O‘zbekiston | 15:00 / 26.12.2020
23080
2 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar O‘zbekiston prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi 

Qonun loyihasida prezident Davlat xavfsizlik xizmatining huquq va majburiyatlari aniq belgilanishi barobarida, ushbu xizmatning faoliyatini nazorat qilish tartibi ham nazarda tutilgan.

Foto: Prezident Davlat xavfsizlik xizmati

2020 yil 26 dekabr kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Majlisda ta'kidlanganidek, bugungi kunda prezident Davlat xavfsizlik xizmati o‘z faoliyatini qonunosti hujjatlari asosida yuritib kelmoqda. Ushbu qonun loyihasi prezident Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini tashkil etish uchun shaffof huquqiy asosini yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

Mazkur qonun loyihasining ishlab chiqilishiga MDH ishtirokchi davlatlar rahbarlari kengashi a'zolari tomonidan 2008 yil 10 oktyabrdagi imzolangan MDH ishtirokchi davlatlarining davlat qo‘riqloviga olingan shaxslarning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha hamkorlik kelishuvi ham asos bo‘lib xizmat qildi.

Qonun loyihasida qo‘riqlanishi belgilangan shaxslarning toifasi, prezident Davlat xavfsizlik xizmatining maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida davlat organlari bilan hamkorlik qilish masalalari o‘z aksini topgan. Shuningdek, loyihada prezident Davlat xavfsizlik xizmatining huquq va majburiyatlari aniq belgilanishi barobarida, ushbu xizmatning faoliyatini nazorat qilish tartibi ham nazarda tutilgan.

Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Qonun loyihasini ishlab chiqishda xorijiy davlatlar, xususan, AQSh, Rossiya, Koreya davlatlarining sohadagi qonunchilik asoslari atroflicha o‘rganilgan. Qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston qonun hujjatlarini MDH davlatlari bilan imzolangan xalqaro shartnomalarga muvofiqlashtirish imkonini beradi, deyiladi parlament saytida. 

Mavzuga oid