O‘zbekiston | 22:45 / 25.12.2020
12134
5 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulkning bozor qiymati va boshqa xarajatlarning o‘rni to‘liq qoplanmagunicha uni buzish taqiqlandi

Prezident “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

 Hujjatga muvofiq, Yer kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritildi.

Endilikda yer uchastkasini yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishilgan holda tegishincha xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining yoxud Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan olib qo‘yiladi.

Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish faqat quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:

  • mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun yerlar berish;
  • O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
  • foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib olish;
  • avtomobil va temir yo‘llarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya obektlarini va aviatexnika markazlarini, temir yo‘l transporti obektlarini, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika tizimi obektlarini va elektr uzatish tarmoqlarini, aloqa tarmoqlarini, kosmik faoliyat obektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
  • aholi punktlari bosh rejalarining davlat budjeti mablag‘lari hisobidan obektlarni qurishga oid qismini ijro etish maqsadida, shuningdek qonunlarda va prezidentning qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Qayd etilishicha, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish to‘g‘risida qarorlar qabul qilishga faqat olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan yer uchastkalarida joylashgan ko‘chmas mulk mulkdorlari bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan, foyda va xarajatlar baholanganidan, shuningdek tegishincha davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘arma bilan majburiy ravishda kelishilganidan keyin yo‘l qo‘yiladi.

«Yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlarining buzilishiga turar joylar va yashash uchun mo‘ljallanmagan imoratlar, ishlab chiqarish binolari va inshootlari hamda boshqa bino va inshootlar amalda to‘liq bo‘shatib qo‘yilganidan, olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlarining bozor qiymati, ko‘chirish, yuridik, jismoniy shaxslarni yangi joylashgan yeri yoki yashash joyiga, shu jumladan vaqtinchalik olingan ko‘chmas mulk obektiga ko‘chirish bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning zararlari, shu jumladan boy berilgan foyda va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa xarajatlarning o‘rni to‘liq qoplanganidan so‘ng ruxsat beriladi», - deyiladi hujjatda

Davlat organining (mansabdor shaxsning) yer uchastkasi olib qo‘yilishi bilan bog‘liq qonunga xilof ma'muriy hujjati qabul qilinishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarning o‘rni qonunda belgilangan tartibda davlat tomonidan qoplanadi.

Yer egasi, yerdan foydalanuvchi va ijarachi yer uchastkasini olib qo‘yish haqidagi tegishincha xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining yoki Vazirlar Mahkamasining qaroriga rozi bo‘lmagan taqdirda, bu qaror ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.

Korxonalar, binolar va inshootlar qurish uchun yer uchastkalarini olib qo‘yishdan manfaatdor bo‘lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar loyihalash boshlangunga qadar hududni kompleks rivojlantirishni ta'minlashni inobatga olgan holda obekt quriladigan joyni, uchastkaning taxminiy o‘lchami va uni ajratish shartlarini yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar, shuningdek tegishincha viloyat yoki tuman (shahar) hokimi yoxud Vazirlar Mahkamasi bilan oldindan kelishib olishi shart. Bunday tarzda oldindan kelishib olinmagunga qadar loyiha ishlarini moliyalashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish hamda obekt quriladigan joyni oldindan kelishib olish, shuningdek yer ajratib berishni rasmiylashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan chet el yuridik va jismoniy shaxslarining mulki bo‘lgan yer uchastkasini savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi obekti yoxud turar joy hamda boshqa bino yoki binoning bir qismi bilan birga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish kafolatlar ta'minlangan holda xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining yoxud Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid