Jamiyat | 16:17 / 26.12.2020
28386
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga yubormoqchi bo‘layotgan firmalardan ogoh bo‘ling: ularning hammasi ham ishonchli emas

Karantin cheklovlari sabab O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishiga cheklovlar belgilangan. Rossiyaga borishga talabgorlar esa ko‘p. Shu sababli vaziyatdan ustomonlik bilan foydalanib, daromad orttirayotganlardan ogoh bo‘lish kerak.

Foto: RIA Novosti

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda va messenjerlardagi guruh hamda kanallarda Rossiya Federatsiyasi hududiga kirish uchun O‘zbekiston fuqarolariga ruxsatnoma olib berishni va'da qilayotgan reklama e'lonlari aylanib yuribdi.

Ulardan birida yozilishicha, kompaniya Rossiyaga sayohat qilishni (!) rejalashtirgan fuqarolarga rasmiy yordam ko‘rsatishi, ular orqali atigi 2 hafta ichida RFga kirishga ruxsat olish mumkin.

Kun.uz mazkur e'lonni tarqatgan firmaning faoliyati bilan qiziqib ko‘rdi va yakunda ayrim shubhali holatlarni aniqladi.

Nimasi bilan shubhali?

Kun.uz muxbiri «mijoz» roliga kirishib, Rossiyaga yuborishga yordamlashishni va'da qilayotgan firma bilan telefon orqali bog‘landi.

Firma xizmat ko‘rsatish markazi xodimining aytishicha, mijoz shu firma bilan shartnoma tuzishi, 6,5 mln so‘m to‘lovni amalga oshirishi va xizmat ko‘rsatuvchiga pasport nusxasini taqdim etishi lozim. Pasport nusxasi Rossiyaning Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligiga yuboriladi. U yerdan 2 hafta ichida fuqaroga RF hududiga kirish huquqini beruvchi ruxsatnoma keladi. Ruxsat berilmagan taqdirda firmaga to‘langan pul (6,5 mln so‘m) fuqaroga qaytariladi. Bugungacha 100 mingdan ortiq mijozlar bilan shartnoma tuzilgan. Hozircha 120 nafar fuqaroga ruxsatnoma kelgan.

Bular firma vakilining aytgan gaplari. Bir qarashda hammasi risoladagidek, go‘yo. Endi masalaning shubhali jihatlari haqida aytib o‘tamiz.

1-shubha: Firma o‘z e'lonlarida Rossiyaga sayohat qilishni rejalashtirgan fuqarolarga xizmat ko‘rsatishini aytmoqda. Ma'lumki, Rossiya O‘zbekiston fuqarolarining sayohat qilishi uchun qulay bo‘lmagan mamlakat hisoblanadi. Ayniqsa, qish faslida. Bundan tashqari, millionlab fuqarolar har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, ishlash uchun ketishni reja qilib yurgani sir emas.

Ayni damda Rossiyaga O‘zbekistondan keladigan migrantlarga cheklov o‘rnatilgani bu firmaning «sayyohlik» niqobidan foydalanishga urinayotganini anglatmoqda.

2-shubha: Ma'lumki, sayyohlik litsenziyalanadigan faoliyat turi hisoblanadi. Kun.uz muxbiri bog‘langan firmada esa bunday litsenziya mavjud emasligi aytildi. Tegishli litsenziyasi bo‘lmasdan turib, sayyohlik xizmatlari taklif qilinayotganining o‘zi ham ushbu tashkilot faoliyatiga vakolatli organlar tomonidan bir nazar tashlab qo‘yish kerakligiga ishora bermoqda.

3-shubha: Bunisi boshqalaridan sezilarli darajada xavotirli. Sababi, ushbu xizmatlar yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ko‘rsatilmoqda. Yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatida sayyohlik yoki konsultatsiya (maslahat) xizmatlarini ko‘rsatish nazarda tutilmagan.

Belgilangan tartibga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkor uch nafardan ko‘p bo‘lmagan xodimlarni yollash huquqiga ega.

Kompaniya vakilining so‘zlariga ishonadigan bo‘lsak, bugunga qadar 100 mingdan oshiq talabgorlar bilan shartnomalar tuzilgan, faqat 120 nafar fuqaro ruxsatnoma olgan. Endi sog‘lom aql bilan mushohada yuritib ko‘raylik: 3 nafar shaxs 100 ming odamga xizmat ko‘rsatishga qanday ulgurishi mumkin?

4-shubha: Firma vakili tomonidan telegram orqali shartli mijoz (Kun.uz muxbiri)ga yuborilgan shartnoma ham o‘ta shubhali. Shartnoma loyihasi kelishuvning asl mohiyatidan mutlaqo uzoqda bo‘lgan bandlar bilan to‘la. Uning taraflarga (ayniqsa xizmat ko‘rsatuvchiga) majburiyat yuklovchi xech bir sharti O‘zbekiston fuqarosini Rossiyaga yuborishni nazarda tutmaydi. Aftidan, shartnoma mediamahsulot tayyorlab berish uchun mo‘ljallab tuzilgan loyihadan «o‘g‘irlangan».

Xulosa qilish mumkinki, katta ehtimol bilan o‘zbek xalqi yana bir yirik firibgarlarning tuzog‘iga o‘lja bo‘lish arafasida turibdi.  

Kun.uz ogohlantiradi!

Rossiya Federatsiyasiga kirish uchun ruxsatnoma olib berishni va'da qilayotgan har xil firmalarga ishonmang, ruxsatnomani (agar shunday tartib bo‘lsa albatta) ko‘zingiz bilan ko‘rib, qo‘lingiz bilan ushlamaguningizcha pul to‘lamang.

Tegishli idoralar ham o‘z vakolatlaridan foydalanib, shu masalani surishtirib qo‘yishsa, minglab sodda va ishonuvchan xalqimizning pullariga kuyib qolishlarining oldi olingan bo‘lar edi.

Shu o‘rinda, reklama tarqatuvchi kompaniya va messenjerlar egalaridan iltimos qilib qolardik, arzimas pul uchun ishonchli ekaniga shubha bo‘lgan xizmatlarni reklama qilish orqali fuqarolarning aldanib qolishlariga sababchi bo‘lib qolmang!

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va uning Rossiya Federatsiyasidagi vakilidan fuqarolarning RFga qanday borishlari mumkinligi haqidagi tushuntirish bilan chiqishini kutib qolamiz.

Tolib Rahmatov
Dilshod Abduqodirov

Mavzuga oid