Iqtisodiyot | 14:00 / 18.12.2020
23402
6 daqiqa o‘qiladi

2021 yilgi Davlat budjeti ma'qullandi

Davlat budjeti daromadlari 147,2 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 21,3 foiz miqdorida belgilanmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 26,2 trln so‘m, xarajatlari esa 40,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan.

Foto: Senat matbuot xizmati

Senatning o‘ninchi yalpi majlisida «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi, «Budjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi hamda «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunlar muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonun bilan kelgusi yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat budjeti prognozlari hamda 2022–2023 yillar uchun budjet mo‘ljallari belgilanmoqda.

Makroiqtisodiy siyosatning asosiy yo‘nalish va ko‘rsatkichlari kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasi davom etishi taxminlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan.

Bunda asosiy e'tibor makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, fiskal rag‘batlantirish choralarini mo‘'tadillashtirib borish, iqtisodiy o‘sish sur'atlarining 5 foizdan yuqori bo‘lishini ta'minlashga qaratilgan.

Inflatsiya darajasining pasayish tendensiyasi davom etishi va kelgusi yilda uning 10 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Ushbu rivojlanish ko‘rsatkichlariga har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish orqali erishish nazarda tutilgan.

Qayd etilganlardan kelib chiqib, 2021 yilda Konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 178,5 trln so‘mga yoki yalpi ichki mahsulotning 25,9 foizi darajasida prognoz qilingan.

Davlat budjeti daromadlari 147,2 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 21,3 foiz miqdorida belgilanmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 26,2 trln so‘m, xarajatlari esa 40,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan.

Davlat maqsadli jamg‘armalariga respublika budjetidan 15,9 trln so‘m mablag‘ ajratish ham belgilangan.

Jumladan, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 23,5 trln so‘m, xarajatlari 36,5 trln so‘mni tashkil etgani holda budjetdan 14,7 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Davlat budjetidan ijtimoiy sohalarga, xususan, ta'lim sohasi xarajatlariga 34,6 trln so‘m, Sog‘liqni saqlash sohasiga 19,6 trln so‘m, Madaniyat va sport sohasi xarajatlariga 2,6 trln so‘m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,2 trln so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Davlat dasturlari orqali esa uzluksiz ta'lim tizimini rivojlantirish dasturlari uchun (2 197 mlrd so‘m), fanni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun (168 mlrd so‘m) aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish uchun (3 952 mlrd so‘m) mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

«Shuningdek, jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish choralari doirasida Qonunda ilk bor birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilari budjetida davlat dasturlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar alohida ko‘rsatilishi nazarda tutilganini qayd etish lozim.

Bundan tashqari, majlisda ta'kidlanganidek, «Budjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun bilan budjet tizimi va budjet jarayonini takomillashtirish choralari belgilanmoqda.

Ushbu choralarning Budjet va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi va «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi qonunlarga tegishli o‘zgartish kiritish orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Bunda Budjet kodeksiga kiritilgan o‘zgartish bilan budjet jarayonining shaffofligini ta'minlash tartibi buzilgan hollarda vazirlik va idoralar rahbar xodimlariga jarima qo‘llanishi belgilanmoqda.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi haqidagi hisobotni taqdim etmagan, budjet jarayonining shaffofligini ta'minlash tartibini buzgan vazirlik va idoralar rahbarlariga jarima qo‘llash bo‘yicha o‘zgartishlar kiritilmoqda», deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, majlisda «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun ham ko‘rib chiqildi.

2021 yilda soliq siyosatini takomillashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish orqali soliqlar yig‘iluvchanligiga erishish Qonunning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun va O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish kiritilmoqda.

Soliq kodeksi normalarining to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishini ta'minlash maqsadida tegishli soliq stavkalarini bosqichma-bosqich bazaviy stavkalarga yetkazishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar ham kiritilmoqda.

Senat a'zolari tomonidan mazkur qonunlar ma'qullandi.

Mavzuga oid