu davrida esa, bu ko‘rsatkich 560 million dollarni tashkil etganini ma'lum qildi. Umumiy aylanma mablag‘ esa, 19 foizga ortdi.

FedEx kelajakdagi daromadni bashorat qilishdan tiyilgan esa-da, kompaniya bosh moliya menejyeri Maykl Lens kelasi olti oyda yetkazish xizmatlariga talab yuqori bo‘lib qolishi tufayli daromad yanada ortishi kutilayotganini aytgan.

Natijalar Wall Street kutilmalaridan yuqori bo‘lib, FedEx aksiyalari joriy yilda ikki barobar qimmatlaganiga qaramay, yuqoridagi bayonot berilganidan keyin bir necha soatlar o‘tib, aksiyalar qiymati 3 foizga tushdi.

Chorak 30 noyabrda tugagan. Bu esa bayonotda berilgan raqamlar Shukronalik kunidan boshlanib Rojdestvogacha davom etadigan eng talabgir davrning boshlanishini qamrab olgan degani.

Pandemiya boshlanib, aholi onlayn savdolarga o‘ta boshlagach, FedEx va uning ashaddiy raqobatchisi United Parcel Service (UPS) shundoq ham bir necha oylardan beri bayramoldi rejimida ishlab kelishyapti.

Endilikda kurerlik gigantlari bayram yetkazmalari va koronavirus vaksinasi tashuvlarini ham amalga oshirib, xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini kengaytirishyapti.

Shukronalik bayramidan keyingi birinchi kuni Cyber Monday’da UPS ayrim chakana savdo tarmoqlarining buyurtmalarini yetkazib berishda ulgurmay qoldi. ShipMatrix tahliliy kompaniyasiga ko‘ra, FedEx, UPS va AQSh pochta xizmati ta'til mavsumida juda yaxshi ishlashdi.

FedEx Ground prezidenti Henri Mayyerning aytishicha, yangi xizmat turlari ochilishida kechikishlar ro‘y bergani va minglab yangi xodimlarni treningdan o‘tkazishga ancha vaqt sarflanganiga qaramay uning bo‘linmasi pochta yetkazmalarining 30 foizini bir kun ertaroq, jo‘natmalarni esa, o‘tgan yilga nisbatan ancha kamroq - 2,4 kunda yetkazib bergan.

Tizimga bosimni kamaytirish uchun FedEx mijozlarini Rojdestvo sovg‘alariga harakatni Shukronalik haftasidan avvalroq boshlashga undadi. «Biz xaridorlik fe'l-atvorini o‘zgarishiga umid qilayotgandik, bizning nazdimizda adolatli emas», degan kompaniyaning bosh marketologi Bri Karer.

FedEx aylanma mablag‘i o‘tgan yilgi 17,32 millard dollardan 20,56 millardga o‘sdi. Tahlilchilar 19,33 milliard prognoz qilishgandi. Eng katta o‘sish kompaniyaning yerusti yetkazish xizmatida kuzatilgan – jami daromadning 38 foizi. Havo orqali ekspress yetkazish sohasida 14 foiz o‘sish kuzatilgan, sof foyda esa, uch karra ortgan.

E'tiborga molik jihati, FedEx daromadning salmoqli qismini kadrlar malakasini oshirish va yangi transport sotib olishga sarflagan.

Mavzuga oid