QQS qaytarish kunlari tobora qisqarmoqda, ammo firibgarlik ham paydo bo‘lyapti – Mubin Mirzayev
Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) – bozor munosabatlarini tartibga soluvchi, umuman tadbirkorlik institutini rivojlantirish kafolatlarini yaratadigan eng muhim iqtisodiy vositalardan biri. Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ushbu masala yuzasidan tushuntirish berib, Kun.uz bilan suhbatlashdi.
Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir operatsiyalarning soliq bazasidan hisoblab chiqarilgan QQS summasi bilan olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha hisobga olinadigan QQS summasi o‘rtasida salbiy farq yuzaga kelgan taqdirda barcha qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari uni qoplash (qaytarish) huquqiga ega. Mazkur yengillik yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan belgilab qo‘yilgan va joriy yilning 1 iyulidan amaliyotga joriy etildi.
Mubin Mirzayevning aytishicha, yangi tartibga ko‘ra QQS to‘lovchisi QQSni qoplash (qaytarish) masalasini ko‘rib chiqish uchun davlat soliq boshqarmasiga, yirik soliq to‘lovchilar esa Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasiga ariza yuboradi.
Bunda, Soliq kodeksining 274 moddasiga binoan yirik soliq to‘lovchilar, diplomatik vakolatxonalar, bank kafolatini taqdim etgan tashkilotlar, eksportchi korxonalar, mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilari va soliq monitoringi ishtirokchilarining arizalari tezlashtirilgan tartibda – 7 kundan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi.
«Shu bilan birga, ayrim tadbirkorlar ushbu preferensiyalardan shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanib, haqiqatda to‘lanmagan soliq summasini go‘yoki to‘langan sifatida bitimlar rasmiylashtirib, budjetdan mablag‘ undirishga urinmoqda», — deydi Mirzayev.
Masalan, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida 24.11.2020 yilda (ya'ni bor yo‘g‘i 30 kun avval) ro‘yxatdan o‘tgan «E.T.F. » korxonasi eksport qilgan 17,5 mlrd. so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining barchasini «T.E.Y. » korxonasidan xarid qiladi.
O‘z navbatida, «T.E.Y. » korxonasi esa yana uchta «bir kunlik firma» «A.S.F. », «I.M.B» hamda «Z.T. » korxonalaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib oladi va eksportchi «E.T.F» korxonasiga vositachilik vazifasini bajaradi. Bundan asosiy maqsad – QQS bo‘yicha hosil bo‘lgan ortiqcha to‘lovni qoplash (qaytarish) orqali davlat budjetidan mablag‘larni o‘zlashtirishdan iborat.
Xususan, «A.S.F. » korxonasi soxta hisobvaraq-fakturalarni taqdim etish evaziga umuman tovarlarni kirim qilmasdan, 7,3 milliard so‘mlik tovarlarni realizatsiya qilganligi to‘g‘risida hisobot taqdim etgan. Bu esa o‘z navbatida 4,5 mlrd. so‘mlik umidsiz soliq qarzini keltirib chiqargan.
Mubin Mirzayev suhbat davomida soliq to‘lovchilaridan yaratilgan imkoniyat va sharoitlardan suiiste'molchilikka yo‘l qo‘ymasligini so‘rab, sohadagi islohot yana davom ettirilishini aytdi. U QQS qaytarish muddati 60 kungacha etib belgilanganiga qaramay, soliqchilar ushbu muddatga yetmay, tobora qisqa fursatda ishlayotganini ma'lum qildi.
Mavzuga oid
20:26 / 09.10.2024
“JSTga a’zolikdan keyin yirik korxonalarga 2-3 yillik o‘tish davri beriladi” – Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari
08:40 / 09.09.2024
Eksport qiluvchilar uchun QQS qoplash tartibi soddalashtirildi
13:50 / 05.09.2024
XMT loyihalariga yetkazilgan tovarlar uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga QQS qaytariladi
07:53 / 04.09.2024