DXA ism-familiyani o‘zgartirish tartibi haqida ma'lumot berdi
Davlat xizmatlari agentligi ma'lum qilishicha, ism-familiya va ota ismini o‘zgartirganlik uchun 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslardan 144 900 so‘m, 18 yoshdan kattalardan 256 400 so‘m miqdorida davlat boji hamda gerb yig‘imi undiriladi.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ism, familiya, ota ismini o‘zgartirish bilan bog‘liq bo‘lgan muhokamalar, davlat xizmatlari markazlariga bu borada murojaatlar ko‘paygan. Davlat xizmatlari agentligi ism-sharifni o‘zgartirish masalasi Oila kodeksi bilan tartibga solinishini eslatdi.
«Oila kodeksining 226-moddasida familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish tartibi haqidagi qoidalar ifoda etilgan. Unga ko‘ra, fuqaroning familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizasi o‘n olti yoshga to‘lgandan keyin o‘zi yashab turgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan ko‘rib chiqilishi, familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi xulosa ichki ishlar organlari tomonidan ushbu shaxs tegishlicha tekshiruvdan o‘tkazilgandan keyingina tuzilishi mumkinligi, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining familiya, ism va ota ismini o‘zgartirishni rad etganligi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkinligi belgilangan.
Ariza beruvchi 16 yoshga to‘lgach turar joydagi FHDYo organiga yuqoridagi masala yuzasidan ariza berishi mumkin», deya DXA axborot xizmati rahbari Sevara Zokirovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Ta'kidlanishicha, ism-familiya, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- ariza beruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;
- agar ariza beruvchi nikohda turgan bo‘lsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi, agar nikohdan ajratilgan bo‘lsa — nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomasi;
- agar ariza beruvchining voyaga yetmagan bolalari bo‘lsa, u holda bolalarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari;
- ariza beruvchining pasportidan yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan ko‘chirma;
- agar ariza beruvchi voyaga yetmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, u holda ota-onasining yoxud vasiy yoki homiyning arizasi;
- 1 dona (3x4 o‘lchamli) fotosurat.
Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizalar FHDYo bo‘limlari tomonidan quyidagi hollarda ko‘rib chiqiladi:
- «Davlat tili haqida»gi qonunining 15-moddasiga binoan;
- sudning hal qiluv qarori asosida;
- agar familiya va ism eshitilishda yoqimsiz bo‘lsa;
- agar familiya va ism millatiga to‘g‘ri kelmasa;
- xohishga qarab nikohgacha bo‘lgan familiyaga (nikohda turgan davrida ham, nikohdan ajratilgandan keyin ham) qaytishda;
- oila uchun umumiy familiyada bo‘lish istagi paydo bo‘lganda (agar nikoh tuzish paytida er-xotin umumiy familiya qabul qilishmagan bo‘lsa);
- 16 yoshga to‘lgan shaxsga otalikni belgilashda.
Ma'lum bo‘lishicha, 18 yoshgacha familiya, ism va ota ismini o‘zgartirganlik uchun BHMning 50 foizi miqdorida (ayni paytda 111 500 so‘m), 18 yoshdan yuqori shaxslarga BHMning 100 foizi miqdorida (223 000 so‘m) davlat boji hamda BHMning 15 foizi miqdorida (33 400 so‘m) har bir gerbli guvohnoma uchun gerb yig‘imi undirilishi belgilangan.
«Shu bilan birga, agar shaxs ismiga «-xon», «xo‘ja», «hoji», «bek», «bonu», «bibi», «begim», «zoda», «mir», «abdu» qo‘shimchalarini, ota ismini yozishda «yevich», «ovich», «yevna», «ovna», «qizi», «o‘g‘li», «-iy», «-zoda» qo‘shimchalarini kiritishni yoki shu kabi qo‘shimchalarni olib tashlashni istasa, bu holat shaxsning yoshidan qat'i nazar, dalolatnoma yozuviga qo‘shimcha kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Familiya, ism va ota ismi o‘zgarishi ariza beruvchi shaxslarning voyaga yetmagan farzandlarining tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishiga olib keladi», deydi agentlik rasmiysi.
Mavzuga oid
18:21 / 13.08.2024
“Shoh asar” - Kanadaning yangi pasporti dizayni haqida
08:35 / 20.07.2024
Aholi punktlarining xavfsizlik pasportlari tuziladi
11:29 / 13.07.2024
Singapur pasporti – «eng kuchli», O‘zbekiston pasporti – 79-o‘rinda
11:03 / 29.04.2024